Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:10

OzodDayjest: G‘aznadan o‘marishlar – vazirlar zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklash taklif etilmoqda


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Fermerlar hokimlar ularning faoliyatiga doimiy aralashayotganidan norozi. “Toshkent siti”dan yuzlab odam quvib chiqarildi. Prezident Salim Abduvaliyevni mukofotladi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Mamlakat bo‘ylab fermerlarning huquqlari buzilayotgani tasdiqlandi

Adliya vazirligi “Fermerga madad” aksiyasi doirasida o‘tkazilgan huquqiy monitoring natijalariga asoslanib bir qator muammo va kamchiliklarni sanab o‘tdi (www.kun.uz, 28 - avgust). Aksiya doirasida fermerlar bilan tayyorlovchi, ta’minot va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarda 156 mingdan ziyod xato va kamchiliklar aniqlangan. Eng ko‘p qoidabuzarliklar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlarida qayd etilgan.

O‘rganishlarda tayyorlovchi, ta’minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan fermerlar o‘rtasidagi shartnomalar 34 861 ta holatda kechikib tuzilgani, 48 396 ta shartnoma hududiy qishloq xo‘jaligi bo‘limlaridan ro‘yxatdan o‘tmagani aniqlangan.

“Yer ijara shartnomasi tuzilmasa, hokimliklarga qo‘l keladi, ular istalgan vaqtda fermerdan yerni olib qo‘yishi yoki fermerga istalgan qo‘shimcha talabni qo‘yishi mumkin”, deyiladi vazirlik axborotida.

Shuningdek, o‘rganishlar ko‘p hollarda tayyorlovchi, ta’minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar o‘zlarining monopol mavqeidan foydalanib, ayrim hollarda esa davlat organlarining aralashuvi bilan shartnomaviy munosabatlarda fermerlar manfaatlariga zid xatti-harakatlar qilayotganini ko‘rsatgan.

Respublika bo‘yicha 24 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklariga 180 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ o‘z vaqtida to‘lab berilmagan. Jumladan, fermerlardan paxta to‘qimachilik klasterlari 39 mlrd so‘m, “Qishloqxo‘jalikkimyo” AJ korxonalari 36 mlrd so‘m, g‘allachilik klasterlari 34 mlrd so‘m, don korxonalari 27,6 mlrd so‘m, neft korxonalari 17 mlrd so‘m qarzdor.

So‘rovda ishtirok etgan 40 foizdan ortiq fermerlar shartnomadan ortiqcha g‘allani topshirishga majbur qilinganini bildirgan. Shuningdek, fermerlar hokimlar ularning faoliyatiga doimiy aralashayotganidan shikoyat qilgan.

Talon-toroj borasida “yetakchilikni qo‘ldan boy bermayotgan” vazirliklar ochiqlandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetining 2021 - yil birinchi yarim yillik yakuni tanqidiy ko‘rib chiqildi (“Mahalla” gazetasi, 28 - avgust). O‘tgan yarim yillikda ham Xalq ta’limi vazirligi (65,2 mlrd so‘m), Maktabgacha ta’lim vazirligi (59,2 mlrd so‘m) va Sog‘liqni saqlash vazirligi (41,7 mlrd so‘m) byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish bo‘yicha “yetakchilikni qo‘ldan boy bermagan”.

“Afsuski, bu raqamlar faqat moliyaviy nazorat tadbirlari davomida aniqlangan kamchiliklar, xolos. Aniqlanmaganlari bundan ham ko‘p bo‘lishi esa haqiqatga yaqinroq”, deb yozadi gazeta.

Vazirliklarnin ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari qonunbuzilish holatlarini aniqlab, hujjatlarni chora ko‘rish uchun belgilangan tartibda tegishli organlarga o‘tkazish o‘rniga xatolarni yashirish, mablag‘larni o‘zlashtirishga sharoit yaratib bergan. Bu holat davlat byudjeti ijrosi bo‘yicha amaldagi moliyaviy nazorat tizimi samarasiz ishlayotganini ko‘rsatmoqda.

“Vaholanki, maktablar infratuzilmasi bilan bog‘liq holatlar hech kimga sir emas: hali-hanuz chekka hududlarda ayrim o‘quvchilar pastqam, paxsadan qurilgan binolarda, eskirib, muddati o‘tib bo‘lgan partalarda o‘tirib, kompyutersiz, internetsiz ta’lim olishga majbur bo‘lmoqda. Buni vazirlik bilmaydimi?” deb yozadi gazeta.

Ta’kidlanishicha, byudjet ijrosidagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida uning ijrosiga nisbatan tanqidiy yondashuvni kuchaytirish, mas’ul vazirlik-idoralar rahbarlari zimmasiga shaxsiy javobgarlikni yuklash, hukumat esa yuzaga kelgan salbiy holatlarni chuqur tahlildan o‘tkazishi, ochiq va ta’sirchan choralar ko‘rishi zarur.

“Toshkent siti”da ishkal: bitta “Love Story” uchun yuzlab odam quvib chiqarildi

Ko‘p sonli mehmonlar qo‘riqchilar tomonidan “Toshkent siti”dan asosli sababsiz quvib chiqarildi (www.xabar.uz, 31 - avgust). Bu haqda xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi deputati Obidjon Latipov yozdi.

Qayd etilishicha, majmua hududiga pul to‘lab kirgan yuzlab mehmon amfiteatrda favvorani tomosha qilayotgan paytda qo‘qqisdan qo‘riqchilar kelib, hammani tashqariga haydagan.

