Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:47

Kambag‘allikni qisqartirish vazirligi "755 ming dollarlik" sayt bo‘yicha ichki tekshiruv boshladi


AKT vaziri Sherzod Shermatov REALSOFT shirkati rahbarlari bilan.
AKT vaziri Sherzod Shermatov REALSOFT shirkati rahbarlari bilan.

O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi vakili Ozodlikka “Onlayn mahalla” platformasi uchun 8,4 mlrd so‘m to‘langani yuzasidan ichki tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.

O‘tmishda qimmat mashina va kartinalar xarid qilgani uchun tanqid qilingan vazirlik o‘tgan hafta yana bir mojaro markazida qoldi.

Vazirlik huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi “Onlayn mahalla” platformasini ishlab chiqish uchun 8,4 mlrd so‘m (755 ming dollar) sarflagani o‘rtaga chiqdi.

Davlat xaridlari elektron tizimiga joylangan hujjatlarga qaraganda, online-mahalla.uz platformasini yaratish uchun Realsoft kompaniyasi hech qanday tendersiz istisno tariqasida tanlab olingan.

"online-mahalla.uz platformasini yaratish uchun Realsoft kompaniyasi hech qanday tendersiz tanlab olingan.
"online-mahalla.uz platformasini yaratish uchun Realsoft kompaniyasi hech qanday tendersiz tanlab olingan.

Bunga Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-dekabrdagi 820-F-son qarori asos qilib keltirilgan.

Vazirlik tekshiruv boshlagan

O‘zbekistonda online-mahalla.uz platformasi yaratilishi uchun davlat byudjetidan 755 ming dollar (8 milliard 400 million so‘m) tendersiz to‘langani tarmoqlarda shov-shuv bo‘lishi ortidan vazirlik bu borada tekshiruv boshlaganini bildirdi.

O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi axborot xizmati vakili Ozodlik bilan suhbatda “hozir buncha pul qanday to‘langani o‘rganilyapti, natijasi yaqin kunlarda jamoatchilikka ma’lum qilinadi”, dedi.

Soha mutaxassislari sayt yaratish uchun 755 ming dollar “astronomik” narx ekanini aytib chiqishdi.

O‘zbekistonlik dasturchi Vohid Abduhakimov Facebook sahifasida “sayt musordan farqi yo‘q, biz bir necha oy avval huddi shunday saytni $600ga yasab bergan edik”, deb yozdi.

Ismi ochiqlanmasligini istagan boshqa o‘zbekistonlik mutaxassis esa Ozodlik bilan suhbatda bu davlat mablag‘larini o‘zlashtirish sxemasi bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratdi:

“Saytni yaratgan Realsoft shirkati saytiga kirsangiz, Prezident administratsiyasi saytini ham, boshqa vazirliklar saytlarini ham ular qilib bergani aytilgan. Nega vazirliklar sayt yaratish uchun aynan shu shirkatga buyurtma beradi? Bu yerda davlat mablag‘larini o‘zlashtirish sxemasi yo‘q deb kim kafolat beradi? , deydi mutaxassis.

Davlat xaridlari elektron tizimiga joylangan hujjatlarga qaraganda bitim korrupsiyaga qarshi va gender ekspertizasidan o‘tkazilgan.

“Sayt emas bu!”

Realsoft rahbari muovini Hayot Nasrullayev Ozodlik muxbiriga online-mahalla.uz sayti nega bunchalik qimmat baholanganini uning sayt emas, balki platforma ekani hamda boshqa murakkabliklar bilan tushuntirdi:

“Birinchidan bu sayt emas, platforma. “Onlayn mahalla” elektron platformasi hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida davlat organlari va tashkilotlarining ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalashgan xolda yaratildi. Butun hokim yordamchilari, bilasiz 10 mingga yaqin hokim yordamchilari bor. Bu platformani yaratishdan maqsad ular faoliyatini avtomatlashtirish. Bu informativ sayt emas, shartnomada ham ko‘rishlaringiz mumkin. 11 ming odam har kuni ish qiladigan platforma bu.

26ta moduldan iborat, shulardan bittasi qabulxona. 35ta vazirlik va idora bilan integratsiya bo‘lgan platforma.

Shu bir oy muddatda yaratilsin, deyildi. Bir oyda minimal funksiyalar bilan ishga tushirib berdik. 45 ta xodimimiz shuni ustida tinimsiz ishladi. Boshqa vazirliklarga ham qilib berganmiz, o‘ta murakkab onlayn platformalar bular. Shartnomaga ko‘ra, tizim ikki yil davomida kompaniyamizning 45 nafar mutaxassisi tomonidan doimiy kengaytirilib, takomillashtirish ishlari olib boriladi va texnik qo‘llab-quvvatlanadi”, - dedi Hayot Nasrullayev.

Realsoft shirkati O‘zbekistondagi boshqa bir qator vazirlik va idora saytlari ni ham yaratgan.

Shirkat rasmiy saytidagi ma’lumotlarda ularning mijozlari orasida Prezident administratsiyasidan tortib ko‘plab vazirlik va banklarni ko‘rish mumkin.

