Bosh prokuratura Samarqand viloyatidagi “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘ida 2500 tupdan ortiq noyob va Qizil kitobga kiritilgan daraxtlar kesilgani yuzasidan jinoyat ishi ochdi.
Avgust oyida Ekologiya vazirligi Samarqand viloyati Urgut tumanidagi “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘iga noma’lum shaxslar ekskavator va buldozerlar bilan noqonuniy kirib, daraxt va butalarga zarar yetkazgani, Qizil kitobga kiritilgan o‘simliklarni payhon qilgani haqida xabar bergandi.
Prokuratura xulosasiga ko‘ra, ushbu hududda noqonuniy ravishda yo‘l ochilib, tuproqlar surilgan va buning oqibatida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 7 turdagi 1112 tup, noyob va yo‘qolib borayotgan 5 turdagi 1479 tup o‘simlik nobud qilingan. Shuningdek, 8 turdagi 64 tup daraxt va butalar kesilgan, nobud qilingan va shikastlantirilgan.
Umumiy zarar 1 milliard 115 million 907 ming so‘mni tashkil etadi.
Jinoyat kodeksining 204-moddasi (muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzish) 2-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Bosh prokuratura nazorati ekani xabar qilingan.
Ekologiya vazirligiga ko‘ra, “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘i tabiatni asrash, bioxilma-xillikni saqlash, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega obyektlardan biri hisoblanadi. Bu yerda 1300 turdan ortiq o‘simlik, noyob, qimmatbaho daraxtlar, 126 turdan ortiq umurtqali hayvon, 100 turdan ortiq qush uchraydi.
O‘simliklarning 101 turi muhofazaga muhtoj sanaladi.