Линклар

Шошилинч хабар
25 июн 2021, Тошкент вақти: 03:08

OzodDayjest: “2,7 trillionlik o‘g‘rilik” – Davlat byudjeti nazorat tizimi samarasiz deb baholandi


Davlat xizmatchilariga mol-mulk bo‘yicha bir martalik amnistiya beriladi. Quyi palata spikeri o‘rinbosari davlat byudjetining moliyaviy nazorat tizimini tanqid qildi. “Murdani so‘roq qilgan” sudya hali ishdan bo‘shatilganicha yo‘q. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Akmal Burhonov: Davlat xizmatchilariga mol-mulk bo‘yicha bir martalik amnistiya berilishi mumkin

O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining mol-mulki, daromadlari va xarajatlarini deklaratsiyalash tartibi 2022 - yildan joriy qilinishi mumkin. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi rahbari Akmal Burhonov ma’lum qildi (www.kun.uz, 29 - may).

Qayd etilishicha, deklaratsiyalash tartibi joriy etilgunga qadar muddat uchun amaldorlarning mol-mulkiga amnistiya berilishi ko‘zda tutilmoqda.

“Davlat xizmatchisi shu paytgacha olgan, yiqqan mol-mulkini deklaratsiyaga kiritsa, manbasini qanday isbotlab beradi? O‘n-o‘n besh yil avval olingan mol-mulk. Uni qanday isbotlaydi? Oldimizda bu savol ham turibdi. Bizda hozir shunday taklif ham borki, xizmatchilarning qaysidir vaqtga qadar olgan daromadlari mol-mulkiga bir martalik amnistiya e’lon qilish. Ya’ni biz aytayotgan qonun 2022 - yil 1 - yanvardan kuchga kirsa, davlat xizmatchisi 1 - yanvargacha bo‘lgan mol-mulkining manbasini deklaratsiyada ko‘rsatishi, isbotlashi shart emas. 2022 - yil 1 - yanvardan boshlab esa u qilgan har bir xarajati, mol-mulkini qaysi pulga olgani, qayerga sarflagani va u pul qayerdan kelganini isbotlay olmasa, javobgarlikka tortiladi”, degan A.Burhonov.

Davlat xizmatchisining qaynota-qaynonasidan tortib boshqa qarindoshlarining ham mol-mulki deklaratsiyaga kiritish taklifi bildirilgan edi.

A. Burhonovga ko‘ra, mulk daxlsizligi tamoyilini inobatga olgan holda deklaratsiya doirasiga davlat xizmatchisining o‘zi, turmush o‘rtog‘i va ota-onasining mol-mulkini kiritish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov amaldorlarning xarajatlari, uyi, mashinasi, kiyim-kechagu soatigacha nazorat qilinishi lozimligi haqida gapirgan edi.

Spiker o‘rinbosari: Davlat byudjetining nazorat tizimi samarasiz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatov davlat byudjetining moliyaviy nazorat tizimini tanqid qildi (“Mahalla” gazetasi, 29 - may). Bu haqda u byudjet yakunlari to‘g‘risidagi hukumat hisoboti muhokamasida gapirgan.

“Byudjet ijrosi bilan bog‘liq nazorat tadbirlari davomida kamomad va moliyaviy xatoliklar yildan-yilga ko‘payishi kuzatilmoqda. Bu davlat byudjeti ijrosi bo‘yicha amaldagi moliyaviy nazorat tizimi samarasiz ishlayotganini ko‘rsatmoqda. Davlat moliyaviy nazorati to‘g‘risida qonun loyihasi ishlab chiqilmagan, ijro muddati kechiktirilgan. Ta’sirchan qonun bo‘lmasa, moliyaviy nazorat tizimi zamon talablari darajasida ishlashi qiyin”, degan U. Inoyatov.

Spiker o‘rinbosariga ko‘ra, byudjet ijrosidagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun byudjet ijrosiga nisbatan tanqidiy yondashuvni kuchaytirish, vazirlik-idoralar rahbarlari zimmasiga shaxsiy javobgarlikni yuklash, hukumat esa yuzaga kelgan salbiy holatlarni chuqur tahlil qilishi va ta’sirchan choralar ko‘rishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva yuqori palataning joriy yil 23 - apreldagi yalpi majlisida oxirgi uch yilda byudjet mablag‘lari hisobidan noqonuniy xarajatlar oshib borayotganiga e’tibor qaratgan edi. T. Norboyevaga ko‘ra, 2019 - yilda 1,1 trillion, 2020 - yilda esa 2,7 trillion so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingan.

Xorazm: “murdani so‘roq qilgan” sudya hamon qozilik qilmoqda

Bir necha yil avval murdadan “ko‘rsatma olgani” bilan tilga tushgan sudьya J. Sultonova hamon Xorazm viloyati ma’muriy sudining sudьyasi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda (“Rost24”, 1 - iyun).

31 - may kuni Toshkentda Sudyalar oliy kengashi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Rost24” muxbiri ayni vaziyat yuzasidan izoh so‘ragan. Anjumanda ishtirok etgan kengash vakillarining matbuotda e’lon qilingan shov-shuvli maqoladan keyin ham holatdan xabari yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Kengash matbuot kotibi “murdani tiriltirgan sudya” bo‘yicha alohida o‘rganish olib borilishi va natijasi bo‘yicha axborot berilishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz nashri 2018 - yilda marhum Mahbuba Quryazova tirilib, sudda ko‘rsatma bergani haqidagi “mo‘’jizaviy holat”ni fosh etgan edi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudida da’vogar M. Quryazovaning eri Furqat Boltayev bilan nikohdan ajratish haqidagi arizasi ko‘rib chiqiladi. Bu paytga kelib M. Quryazova allaqachon vafot etgan edi. Ammo sud raisi J. Sultonova va kotib X. Matyaqubov imzolagan hujjatda marhuma M. Quryazova sud majlisiga kelgani bayon etilgan.

“Qabrda yotgan odamning sudga qanday kelgani va unga qanday qilib tushuntirish berilganini bilmaymiz. Ammo bu haqdagi hujjat qo‘limizda mavjud”, deb yozgan edi nashr.

XS
SM
MD
LG