Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:00

OzodDayjest: Britaniyalik kuzatuvchi O‘zbekistonda saylov xarajatlarini qisqartirish yo‘lini taklif qildi


Prezident saylovini kuzatgani kelgan britaniyalik Vais Kays O‘zbekistonda saylov tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflari bilan o‘rtoqlashdi. Chegarada O‘zbekiston fuqarolaridan pora olinayotgani fosh etildi. Deputat Kusherbayev ochlikdan vafot etayotgan bolalar muammosini ko‘tardi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Britaniyalik kuzatuvchi O‘zbekistonda onlayn ovoz berish tizimini qo‘llashni tavsiya qildi

O‘zbekistondagi prezidentlik saylovini kuzatish uchun kelgan britaniyalik mutaxassis Vais Kays saylov tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflari bilan o‘rtoqlashdi (www.gazeta.uz, 24 - oktabr). Xususan, u onlayn ovoz berish tizimini joriy etish lozimligini aytdi.

Qayd etilishicha, onlayn ovoz berish tizimi saylovchilarni saylov uchastkasiga kelmay, dunyoning istalgan nuqtasidan, istalgan joydan ovoz berish imkonini beradi.

Britaniyalik kuzatuvchi, shuningdek, fuqarolar pochta orqali ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘lishiga, ovoz berish uchun taklifnomalar esa saylov komissiyasi a’zolari emas, pochtachilar tomonidan yetkazilishiga umid bildirdi.

“E’tiborlisi, tizim qancha odamni qamrab oladi, axir biz 35 million haqida gapiryapmiz. Balki, 60 foiz aholi, axir sizlarda 18 yoshdan kichiklar juda ko‘p. Bu davlat saylovlarga juda katta kuch sarflaydi degani. (Saylov komissiyasi a’zolari) 13-16 millionta xatni yetkazib berishi kerak! Biroq agar onlayn platforma bo‘lsa, saylovchi shunchaki saytga kiradi va ovoz beradi, bu barchasini osonlashtiradi”, dedi V.Kays.

Ta’kidlanishicha, mazkur tizim tashkiliy xarajatlarni qisqartirish va shaffoflikni ta’minlashga ham xizmat qiladi.

Chegarada O‘zbekiston fuqarolaridan pora talab qilinyapti, “stavka” ham ma’lum...

Qozog‘istonning Chimkent, Tojikistonning Xo‘jand va Qirg‘izistonning O‘sh shaharlariga o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan qo‘shni mamlakatlar mas’ullari noqonuniy pul undirmoqda (www.kun.uz, 28 - oktabr).

Holatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan “Kun.uz” muxbiriga ko‘ra, uch mamlakat bilan bog‘lovchi chegara postlaridagi eng katta “stavka” Tojikiston chegarasida ekani ma’lum bo‘ldi. “Oybek” chegara postida Tojikiston mas’ullari har bir O‘zbekiston fuqarosidan 150-200 somoni (150-200 ming so‘m) pul olmoqda.

“Buning uchun juda sodda, ammo inson ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, asabini buzuvchi usul tanlangan. Ya’ni o‘zbekistonliklar neytral hududda bir necha soat kutishga majbur qilinadi. Natijada darvoza oldida turgan chegarachi bilan kelishishdan, uning aytgan summasini berishdan o‘zga chorasi qolmaydi. Kelishilgan summa chegara postida faoliyat yurituvchi shifokorga beriladi”, deb yozgan nashr.

Qirg‘izistonning “Do‘stuq” postida esa chegaradan o‘tish “stavka”si 50 ming o‘zbek so‘midan boshlanadi. Bu yerda ham pora olishda shifokor vositachilik qiladi.

“Jibek Joli” postida faoliyat yuritayotgan Qozog‘iston bojxona xodimi migrant libosiga kirgan jurnalistdan 175 tenge (4400 so‘m) olgan.

Nashr muxbiri, shuningdek, G‘ishtko‘prik posti orqali kirib kelayotgan har bir kishidan ekspress-testni vaj qilib 100 ming so‘mdan olinayotgani, hatto PZR-test sertifikati borlardan ham ushbu summa talab etilayotganini tanqid qilgan.

“Nazarimizda, G‘ishtko‘prik chegara-bojxona postida koronavirusga qarshi ekspress-test topshirish bo‘yicha majburiy amaliyotga barham berilishi kerak, chunki bu shundog‘am pandemiya davrida moddiy tomondan qiynalgan xalqdan ortiqcha pul undirishdan boshqa narsa emas”, deb yozgan nashr.

Deputat: Boshqa rejalardan voch kecharmiz, biroq bolalar haqini joyiga qo‘ymasak bo‘lmaydi!

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Afg‘onistonda bolalar ochlikdan vafot etayotganiga munosabat bildirib, O‘zbekiston mutasaddi idoralari ham bundan tegishli xulosa qilishi lozimligini ta’kidladi (“Jamiyat” gazetasi, 28 - oktabr).

“YuNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, yil oxirigacha ushbu mamlakatda besh yoshgacha bo‘lgan uch million ikki yuz ming bola ochlikdan qiynaladi, ularning bir millionga yaqini ochlik tufayli vafot etishi mumkin... Tagimizda ulov, shohona hayot bag‘rida, to‘q qoringa unga-bunga topshiriqlar berib yashayotgan bir vaqtda bunday holatlarni chin insoniy qalbdan his qilishimiz qiyindir balki. Lekin bular bor gap, o‘rtoqlar”, deb yozgan deputat.

R. Kusherbayev bolalarning ochdan o‘lishi O‘zbekistonda ham sodir bo‘lmasligi uchun nimalar qilish lozimligiga e’tibor qaratgan.

“Balki amaldagi ishlarimizni zudlik bilan qayta ko‘rib chiqish kerakdir. “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun va hech bo‘lmasa real hayotdan uzoqroq bo‘lgan hukumatning qarori bilan tasdiqlangan Nizomni. Ushbu Nizomda hech bo‘lmasa har bir bolani qanday oilada dunyoga kelishidan qat’i nazar uch yoshga to‘lgunga qadar nafaqa puli (bola puli) berilishini to‘liq kafolatlashimiz shart. Mayli, boshqa rejalardan kecharmiz, biroq bolani haqqini joyiga qo‘ymasak bo‘lmaydi!” degan R. Kusherbayev.

XS
SM
MD
LG