Azerbaijan Airlines (AZAL) aviashirkati “Ukraina dronlari hujumlari chog‘ida Qozon uzra havo hududi muntazam ravishda yopilayotgani” tufayli Bokudan Qozonga aviaqatnovlarni to‘xtatadi. Aviashirkat vakillari mazkur qarorni Tatariston poytaxtiga parvozlar xavfsizligini ta’minlash imkonsizligi bilan izohlashgan.
Avvalroq AZAL xuddi shunday sababga ko‘ra Sochi, Grozniy, Mahachqal’a, Mineralniye Vodi, Vladikavkaz, Nijniy Novgorod, Samara, Saratov, Ufa va Volgograd bilan aviaaloqani to‘xtatib qo‘ygan edi. Bokudan Moskvaga reyslar hozircha to‘xtatilgani yo‘q.
O‘tgan yilning 25-dekabrida Azerbaijan Airlines aviashirkatining Bokudan Grozniyga parvoz qilayotgan uchog‘i Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida qulab tushgan edi. Aviahalokat chog‘ida 38 kishi qurbon bo‘lgan. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev avariya uchun mas’uliyatni “Rossiya Federatsiyasi vakillari”ga yuklab, Rossiyadan aybdorlarni jazolash va rasman uzr so‘rashni talab qilgan.
Aviahalokat tergovi hali tugagani yo‘q, biroq, aksar ekspertlar fikricha, unga Grozniy osmoni uzra zenit raketasi unsurlaridan yetgan shikast sabab bo‘lishi mumkin. O‘sha paytda, iddaoga ko‘ra, Checheniston poytaxtiga dronlar hujum qilayotgan bo‘lib, havodan mudofaa tizimi ishlab turgan edi.
Rossiya rasmiylari aviahalokat sabablari hamda sodir bo‘lgan voqeaga javobgar ekanlari haqida rasmiy bayonot berishgan emas. Vladimir Putin Aliyevdan uchoq bilan bog‘liq noxush holat Rossiya havo hududida sodir bo‘lgani uchungina uzr so‘ragan.