Линклар

Шошилинч хабар
12 май 2021, Тошкент вақти: 20:34

OzodDayjest: Adliya vaziri amaldorlarning ko‘chmas mulk va mashinalariga doir ma’lumotlar ochiqlanishi lozimligini aytdi


Adliya vaziri Ruslanbek Davletov

Xalq demokratik partiyasi sovetcha qarashdan hamon voz kechmagani iddao qilindi. Adliya vaziri eskicha ishlashga o‘rgangan ayrim mansabdorlar va tashkilotlarni tanqid qildi. OAV rahbarlari tahririyatlar zimmasidagi soliq stavkalari yuqoriligidan shikoyat qilishdi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

“Ayrim deputatlar hamon sovetcha qarashga sodiq” – Davlat tili haqidagi qonun muhokamasi ziyolilarda xavotir uyg‘otdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida kechayotgan “Davlat tili xaqida”gi qonun loyihasi muhokamasini ziyolilar xavotir bilan kuzatmoqda. Jumladan, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov loyiha muhokamasidan tashvishga tushganini ma’lum qilgan. Bu haqda Telegramdagi Platforma.uz kanali xabar berdi.

Gap shundaki, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov qonun loyihasi muhokamasida Xalq demokratik partiyasining sovetcha qarashlari ustuvorlik qilayotgani, davlat tili maqomini oshirishga qaratilgan jiddiy talablarga e’tiroz bildirilayotgan haqida ma’lum qilgan edi. A. Qodirov bu ketishda 11-moddadagi davlat xizmatchisiga davlat tilini bilish, 13-moddadagi davlat idoralari arizalarni davlat tilida qabul qilishi va javob berishi haqidagi talablar chiqarib tashlanishini taxmin qilgan.

Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov mazkur qonun loyihasiga deputatlarning e’tiborsizligi millatga xiyonat ekanini ta’kidlagan.

“Hurmatli deputatlar! Sizlar muhokama qilayotgan qonun Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda “dunyoda millatimizning borligini ko‘rsatuvchi” ona tilimizning ravnaqi, rivoji, nufuzi, mavqei, kelajagi uchun naqadar ahamiyatli ekanini unutmang. Ehtimol, ko‘p qonunlarni tushunib-tushunmay, nomiga tugmachani bosib o‘tkazib o‘tirgandirsiz, lekin bu qonunga bunday munosabatda bo‘lishingiz millat uchun xoinlik hisoblanadi. Sizlardan iltimos, boshqa davlatlar qonunlarini yaxshilab o‘qing, vaqtingizni ayamang, mulohaza qiling. Qo‘shnilarimizda yashovchi millatdoshlarimiz qozoq, qirg‘iz, turkman tillarini majburan o‘rganyapti-ku! Hatto Turkmanistonda o‘zbek maktablari yopilib ketganiga 15 yil bo‘ldi. Ular boshqa millatlar xafa bo‘lib qolmasmikan deb o‘tirishgani yo‘q, o‘z tili haqida qayg‘uryapti”, degan u.

Ma’lum bo‘lishicha, e’tirozlar ortidan qonun loyihasi qayta ko‘rib chiqish uchun qo‘mitaga qaytarilgan.

Adliya vaziri: O‘zbekistonda raqamlashtirishga qarshi yashirin qarshiliklar mavjud

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov O‘zbekistonda raqamlashtirishga qarshi yashirin qarshiliklar mavjudligini qayd etdi. Bu birinchi navbatda eskicha ishlashga o‘rgangan ayrim mansabdorlar va tashkilotlarga taalluqli. Vazir bu haqda “Tashkent Law Spring” II xalqaro yuridik forumining ochilish marosimida aytib o‘tdi (www.gazeta.uz, 22 - aprel).

“Albatta, jamiyat xohlayotgan ochiqlik, hisobdorlik, byurokratiya va korrupsiyadan xoli bo‘lishni barcha tashkilotlar bir xilda tushunmaydi va qabul qilmaydi”, dedi R. Davletov.