Realsoft shirkati O‘zbekistondagi boshqa bir qator vazirlik va idora saytlari yaratuvchisidir.
Realsoft shirkati O‘zbekistondagi boshqa bir qator vazirlik va idora saytlari yaratuvchisidir.

Ikki yil avval Ozodlik O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi qimmat narxda kartinalar sotib olgani, besh oy ichida yuzlab million so‘mlik davlat mablag‘ini kartina sotib olishga sarflagani uchun tanqid qilingandi.

Ijtimoiy himoya organi yo‘q

O‘tmishda O‘zbekiston hukumati mamlakatda qashshoqlik muammosi borligini rad etib kelgan. Mirziyoyev hokimiyat kelgach garchi qashshoq emas, kambag‘al iborasi tanlangan bo‘lsa-da, muammo nafaqat tan olindi, balki kambag‘allikka qarshi kurashuvchi alohida vazirlik ham tashkil qilindi.

Ushbu vazirlik vaqti-vaqti bilan mamlakatda kambag‘allar soni qanday qisqartirilayotgani, turli tuman "daftar"lar aholining kambag‘al qatlamlari turmushini qay tarzda yaxshilayotganiga doir rasmiy statistikani e’lon qilib keladi.

Kambag‘allarning aniq soni bo‘yicha rasmiy raqam yo‘q, prezident Mirziyouev 2019-yilda mamlakatda kambag‘allar soni "4-5 million odam" ni tashkil etishini aytgan edi. 2000-yillar boshida Jahon Banki O‘zbekiston aholisining uchdan biri qashshoqlik darajasidan past turmush kechirishini aytgan.

Undan keyingi o‘n yillikda O‘zbekistonning yillik yalpi ichki mahsuloti o‘sish hajmi yiliga o‘rtacha 7-8 foizni tashkil etgan, ammo ekspertlar YaIM o‘sishi aholining real daromadlarida aks etmaganini aytishadi.

Ammo davlat boshqaruvi bo‘yicha ekspert va bloger Aziza Umarovaning yozishicha, mamlakatda davlatning ijtimoiy siyosatini muvofiqlashtiruvchi organ mavjud emas.

“2016-yil mart oyidan boshlab mamlakatda ijtimoiy himoya organi mavjud emas. Xotin-qizlar qo‘mitasi bor edi. Keyin uni yopishdi. Ijtimoiy himoya vazirligini tashkil etish tavsiya etildi. Buning o‘rniga ular Mahalla vazirligini ochishdi, bu ham umidlarni oqlamadi. Ijtimoiy himoya vazirligini tashkil etish tavsiya etildi. Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasini ham gum qilishdi. Ijtimoiy himoya vazirligini qanday tuzish haqida maslahatlar berildi va hatto bir tonna hujjat (2, 5 yillik tahliliy ish) taqdim qilindi.

Buni ham rad etishdi. Ijtimoiy dasturlar organi professional vazifalarga ega bo‘lishi kerak. Mamlakatda ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish va muayyan ish metodologiyasi bilan professional ijtimoiy xizmatni rivojlantirish kerak. Sotsial xodimlar yillar davomida yuzlab o‘z joniga qasd qilish xollarining oldini olishi mumkin edi. Qamoqxonada kaltaklangan o‘sha 15 yoshli bola bilan ham militsiya bo‘limi emas, balki professional ijtimoiy xodimlar shug‘ullanishi kerak edi”.

Xalqaro ekspertlarga ko‘ra, O‘zbekiston Sovet Ittifoqidan ijtimoiy himoyaning kompleks tizimini meros qilib olgan, mamlakatda ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan strategiya va yagona qarash mavjud emas.

Xalqaro mehnat tashkiloti, UNICEF va Jahon banki 2020-yildagi hisobotida ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimi turli institutlar o‘rtasida bo‘linib ketgan, ularning hech birida ushbu sohada koordinatsiya, integratsiya va yagona davlat siyosatini amalga oshirish mas’uliyati yo‘q.

“Masalan, Moliya vazirligi Pensiya jamg‘armasi uchun mas’uldir va ijtimoiy dasturlarga xarajatlarni nazorat qiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (2017-yilgacha - Mehnat vazirligi)

va ijtimoiy himoya) bandlik va faol mehnat bozori dasturlari uchun mas’ul va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi umumiy siyosatni belgilash vakolatlariga ega.

Sog‘liqni saqlash vazirligi aholi salomatligi bilan bog‘liq dasturlarni amalga oshiradi. Har bir muassasa vertikal tashkiliy tuzilmaga ega bo‘lsa-da, dasturlar va sxemalar o‘rtasida gorizontal aloqalar mavjud emas.

Ana shunday tarqoqlik natijasida dasturlar noaniqlik holatiga tushib qolgan”, deyiladi Xalqaro mehnat tashkiloti, UNICEF va Jahon banki mutaxassislari O‘zbekiston ijtimoiy himoya tizimini tahlil qilgan hisobotda.

XS
SM
MD
LG