Линклар

Шошилинч хабар
18 июл 2024, Тошкент вақти: 01:31

"Onamning janozasiga borolmadim". Sariog‘ochda yuzlab o‘zbek migrantlari uyiga qayta olmayapti


Qozog‘iston chegarasini noqonuniy kesib ztganlikda ayblangan yuzlab migrant bir necha kundan buyon sud qarorini kutadi. Turkiston, 4-noyabr, 2023
Qozog‘iston chegarasini noqonuniy kesib ztganlikda ayblangan yuzlab migrant bir necha kundan buyon sud qarorini kutadi. Turkiston, 4-noyabr, 2023

Turkiston viloyatining Sariog‘och tumani ma’muriy sudi binosini bir necha kundan buyon yuzlab mehnat muhojirlari o‘rab olishgan. Bola-baqrasi bilan turganlar ham bor. Ular barchasi Qozog‘istonga O‘zbekiston va Tojikistondan ish izlab kelishgan, lekin qayddan o‘ta olishmagan. Chegarachilar migrantlarning hujjatlarini tortib olib, ishlarini sudga oshirganlar. Sud devonxonasi xodimlari kuniga kamida 150 ta ish kelayotganini va ularni ro‘yxatga olishga ulgurmayotganlarini aytishmoqda.

Sariog‘och tumani ma’muriy ishlar bo‘yicha ixtisoslashgan sudi binosi oldida bir haftadan beri tumonat odam to‘planib turibdi. Bu yerda Qozog‘istonning turli hududlarida ishlaganidan so‘ng uyga qaytayotgan va mamlakatda “noqonuniy bo‘lgani uchun” ushlangan yuzlab migrantlar sud qilinmoqda.

Sariog‘och Qozog‘istonning O‘zbekistonga eng yaqin janubiy tumani bo‘lib, unga “Jibek joli” chegara maskani orqali o‘tiladi. Tuman ma’muriy markazi bo‘lmish Sariog‘och shahrida 40 mingdan ziyod odam yashaydi.

Migrantlarning birinchi oqimi 10-11 kundan beri shu yerda. Sud binosiga tutash bir necha uy hovlilarida kichik tamaddixonalar ochilgan.

Ishlab turgan “ko‘chma do‘konlar” ham migrantlar anchadan beri shu yerda qolayotganidan darak berib turadi.

Sud qarorini kutayotgan migrantlarga choy va issiq ovqat tarqatilmoqda. Sariog‘och, 4-noyabr, 2023
Sud qarorini kutayotgan migrantlarga choy va issiq ovqat tarqatilmoqda. Sariog‘och, 4-noyabr, 2023

O‘zbekistonning Jizzax shahridan kelgan va Toldiqo‘rg‘on shahrida yollanma ishchi bo‘lib ishlagan Murodxon Jalolov yuzlab odam qatori 11 kundan beri sud qaroriga mahtal. Murodxon “Jibek joli” postida chegarachilar uning “Qozog‘istonda noqonuniy bo‘lgani”ni aniqlab, ishini pasporti bilan birga sudga jo‘natishganini aytadi.

“Qurilishda ishlayman. Aprelda ishlashga ruxsatnoma olish uchun o‘rtakashlar orqali hujjat topshirgan edik. Bizga uch oyga ruxsat berildi, deb aytishdi. Uch oydan so‘ng qayta ro‘yxatdan o‘tgani kelsak, limit tugadi, deyishdi. Lekin boshlagan ishimizni tashlab keta olmadik”, dedi u 4-noyabr kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Jalolov sheriklari bilan qo‘shni uyda bitta xonani ijaraga olgan. Ular har kuni ertalab kelib, yarim kechaga dovur sud qarorini kutishadi.

“Sudda chegarachilar hali pasportingizni yetkazib berishmadi, deyishyapti. Tokaygacha kutaman axir?! Bugun o‘g‘lim uylanyapti, men esa chegaradan o‘tolmayman. Deportatsiya qilsalar ham mayli edi”, deydi migrant ko‘zlari yoshlanib.

“Bizga yordam bera oladigan kim bor?” – nafasi tiqilgancha so‘raydi Xorazm viloyati Urganch tumanidan kelgan Jasur Sharipov ismli kishi.

