Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:50

Oq uy: AQSH Eron bilan urushga intilayotgani yo‘q


Isroilga zarba berilgan tunda o‘tkazilgan AQSH Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishidan lavha
Isroilga zarba berilgan tunda o‘tkazilgan AQSH Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishidan lavha

Qo‘shma Shtatlar bundan buyon ham Isroilga tahdidlardan himoyalanishda ko‘mak ko‘rsatadi, biroq Eron bilan urushga hamda Yaqin Sharqdagi ziddiyat eskalatsiyasiga intilmaydi. Bu haqda AQSH Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi “Eronning 14-aprelga o‘tar kechasi Isroilga yuzlab dron va raketadan foydalangan holda amalga oshirgan misli ko‘rilmagan hujumiga javoban Isroilning Eronga muhtamal javob zarbasini Vashington dastaklaydimi?” degan savolga javoban bildirdi.

Tehron bu hujum Damashqdagi Eron konsulxonasiga zarbaga javob bo‘lganini bildirib, amaliyot maqsadiga erishgani va hozirda ziddiyat eskalatsiyasiga urinmayotgani, biroq Isroil Eron hududi bo‘ylab zarba bergan taqdirda, yangi, yanada kuchliroq zarbalar berishga tayyorligini iddao qilmoqda.

Avvalroq AQSH OAV Oq uydagi yuqori lavozimli mulozimlar so‘zlariga tayangan holda, AQSH prezidenti Jo Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan suhbatda Qo‘shma Shtatlar Eronga qarshi biror hujum amaliyotida ishtirok etmasligini aytgani haqida xabar qilgan. Shu bilan birga, u Netanyahuni AQSH Isroilni himoya qilish fikriga sodiq ekaniga ishontirgan. Qo‘shma Shtatlar o‘tgan tundagi Isroilga hujumni qaytarishda ishtirok etgan.

Isroil armiyasi Eron tomonidan uchirilgan jami 300 dan ziyod dron va raketaning 99 foizi urib tushirilganini ma’lum qilgan. Bu raketa va dronlarning aksariyati hatto Isroil havo hududiga kirmay turib yo‘q qilingan.

Mudofaada “Temir gumbaz” va “Dovud palahmoni” tizimlari doxil havoga qarshi mudofaa kuchlari, Isroil armiyasi qiruvchi uchoqlari hamda AQSH va Britaniyaning harbiy kemalari ishtirok etishgan. Mudofaaga havo hududi orqali Isroilga raketa va dronlar uchib borayotgan Iordaniya Qurolli kuchlari ham qo‘shilgan. Hujum ortidan Isroil Negev cho‘lidagi bitta harbiy bazaga kichik shikast yetkazilganini, hujum oqibatida qurbonlar yo‘qligi va faqat bir necha kishi yaralanganini bildirgan.

O‘z navbatida, Eron Isroildagi mo‘ljallangan harbiy hadaflarning barchasi yo‘q qilinganini qayd etgan. Bu ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topgan emas, ko‘plab sharhlovchilar esa yoppasiga berilgan zarbani qaytarish Isroil va ittifoqdoshlari havoga qarshi mudofaasining muvaffaqiyati ekanini aytishmoqda.

Isroil hukumati 14-aprel kuni Eronga nisbatan muhtamal javob variantlarini muhokama qilgan. OAV xabarlariga ko‘ra, keskin javob tarafdorlari bevosita Erondagi obyektlarga zarba berishni taklif qilishgan. The New Times gazetasi iddaosiga ko‘ra, bunday zarbaga hozirlik ko‘rilgan, biroq Netanyahu bilan Bayden o‘rtasidagi telefon suhbatidan keyin, AQSH tomoni fikrini hamda Eron hujumi Isroilga biror-bir sezilarli zarar yetkazmaganini hisobga olib, bekor qilingan yoki kechiktirilgan. Nashr bu ma’lumotlar o‘z manbalaridan olinganini xabar qilgan, bu haqda rasman hech qanaqa ma’lumot tarqatilgan emas.

Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant tomonidan yakshanba kuni tarqatilgan bayonotda endilikda Isroilda Eron tahdidiga qarshi, jumladan, Tehron tomonidan yadroviy qurol yaratilishi xavfiga qarshi “strategik ittifoq” tuzish imkoniyati paydo bo‘lgani bildirilgan. Eronga qarshi “mintaqaviy koalitsiya” tuzilishi haqida isroillik harbiy mulozimlardan yana biri Benni Gans ham bildirgan. Unga ko‘ra, Isroil Eronga “o‘zi xohlagan paytda va o‘zi xohlagan shaklda” javob qaytaradi. Bu mulohazalar Eronga zudlik bilan javob qaytarish hozirgi paytda Isroil uchun ustuvor vazifa emasligini anglatishi mumkin.

Agentliklar yakshanba kuni Eron Isroilga zarba berishdan avval bu haqda AQSHning NATOdagi ittifoqdoshi Turkiyani ogohlantirgani, AQSH esa o‘z navbatida Turkiya orqali Tehronga zarba “muayyan chegaradan chiqmasligi”ni kutayotganini bildirgani haqida yozishgan.

So‘nggi kunlarda ommaviy axborot vositalari AQSH hukumatidagi manbalar so‘zlariga tayangan holda Eron yaqin kunlar ichida yuzlab dron va o‘nlab raketadan foydalangan holda Isroildagi harbiy hadaflarga zarba berishi mumkinligi haqida xabar qilishgan edi.

XS
SM
MD
LG