Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 11:27

OzodDayjest: Aksilkorrupsiya kurashi doirasida amaldorlarning uyidan tortib kiyimigacha nazorat qilish taklif etildi


O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqov
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqov

Bosh vazir muovini amaldorlarning daromadlari deklaratsiya qilinishiga doir qonun loyihasini ijobiy baholadi. O‘zbekistondagi eng baland inshoot bo‘lishi kutilayotgan “Nest one” binosi Toshkent uchun katta muammo tug‘dirishi ham mumkin. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasini yana bir xalqaro grossmeyster tark etishi mumkin. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Bosh vazir o‘rinbosari: “Amaldorlarning kiyimidan tortib soatigacha nazorat qilish lozim”

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ishlab chiqqan amaldorlarning daromadlari deklaratsiya qilinishiga doir qonun loyihasini ijobiy baholadi (www.daryo.uz, 13 - yanvar).

“Daromad deklaratsiyasi korrupsiyaning oldini olish va amaldorlarning mas’uliyatini oshirishga juda katta hissa qo‘shadi. Shu bilan birga, biz baribir borib-borib, amaldorlarning xarajatlarini ham nazoratga olishimiz kerak. Ular qanday uyda yashayapti, qanday mashina sotib oldi, kechirasiz-u, masalan, qanday kiyim kiyib yurganiyu qanday soat taqishigacha nazorat qilish lozim. Bunga ham juda tezkorlik bilan yetib borishimiz kerak”, degan S. Umurzoqov.

Aksilkorrupsiya agentligi taklif etayotgan qonun loyihasiga ko‘ra quyidan tortib yuqorigacha bo‘lgan barcha mansabdorlar, hatto prezident va bosh vazir ham deklaratsiya to‘ldirishi taklif qilingan. Hujjat loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda.

“Daromad deklaratsiyasi topshirish masalasiga faqat bugungi siyosiy elitaning yosh vakillari fikr bildirayotgani meni biroz ajablantiryapti… Lekin bizda 30-40 yildan buyon “tepa”da o‘tirgan “tomiri ummonga tutashgan” a’yonlar borki, ular jim... Yoshi 80 ga borayotgan, umr bo‘yi “bosh”imizda o‘tirib kelgan muhtaram oqsoqollarimiz ham deklaratsiyadan qo‘rqmasligini matbuotda bayon qila olarmikan?..” deya savol qo‘yadi Telegramdagi Platforma.uz kanali.

Toshkentda qurilayotgan eng baland bino poytaxt uchun eng katta muammo bo‘lishi mumkin

“Tashkent city” majmuasida qurilayotgan “Nest one” binosi mamlakatdagi eng baland inshoot bo‘lishi kutilmoqda. Ammo eng baland bino poytaxt uchun eng katta muammo bo‘lishi ham mumkin (“Rost24”, 13 - yanvar).

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda avtomobillar sonining ortishi bo‘yicha 10 yillik ko‘rsatkichdan yuqori natija qayd etilgan. Ayni paytda “Nest one” binosi qurilayotgan Islom Karimov ko‘chasida ertalab va kechki vaqtlarda doimiy tirbandliklar hosil bo‘lmoqda. Ushbu binoga tutash Navoiy ko‘chasining 24 ta chorrahasida ham muntazam tiqilinchlar kuzatilmoqda. Toshkent avtomobillarning katta oqimiga moslashmagani hisobga olinsa, yangi baland bino yangi muammolarni keltirib chiqarishi ayon bo‘ladi.

Mazkur inshootni qurayotgan shirkat rahbari Murod Nazarovning yordamchisi “Nest one” ortidan yuzaga keladigan tirbandlikka ular javobgar emasligi, bunga Toshkent hokimligi mas’ul ekanini ma’lum qilgan.

“Bu muammoga yechim topishni Toshkent hokimiyati o‘ylab ko‘rmagan ko‘rinadi”, deb yozgan “Rost24” nashri poytaxtning bosh rejasi haligacha tasdiqlanmaganiga ham e’tibor qaratgan.

1200 ta xonadon, 700 ta ofis, mehmonxona va savdo markazlaridan iborat “Nest one” 2021 - yil dekabr oyida qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.

Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Javohir Sindorov prezident sovg‘asidan quruq qolgani haqida gapirdi

Shaxmat bo‘yicha besh karra jahon chempioni Javohir Sindorov O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi faoliyatini tanqid qildi (www.gazeta.uz, 12 - yanvar).

“2018 - yilda shaxmat tarixidagi eng yosh ikkinchi grossmeysterga aylanganman. Bu natijaga erishish yo‘lida mashaqqatli mehnat qilganman, juda qiyin bo‘lgan... Grossmeysterlik unvonini qo‘lga kiritish uchun yiliga 9-10 ta chet el musobaqalarida qatnashishga to‘g‘ri kelgan. Bunga ketadigan xarajatning barchasi oilam tomonidan qoplangan. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan menga hech qanday moddiy yordam berilmagan”, deydi grossmeyster.

Javohir Sindorov olti kishidan iborat O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi bilan 16 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi jahon shaxmat olimpiadasiga borganiga ham to‘xtaldi. O‘shanda jamoa O‘zbekiston tarixida birinchi marta olimpiada chempionligini qo‘lga kiritadi.

“Bizni Toshkentda tantanali ravishda kutib olishdi. Keyinroq qatnashchilarga prezident sovg‘asi – avtomobillar topshirildi. Lekin men va jamoadoshim Sitora Saparova hatto taqdirlash marosimiga chaqirilmadik ham, qolgan qatnashchilarning barchasiga avtomobil sovg‘a qilindi. Federatsiya nima uchun biz ikkimiz marosimga chaqirilmaganimizni izohsiz qoldirdi”, deydi J. Sindorov.

Yosh sportchining aytishicha, federatsiyaning e’tiborsizligi tufayli ko‘plab shaxmatchilar boshqa davlat bayrog‘i ostida musobaqada qatnashishga majbur bo‘lgan. “Agar shu ketishda davom etsa, men ham shaxmat federatsiyamni o‘zgartiraman”, deydi u.

Avvalroq farg‘onalik opa-singil grossmeysterlar terma jamoa tarkibidan chiqarib yuborilgani, xususan, ulardan biri xalqaro musobaqalarda AQSh nomidan qatnashayotgani xabar qilingan edi.

XS
SM
MD
LG