Vazirga ko‘ra, byudjet pullari sarflanishi shaffofligi ta’minlanishi, shu bilan birga, amaldorlarning ko‘chmas mulk va mashinalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiqlanishi kerak.

Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov amaldorlarning xarajatlari, uyi, mashinasi, kiyim-kechagu soatigacha nazorat qilinishi lozimligi haqida gapirgan edi.

Adliya vaziri R. Davletov o‘tgan hafta iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan suhbatda O‘zbekiston qonunlarida barcha fuqarolarga tenglik belgilangani, ammo ijro tizimida juda katta muammolar borligini tan olgan edi.

“Bizning qonunchilik sifat va belgilangan norma nuqtai nazaridan universal xarakterga ega. Qandaydir elita qismi manfaatiga qaratilmagan bo‘lsa ham, lekin ijro bilan muammo bor. Qonunchilik bir xilda qo‘llanishi kerak. Siz qaysi viloyat yoki tumanda bo‘lsangiz ham, qonun kuchiga tayanib harakat qilishingiz kerak. Ya’ni ijro har xil bo‘lsa, parokandalikka olib keladi”, degan vazir.

“Oyoqdagi kishan”: Tahririyatlar hukumatdan soliq imtiyozi so‘ramoqda

O‘zbekistondagi bir qator ommaviy axborot vositalari rahbarlari tahririyatlar zimmasidagi soliq stavkalari miqdori yuqori ekani, buning salbiy oqibatlari va ularning echimi haqida gapirdi, deb xabar berdi Kun.uz nashri.

“Masalan, respublikadagi yirik ishlab chiqaruvchi bo‘lgan GM O‘zbekiston yoki OKMK qanday soliqqa tortilsa, saytlar ham shunday soliqqa tortib kelinmoqda. Vaholanki, yuqorida nomlari ko‘rsatilgan yirik ishlab chiqaruvchilar o‘zlari mahsulot ishlab chiqarib, uni realizatsiya qilishadi. Saytlar faqat axborot ishlab chiqaradi, uning realizatsiyasi amalda mavjud emas, ya’ni o‘quvchi saytda chiqqan axborotlarni o‘qigani uchun hech qanday pul to‘lamaydi. Bunday vaziyatda ikki xil holatdagi subyektni bir xil soliqqa tortish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi”, degan Human.uz sayti asoschisi Xurshid Daliyev.

Ham obuna, ham yetkazib berish xarajati uchun QQS to‘lash talabi tahririyatlarning iqtisodiy ahvolini battar og‘irlashtirmoqda.

Xabar.uz axborot-tahliliy portali rahbari Abdug‘ani Abdurahmonovga ko‘ra, OAVning reklama tushumlari QQS solig‘idan ozod etilishi kerak.

“Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarni ijtimoiy himoyalash maqsadida ularning oylik maoshidan ushlanadigan soliqni 50 foizga qisqartirish kerak. Shuningdek, ish beruvchidan undirilayotgan yagona ijtimoiy to‘lov yig‘imini ham qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Ahvol shu zaylda davom etaversa, bosma nashrlar ham, ko‘plab elektron nashrlar ham yopilib ketishi ehtimoldan xoli emas. Buning o‘rnini to‘ldirish esa juda va juda qiyin bo‘ladi”, degan A. Abdurahmonov.

Ta’kidlanishicha, hukumat ko‘plab tarmoqlarga preferensiyalar berayotgan bir paytda jamiyatni illatlardan tozalovchi jurnalistika sohasiga ham imtiyoz berilishi kerak.

“OAVga soliq preferensiyalarini berish bu shunchaki biznesni qo‘llab-quvvatlash emas, balki taraqqiyotning demokratik yo‘lini qo‘llab-quvvatlashdir”, degan Anhor.uz nashri bosh muharriri Lola Islomova.

XS
SM
MD
LG