Aytishicha, u 2022-yili Qozog‘istonda noqonuniy ishlagani uchun 83 ming tanga jarima to‘lagan ekan. Bu yil mamlakatga Qirg‘iziston orqali kirib, qurilishda ishlabdi. Yaqinda, onasi qattiq betob bo‘lib qolganini eshitib, O‘zbekistonga qaytishga shoshilibdi:

“Kelganimga bir oy ham bo‘lgani yo‘q. Hujjatimni qayddan o‘tkaza olmadim. Onamni ko‘rib kelay deb ishdan javob so‘radim. Ammo uch kundan beri sud qarorini ololmayapman. 3-noyabrda onam qazo qildi. Janozaga bora olmadim. Jarima yozsalar, to‘layman. Deportatsiya qilsalar ham mayliga. Ammo sud o‘sha qarorini chiqarsin tezroq. Bizning dodimizga yetadigan odam bormi o‘zi?!”

Sud tevaragi gavjum, olag‘ovur. Bino qarshisida, yo‘lning u tarafidagi maydonda chamasi 300 kishi o‘z taqdiriga daxldor qaror qabul qilinishi kutmoqda.

Sud binosidan kotiblar chiqqanida olomon birdan jonlanib qoladi. Kotiblar har gal qo‘llarida pasportlar bilan eshikdan chiqishgani hamon erkaklar ular tomonga intiladilar. Politsiya migrantlardan masofa saqlashni talab qiladi. Izdihom orasidan tanlab olingan bir kishi baland ovozda pasport egalarining ismlarini o‘qiydi. Familiyasi chiqqan odam tovush beradi va eshik tomonga oshiqadi.

Ba’zan sud kotiblari familiyasini o‘qigan odamlar olomon orasida bo‘lmaydi. Shunda boshqalar ularni qistovga oladilar: “26-oktabrda kelgan ishlar qachon ko‘riladi?”, “Nega ishi 27-oktabrda kelganlar qolib, 29-oktabrda kelganlarni chaqirishyapti?”

“Kutinglar”, deya gapni kalta qilishadi kotiblar.

“Qozog‘istonda topgan pulimga Tojikistonda uy sotib oldim”

Navbatda turganlarning deyarli hammasi – Qozog‘istonga ishlab pul topgani kelgan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari. Ulardan ayrimlari ishlashga uch oylik qonuniy ruxsat olgani holda besh-olti oylab ishlashgan, qolganlar esa umuman qayddan o‘tmagan. Aksari yupun, ko‘chada tunab yurgan boshpanasizlar ham bor.

Jizzaxlik Murodxon Jalolov Taldiqo‘rg‘on shahrida ishlab kelgan.
Jizzaxlik Murodxon Jalolov Taldiqo‘rg‘on shahrida ishlab kelgan.

Ismini aytishni istamagan 35 yoshli tojikistonlik ayol 2012-yildan beri Olmaotada uy tozalash, hovli supurish, idish-tovoq va pol yuvish kabi yumushlar bilan shug‘ullanib pul topishini aytadi. Avgustda ruxsatnomasi muddati tugagach, betobligi sababli qaytadan hujjat topshirishga ulgurmapti.

“Tojikistonda ish yo‘q. Oyliklar juda kam. Qozoq puliga hisoblaganda oylik maosh 40-50 ming tanga. Bu tomoqqa zo‘rg‘a yetadi. Bu yerda oyiga 300 ming tangagacha ishlab topish mumkin. Masalan, men Qozog‘istonda ishlab topgan pulimga Tojikistonda uy oldim”, deydi ayol.

Uning yonida turgan qoraqalpog‘istonlik ayol eri bilan birga Olmaota viloyatining Yesike degan joyida dehqonchilik qilgan. Eri hujjat qilib olgan, ammo o‘zi doim ruxsatnomasiz ishlagan ekan.

“Uch bolam bor, ikkitasi maktabda o‘qiydi. Ularni bobosi va buvisiga qoldirib, er-xotin Qozog‘istonda ishlaymiz. Qandoq qilaylik axir, yashash uchun pul kerak-ku. Nukusda mardikorga kuniga 5 ming so‘m haq to‘lashadi. Buni tomog‘imizga yetkazaylikmi, yo kommunal to‘lovlargami? Qozog‘istonda esa kuniga kamida 5-10 ming tanga ishlasa bo‘ladi”, deydi u.

Er-xotin to‘rt kundan beri sud qarorini kutadilar. Kechalari mashinada uxlashadi, pulni tejash uchun non-suv bilan qorinni aldashadi.

“Kecha bu yerda oshpazlar palov pishirib, tovog‘ini ming tangadan sotishdi. Issiqqina palovga ko‘nglimiz sust ketsa ham pulni qizg‘andik. Yana qancha kutishimizni bilmaymiz, tejashli bo‘lishimiz kerak. Sabr qilib turamiz”, deydi qoraqalpog‘istonlik ayol.

