Donald Tramp ma’muriyati 28-yanvar kuni davlat muassasalarida shtatlarni qisqartirmoqchi ekani to‘g‘risida qariyb ikki million davlat xizmatchisiga ogohlantiruv xati yo‘llagan hamda manfaatdorlarga sakkiz oy mobaynida oylik maosh va boshqa imtiyozlarni saqlab qolgan holda o‘z ixtiyori bilan ishdan bo‘shash imkoniyatini taqdim etgan.
Elektron pochta orqali yo‘llangan xatda davlat muassasalarning aksariyatida shtatlar qisqarishi ehtimoli kattaligi, masofadan turib ishlaganlardan ofisdagi o‘z ish joylariga qaytish talab qilinishi, shtatlarni qisqartirish yoki ishdan bo‘shatish jarayonini osonlashtirish uchun esa xizmatchilardan katta qismining maqomi o‘zgartirilishi aytilgan.
Rasmiylar hisob-kitobiga ko‘ra, bu taklifdan davlat xizmatchilarining 5 foizdan 10 foizgachasi foydalanishi mumkin, bu esa 100 milliard dollargacha mablag‘ tejalishi uchun imkon yaratadi. Bu taklif milliy xavfsizlik bilan bog‘liq tuzilmalar xodimlari va harbiylarga daxldor emas.
The New York Times gazetasi Oq uyning bu g‘ayriodatiy qadamini federal byurokratiyaga “qarshi ro‘paradan qilingan hujum”, deb atagan. Vazirliklar sonining muhtamal kamayishi doxil davlat xizmatlari shtatlarining qisqarishi Donald Trampning saylovoldi va’dalaridan biri edi.
Davlat xizmatchilarini birlashtiruvchi kasaba uyushmasi rahbari Tramp ma’muriyatining bu tashabbusini qattiq tanqid qilib chiqdi. U mazkur qadamni “federal hukumatni tozalash” deb atab, u normal faoliyat yuritayotgan hukumat xizmatlariga bog‘liq bo‘lgan amerikaliklar uchun salbiy oqibatlarga ega bo‘lishidan ogohlantirgan.
Tahlilchilar qaydicha, Donald Tramp ma’muriyati bu ishni amalga oshirishda to‘sqinliklarga duch kelishi mumkinligi, chunki federal qonunlarda ishdan bo‘shatilgan xodimlarga Oq uy taklif qilayotganidan ko‘ra kamroq to‘lov belgilangan. Ayni paytda hukumat shtatlarni qisqartirish va davlat xizmatchilarini ishdan bo‘shatish imkoniyatini sezilarli darajada cheklovchi kollektiv mehnat shartnomalarini e’tiborga olishiga to‘g‘ri keladi.