“Birozdan so‘ng 4 kishi paydo bo‘lib, ikki sevishganlarni videoga ola boshladi, orada ular uchun maxsus buyurtma musiqa bilan favvora qayta ishga tushirildi. Aytilgan tadbir shu ekan. Bema’nilik. Ikki sevishganning “Love Story”si sabab, parkka pul to‘lab kirgan bir necha yuz kishi dam olib o‘tirgan o‘rnidan turg‘izib, amfiteatrdan haydab chiqarildi. Yo‘laklar ham qo‘riqchilar tomonidan to‘sib qo‘yildi. Bu holat jahlimni chiqardi, chunki haydalganlar orasida ota-onam tengi yoshi katta insonlar ham bor edi”, deb yozadi deputat.

O.Latipov soliq to‘lovchilar hisobidan, bojxona va soliq imtiyozlaridan foydalangan holda qurilgan majmuaning pulli ekaniga ham e’tiroz bildirgan.

“Nega doim xalq puliga qurilgan inshootlar kimlarningdir shaxsiy tomorqasiga aylanib qolaveradi? Nega xarajati xalq bo‘ynida-yu, tushumi cho‘ntakka? Nega parkka pul to‘lab kirilishi kerak o‘zi? Bu qonunchilikka qanchalik to‘g‘ri keladi? Deylik, iste’molchi qaysi ko‘rsatilgan xizmatga pul to‘laydi? Agar xizmat ko‘rsatilmasa nega pul to‘lash kerak? Pul to‘lamasak kirgizmaydigan, pul to‘lasak ham istalgan vaqtda haydab chiqarib yuborishlari mumkin bo‘lgan shunday parklar bizga kerakmi?” deya poytaxt hokimligini savolga tutgan deputat.

Qashqadaryo: homilador ayollar tug‘ruqxonaga eshakda bormoqda

Islohotlar shabodasi barcha hududlarga ham birdek yetib bormayapti (“Adolat” gazetasi, 27 - avgust). Masalan, Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Qizilqishloq qishlog‘ida homilador ayollar tug‘ruqxonaga eshakda bormoqda. Qishloqda hatto tibbiy punkt ham yo‘q.

“Qishlog‘imiz ayolini ikki qop somon ortilgan otga yotqizib, tug‘ruqxonaga olib borganman. Kasallarni eshakda kasalxonaga olib boramiz. Bizning qishloqqa umuman tez tibbiy yordam mashinasi kelmaydi. Men o‘z mashinamda bir necha yildan beri qishlog‘imizning 38 nafar ayolini tug‘ruqxonaga eltganman. Ulardan 8 nafari yo‘lda ko‘zi yorigan. Bir nechta ayol va go‘daklar yo‘l qiyinchiligi sabab kasalxonaga yetmay nobud bo‘lgan”, deydi shu yerlik Normamat Rahimov.

Bundan tashqari, Ikkinchi jahon urushi davrida qo‘l mehnati bilan barpo qilingan yo‘l haligacha yangilanmagan. Ichimlik suv, elektr energiyasi bo‘yicha ham muammolar yig‘ilib qolgan hududni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga kiritish tavsiya etilgan. Qayd etilishicha, hozirda mamlakatda sharoiti og‘ir 796 ta qishloq va 188 ta mahalla mavjud.

Salimboy prezidentdan mukofot oldi; G‘ofurboy yangi maktab qurilishiga homiylik qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taniqli tadbirkor, xalq orasida “Salimboyvachcha” deb tanilgan Salim Abduvaliyevni “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” unvoni bilan taqdirladi (www.qalampir.uz, 30 - avgust).

S.Abduvaliev 2017 - yil yanvar oyida O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimiga saylangan. Mazkur shaxs haqida ziddiyatli fikrlar mavjud. Jumladan, u jinoyat olamiga aloqador deb ko‘riladi. AQShning O‘zbekistondagi elchisi o‘n yillar oldingi diplomatik yozishmalarda uni “o‘zbek mafiyasining xo‘jayini” deb atagani ma’lum. S.Abduvaliyev 1997 - yildan buyon O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasiga ham rahbarlik qilib kelmoqda.

Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra, 30 - avgust kuni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida yana bir taniqli tadbirkor G‘ofur Rahimov homiyligida qurilgan 45-maktabning ochilishi marosimi bo‘lib o‘tgan. STEM (science, technology, engineering, mathematics – fan, texnologiya, muhandislik va matematika) fanlariga ixtisoslashgan ta’lim maskani zamonaviy jihozlar va so‘nggi axborot texnologiyalari bilan jihozlangan. Maktab ochilish marosimida G‘ofur Rahimov hamda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ramziy ma’noda ko‘chat ekkan.

AQSh moliya vazirligi 2012 - yili G‘.Rahimovni uyushgan xalqaro jinoiy guruh yetakchilari ro‘yxatiga kiritgan. Mazkur taqiq ortidan u 2019 - yili Xalqaro boks assotsiatsiyasi – AIBA prezidenti lavozimidan iste’fo berishga majbur bo‘lgan. Tadbirkor qora ro‘yxatga noqonuniy kiritilganini asoslab, undan chiqarishni so‘rab ariza kiritgan. Kolumbiya okrug sudi bu arizani qanoatlantirmagan.

XS
SM
MD
LG