Sariog‘och tumani ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ixtisoslashgan sudi ma’lumotiga ko‘ra, 10-oktabrdan beri sud “Jibek joli” chegara postidan sudga keltirilgan besh ming nafardan ortiq chet el fuqarolariga doir ishlarni ko‘rib chiqqan, yana mingga yaqin ish ro‘yxatga olingan. Har kuni taxminan 150 ta ish kelib turibdi. Aksari – O‘zbekistondan kelib, qonuniy ruxsatsiz ishlayotgan migrantlarning ishlari.

Ish hajmi haddan ziyod bo‘lgani sababli sud dam olish kunlari ham to‘liq ishlayapti. Shuningdek, Turkiston viloyati sudidan xodimlar yordamga chaqirilgan.

“Xayriyat, jarima bilan qutuladigan bo‘ldim”, yengil nafas oladi bir yigit sud zalidan chiqarkan.

“Deportatsiyaga ham, jarimaga ham roziman, dedim, ko‘nishmadi. Qozog‘istonda kelishimga besh yilga taqiq qo‘yishdi”, deydi boshqa migrant xafa bo‘lib.

Sud qarorini kutayotgan migrantlar.
Sud qarorini kutayotgan migrantlar.

O‘zbekistonlik Muslimbek Asqarov Qozog‘istonda 12 yil qurilishda ishlagan. Sud besh oy beruxsat ishlagani uchun uni ma’muriy tartibda Qozog‘istondan badarg‘a qilish to‘g‘risida qaror chiqaribdi.

“Qozog‘iston shundoqqina yonimizda. Tilini tushunamiz. Musulmon mamlakat. Chatoq bo‘ldi, endi qayerga bosh urishni bilmayman”, deydi u.

“Meni ham deportatsiya qilishdi. Ruxsatnoma muddati uch oldin tugagandi. Qayta ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lgandim, joy yo‘q deyishdi. 15 yilda birinchi marta ruxsatnoma berishmadi. Hammamizning bola-chaqa deb yuribmiz. O‘zbekistonda ish o‘rinlari kam. Endi nima qilamiz?!” – yozg‘iradi boshqa bir yigit.

Ustidan deportatsiya qarori chiqarilgan migrantlar kotiblar bu haqda ma’lum qilishganida “Yo‘-o‘-o‘q” deb qichqirishar, jarima yozilganlar esa uni to‘lash uchun “Qazpochta”ning eng yaqin bo‘limiga shoshilishardi.

Sariog‘och tumani ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ixtisoslashgan sudi raisi Berik Qaipov Ozodlikka aytishicha, sud chet el fuqarolarini Qozog‘iston Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksining “Chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Qozog‘iston Respublikasining aholi migratsiyasi sohasidagi qonunchiligini buzishi” nomli moddasi bo‘yicha jazolamoqda. Noqonuniy migrantlar odatda 86 ming tanga jarimaga tortilyapti yoki mamlakatdan badarg‘a etilyapti.

“Oktabrdan boshlab kuniga 200-300 tadan ish kelyapti. Kelgan ishlarni ko‘rib chiqish va bir kunning ichida qaror chiqarish lozim. Lekin ishlar soni juda ham ko‘p. Ularni ro‘yxatga olishga ulgurmayapmiz. Ayni paytda 800 ga yaqin ko‘rilmagan ishlar yig‘ilib qolgan. Huquqbuzarlar orasida ayollar va voyaga yetmagan bolalar ham bor”, deydi Berik Qaipov.

Рублнинг қадрсизланиши мигрантларга қандай таъсир қилди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:30 0:00

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2008-2013-yillarda Sariog‘och tumani ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ixtisoslashgan sudi yiliga chet el fuqarolariga oid 10-13 mingta ishlarni ko‘rgan. Keyinchalik bunaqa ishlar soni kamaygan. Joriy yilga kelib migratsiya sohasiga doir huquqbuzarlik ishlari keskin ko‘payib ketgan. Yil boshidan beri sudda 8 mingdan ortiq ish ko‘rilgan.

Sud vakili ma’muriy ishlar soni ko‘payganini Sariog‘och tumanidagi “Jibek joli” chegara posti bilan bog‘laydi. Qozoq-o‘zbek chegara maskanida ushlangan mehnat migrantlaridan iborat uzun navbat hosil bo‘lgan. Ko‘pchilik postdan mashinada o‘tib olish uchun navbat kutib turibdi.

XS
SM
MD
LG