Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:16

OzodDayjest: Aksilkorrupsiya idorasi o‘zbek mansabdorlarining xorijdagi mol-mulkini nazoratga olmoqchi


Aksilkorrupsiya idorasi rahbariga ko‘ra, bugungi kunda "davlat xizmatchisi bo‘lgan xohlagan mansabdor shaxs chet elda bank hisob raqamini ochishi va istalgan mol-mulkni sotib olishi mumkin".
Aksilkorrupsiya idorasi rahbariga ko‘ra, bugungi kunda "davlat xizmatchisi bo‘lgan xohlagan mansabdor shaxs chet elda bank hisob raqamini ochishi va istalgan mol-mulkni sotib olishi mumkin".

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva chaqaloqfurushlikda ayblanayotgan shaxslarga yengil jazo tayinlanayotganidan norozi. Korrupsiyaga qarshi kurash doirasida amaldorlarning yaqinlari fuqaroligini tekshirish taklif etildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Tanzila Norboyeva: “Bizni xalqaro tashkilotlar mana shu borada juda ko‘p tanqid qilmoqda”

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva chaqaloqfurushlikda ayblanayotgan shaxslarga yengil jazo tayinlanayotganidan norozi (www.daryo.uz, 9 - dekabr).

“Chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyat aybdorlarining ko‘pchiligiga qamoq jazosi o‘rniga yengil jazolar qo‘llanyapti. Bizni xalqaro tashkilotlar mana shu borada juda ko‘p tanqid qilmoqda. Ular “Qonunlarda belgilangan bo‘lsa ham sizlar jinoiy javobgarlikka tortmaysizlar” deyishyapti. Jazoni yengil berilishi xalqaro reytinglarda ham o‘rnimizni tushirib yubormoqda. Men reyting uchun ishlanglar demayapman. Lekin jinoyatchi qilmishiga yarasha jazosini olishi kerak-da. Bola sotyapti-yu, lekin yengilgina jazo olsa yoki ogohlantirish orqali ma’lum miqdorda jarima to‘lab qo‘yaqolsa, bu nima degani? Ertaga bu ishni yana qilaveradi”, - degan T.Norboyeva.

Senat raisi chaqaloq savdosiga aloqador shaxslarga nisbatan jazoni kuchaytirish lozimligini aytgan va bu borada Oliy sud hamda Ichki ishlar vazirligiga topshiriq bergan.

O‘zbekistonda oxirgi ikki yilda chaqaloq savdosi bo‘yicha 49 nafar ota-ona va 38 nafar vositachi ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Farzandini sotgan ota-onalarning 38,8 foiziga, vositachilarning esa bor-yo‘g‘i 5,2 foiziga qamoq jazosi qo‘llangan, xolos. Qolganlarga esa sinov muddati, axloq tuzatish ishlariga jalb etish kabi nisbatan yengil choralar belgilangan.

Korrupsiyaga qarshi kurash doirasida amaldorlarning yaqinlari fuqaroligini tekshirish taklif etildi

Davlat amaldorlarining xorijda mol-mulk sotib olishini tartibga solish lozim, deb bayonot berdi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov (www.kun.uz, 9 - dekabr).

“Noqonuniy boylik orttirish yoki mansabdor shaxslarning chet ellarda mol-mulklarni xarid qilishi masalalari tartibga solinmagan. Bugungi kunda davlat xizmatchisi bo‘lgan xohlagan mansabdor shaxs chet elda bank hisob raqamini ochishi va istalgan mol-mulkni sotib olishi mumkin. Bularni ham tartibga solish vaqti keldi”, - deydi A.Burhonov jurnalistlarga bergan intervyusida.

Telegramdagi Platforma.uz kanali mazkur xabarga munosabat bildirar ekan, davlat amaldorlari va ularning yaqinlari fuqaroligini ham tekshirish lozimligini qayd etgan.

“Negaki, men eshitgan uzunquloq gaplarga qaraganda, hayotimiz qo‘llariga topshirilgan katta-katta mulozimlarning yaqinlari chet el fuqarosi emish. Bu yerda ular azbaroyi mas’ul lavozimdaligi uchun bir o‘zlari yashasharmish... Bu qanaqasi, bolalari u yoqda bo‘lsa, kelajagini Yevropa yoki boshqa yurtga bog‘lagan “katta”lar bizga ichi achirmidi? Ular o‘zlari bog‘langan tilla arqonning cho‘zilib-cho‘zilib uzilishini kutishadi. Qo‘li bo‘shagan kuni bekitib qo‘ygan chiptasini olib uchib ketishadi. Shuning uchun muhim davlat ishlaridagi rahbarlar va yaqinlarining fuqaroligini ham tekshirsak, foydadan xoli bo‘lmasdi. Iloji bo‘lsa, ularga bu masalada ma’lum muddatga cheklov qo‘yish kerakdir” , - deb yozadi Platforma.uz kanali.

Prokuratura Toshkent shahri hokimligini sudga berdi

Shayxontohur tumani prokuraturasi Toshkent shahri hokimligiga nisbatan sudda da’vo ochdi (www.xabar.uz, 7- dekabr).

Gap shundaki, fuqaro Sergey Nogayning Shayxontohur tumani Alisher Navoiy ko‘chasidagi savdo rastasida joylashgan do‘koni bir necha yil avval buzib tashlangan bo‘lsa-da, sariq chaqa ham tovon to‘lanmagan.

Qayd etilishicha, oradan yillar o‘tib, nihoyat, fuqaroning murojaatiga jiddiy ravishda quloq tutildi. Prokuratura uning manfaatlarini ko‘zlab, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga da’vo kiritdi.

Toshkent shahar hokimligidan mulkdor foydasiga 1 milliard 200 million so‘m zarar undirish so‘ralmoqda.

Sud majlisi 18 - dekabr kuni boshlanishi kutilmoqda. Ishni sobiq deputat, ayni paytda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudya N.Murodov ko‘radi.

XS
SM
MD
LG