O‘zbekiston qonunchiligiga ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik va bu kabi faoliyatni moliyalaganlik uchun bevosita javobgarlikka tortish bilan bog‘liq o‘zgartish kiritilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 11-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan galdagi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan.
Quyi palata matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, loyihani taqdim etgan bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova bugungi kunda ommaviy tartibsizliklar O‘zbekistondagi “tinchlikka putur yetkazuvchi, jamiyat osoyishtaligiga rahna soluvchi omil” bo‘lib borayotganini ta’kidlagan.
Mulozimaga ko‘ra, amaldagi qonunchilikda ommaviy tartibsizliklar tashkil qilganlik, ularda faol qatnashganlik va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida da’vat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lsa-da, ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik, ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilish bilan bog‘liq faoliyatni moliyalashtirganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri javobgarlik mavjud emas.
Ortiqovaning taqdimotidan qonun loyihasi ana “kemtikni to‘ldirish” uchun kiritilayotgani anglashiladi.
Loyiha bilan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-moddasida ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik hamda ommaviy tartibsizliklarni moliyalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilinyapti. BP mas’uli unda ko‘zda tutilgan jazo onlayn tarzdagi o‘quvlarda qatnashayotgan shaxslarga ham daxldor bo‘lishini urg‘ulagan. Ayni paytda u mazkur xatti-harakatlar uchun aynan qanday jazo chorasi ko‘zda tutilayotganiga aniqlik kiritgan emas.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-moddasida ommaviy tartibsizliklar bilan bog‘liq qator huquqbuzarliklar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdoridagi jarimadan tortib 15 yilgacha qamoq jazosigacha bo‘lgan jazo choralari ko‘zda tutilgan.
Loyiha deputatlarda e’tiroz uyg‘otmagan, ular taqdimotchiga ushbu mavzuda bitta ham savol berishmay, hujjatni birinchi o‘qishda qabul qilishgan.
Ayni paytda qonunchilikka kiritilishi kutilayotgan bu o‘zgartish fuqarolik jamiyati faollari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida turli savollarni paydo qilgan. Ular mazkur tuzatish tanqidiy fikrdagi shaxslarni jazolash uchun qo‘shimcha mexanizm vazifasini o‘tashi mumkinligidan xavotirdalar.