Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:39

O‘zbekistonlik hakam kotibi bilan qochib ketdi


Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanlararo fuqaroviy sudi raisi Xolmuhammad Otaxonovning qochib ketgani aytilmoqda.

Sudya qamoqqa tushmaslik uchun qochishni ma‘qul topdi

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanlararo fuqaroviy sudi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Xolmuhammad Otaxonov pora olganlikda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilish va qamoqqa olinishdan qochib, yashiringan.

Ushbu holatni o‘rganayotgan Toshkentdagi Ekspert ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilovga ko‘ra, Otaxonov pora olayotgan payti qo‘lga tushgan.

- Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek fuqaroviy ishlar bo‘yicha sudi raisi Otaxonov o‘zining erkak kishi bo‘lgan kotibi orqali fuqarolik ishlaridan birida pora talab qilib pora olaëtganida qo‘lga tushish holati bo‘lgani uchun qochib ketgan. Biz eshitganimiz sababi shu. Sud kotibi ham, sud raisining o‘zi ham qochib ketganining sababi mana shu pora olish bilan bog‘liq bo‘lgan, ularga xavf solaëtgan jinoyat ishi, deydi huquq faoli.

Suhrob Ismoilovga ko‘ra, tafsilotlar ochiqlanmayotgani uchun pora olayotgan payti ushlangan Xolmuhammad Otaxonov qanday qilib, qochishga muvaffaq bo‘lgani noma‘lumligicha qolmoqda.

Sudya Otaxonovning kotibi bilan birgalikda qochib ketgani haqida o‘z manbalariga tayanib xabar tarqatgan Uzmetronom.com sayti ma‘lumotiga ko‘ra, Xolmuhammad Otaxonov iqtisodiy jinoyat sodir etgan bir shaxsning davlat foydasiga musodara qilingan qimmatbaho xorij mashinasinini qayd etish ro‘yxatidan o‘chirish evaziga pora olgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilib, qamoqqa tushishdan qochib, yashiringan.

Mirzo Ulug‘bek tumanlararo fuqaroviy sudining navbatchi xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, ayni paytda sud raisi lavozimi bo‘sh turgani va Otaxonov ishdan bo‘shatilganini tasdiqladi. Biroq u qo‘shimcha tafsilotlarga to‘xtalishni xohlamadi.

Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasining navbatchi xodimiga ko‘ra, sudya Otaxonov ishi bilan prokuratura emas, balki sudning yuqori idoralari shug‘ullanmoqda. Biroq aynan qaysi sud idorasi bu ishni o‘rganayotgani ma‘lum qilinmadi.

Sudya Otaxonov bilan bog‘liq voqeadan xabardor manbaning aytishicha, Xolmuhammad Otaxonov avval O‘zbekiston Oliy sudida ishlagan va bir oy oldin Mirzo Ulug‘bek tumanlaro sudi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan bo‘lgan.

Otaxonov raisligida o‘tishi kerak bo‘lgan sud majlislaridan birida advokatlik qilayotgan, ismi oshkor qilinishini istamagan himoyachiga ko‘ra, 9 avgust kuni Xolmuhammedov raisligidagi sud majlislari hech bir izohsiz noma‘lum muddatga qoldirilgan.

Ayni paytda sudya Otaxonovning o‘z kotibi bilan O‘zbekiston ichkarisida yashiringanmi yoki mamlakatni tark etgani ham noma‘lum qilmoqda.

"Poraxo‘rlar"ga qarshi saylanma kurash boshlandi

Keyingi oylarda mansabdor shaxslar, huquq-tartibot idoralari xodimlarining pora bilan ushlanish holatlari ko‘payotgani kuzatilmoqda.

Huquq faoli Shoira Sodiqbekovaga ko‘ra, Toshkentning birgina Uchtepa tumanida keyingi bir necha oy davomida shu kabi holatlardan bir qanchasi sodir bo‘lgan.

- Uchtepa tuman sudida advokat bor edi G‘ayrat Ahmedov degan. Shuni 10 ming dollar pora olaëtgan joyda ushlashibdi. Hozir qamoqda ekan. Ikki hafta bo‘libdi Uchtepa tuman ROVDsida jinoyat qidiruv bo‘limining uchta xodimini ushlashibdi pora bilan. Ularning ikkitasini ushlab olib ketishibdi, uchinchisi qochib ketibdi. Uch oy oldin ham Uchtepa tuman Ichki ishlar bo‘limining xodimi bor edi. Ugolovniy roziskdan u ham valyutchiklardan pora olaëtgan paytda qo‘lga tushibdi, uni ham qamab qo‘yishgan. Hozir qamoqda, deydi huquq faoli Shoira Sodiqbekova.

"Poraxo‘rlarni ushlash statistika uchun qilinayapti"

Huquq faoli Suhrob Ismoilovga ko‘ra, keyingi paytda pora bilan ushlash holatlari “Korrupsiyaga qarshi kurash milliy dasturi” doirasida amalga oshirilmoqda.

- Oxirgi 6-7 oy ichida O‘zbekistonda juda ko‘p mansabdor shaxslarga nisbatan, sudlar, prokuratura xodimlari, hokimiyat vakillariga nisbatan aynan poraxo‘rlik bo‘yicha ushla-ushlalar ko‘payib ketgan. Ko‘proq tuman va shahar darajalarida shunaqa ishlar ko‘payib ketgan. Biz o‘ylaymizki, bu hozir amalga oshirilaëtgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish miliy dasturi” bo‘yicha ko‘rsatkichlarni ko‘paytirish borasida qilinaëtgan ishlar bo‘lsa kerak.

Bu dasturning natijasi korrupsiyaning eng katta shakllariga, kuchli elitaga tegishli bo‘lgan korrupsiya ishlarini qo‘zg‘atish, jamoatchilik diqqat-e‘tiboriga olib kelishga hozircha bu dasturning kuchi yetadi¸ deb o‘ylamaymiz. Hozircha quyi va o‘rta pog‘onaga shunaqa hujum kuchaytirilgan. Biz o‘ylaymiz¸ asosiy sabablaridan biri bu davlat sistemasiga signal jo‘natish, korrupsiya holatlariga hushërlik kuchaytirilganligi to‘g‘risida. Albatta¸ mana shu dasturning yaxshi bajarilganini e‘lon qilish uchun ommaviy axborot vositalarida va davlat boshlig‘i oldida statistik ko‘rsatkichlarni ko‘paytirish maqsadida qilinayapti bu ishlar, deydi Cuhrob Ismoilov.

So‘nggi oylarda pora bilan ayblanganlardan ayrimlari ro‘yxati:

Yaqinda Toshkent shahar Yakkasaroy tuman fuqaroviy ishlar bo‘yicha sudi sudyasi 25 yoshli Doniyor Po‘latov 200 AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytda Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

Joriy yilning mayida Qo‘qon shahar hokimining sobiq o‘rinbosari Rashid Nurmatov pora olganlikda aybdor deb topilib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

May oyining boshida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari Oqdaryo tuman prokurori Tal‘at Abduholiqzodani 12 ming AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytda hibsga olgan edi.

Joriy yilning aprel oyida Jizzax viloyat Soliq boshqarmasining transport bo‘limi boshlig‘i Shirin Abdurahmonov va soliq inspektori Dilshod Mahkamovlar ham pora olganlikda aybdor deb topilib, 12 va 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

O‘tgan yil dekabrida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 2011 yilda korrupsiyaga qarshi kurash kuchaytirilishidan ogohlantirgan edi.
XS
SM
MD
LG