Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:34

OzodDayjest: Hokim Ortiqxo‘jayev boshqaruvining musbat va manfiy jihatlari ma’lum qilindi


Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash jarayoni sust ketayotgani sababi va uni jadallashtirish yo‘li aytildi. Aviashirkat fuqarolar tushib qolgan murakkab vaziyatdan insofsizlarcha foydalanmoqda. Hokim Ortiqxo‘jayev boshqaruvining musbat va manfiy jihatlari ma’lum qilindi.

________________________________________________________

“Aholi va hokimlik o‘rtasida murosasizlik mavjud” – Ortiqxo‘jayevning 3 yillik faoliyatiga baho berildi

26 - aprel kuni “Akfa” shirkatlari guruhi muassisi Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahri hokimi lavozimiga tayinlanganiga 3 yil to‘ldi. Qalampir.uz nashri biznesmen-hokimning 3 yillik faoliyatiga baho berdi.

“Jahongir Ortiqxo‘jayev shahar hokimi bo‘lgach, shaharda ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Avvalo, odamlar hokimlikka arzini aytib borganida, ularga javob bo‘la boshladi. Hokimlik murojaatlarni ko‘rib chiqishi jonlandi. Shuningdek, qator qarovsiz hududlar tozalanib, saylgohlarga aylantirildi”, deb yozadi nashr.

Ta’kidlanishicha, Ortiqxo‘jayev davrining o‘ziga yarasha manfiy jihatlari ham talaygina.

“Poytaxtda 3 yildirki, uy va xususiy mulklarning “jamoat ehtiyoji” uchun buzish to‘xtamayotir. Shahar bosh rejasi esa yildan yilga kechikib kelmoqda. Toshkentda infratuzilma yangi qurilayotgan turar joylar darajasida o‘smayapti. Ichki yo‘llar ham havas qilgulik ahvolda emas”, deb yozadi Qalampir.uz.

Xavotir bilan qayd etilishicha, qisqa muddatda poytaxtdagi o‘nlab tarixiy binolar vayron qilindi, ular o‘rnida esa zamonaviy shaharchalar bunyod etilmoqda. Qolaversa, Jahongir Ortiqxo‘jayev davriga kelib, uysizlik, ishsizlik masalalari kun tartibiga chiqdi. Bu muammolar avvalgi hokimlar davrida ham bo‘lgan, biroq oshkora aytilmagan. Toshkentda aholi va hokimlik o‘rtasida murosasizlik mavjud.

“Toshkent shahar hokimi haqida gap ketganda uning yaxshi tadbirkor ekani birinchilardan bo‘lib aytiladi. Biroq u o‘zi kabi tadbirkorlar yetishib chiqishiga qanchalik yo‘l ochmoqda, muhitni qanchalik rivojlantirmoqda, bunisi hali mavhum. Negaki so‘nggi uch yilda Ortiqxo‘jayev kabi katta tadbirkorlar chiqqani yo‘q. Kichik biznes xususida gap ketganda esa Ortiqxo‘jayev davrida katta biznes yanada rivojlanib, o‘rta va kichik biznes qoloq holda qolayotganini ko‘rish mumkin. Tadbirkorlarning aksari esa hozirgi hokimiyatdan norozi”, deb yozadi internet nashr.

Bosh vazir o‘rinbosari: Aholi koronavirusga qarshi vaksinaga ishonchsizlik bilan qaramoqda

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev koronavirusga qarshi emlash jarayoni sust ketayotgani asosiy sababini ma’lum qildi (www.daryo.uz, 27 - aprel). Qayd etilishicha, 65 va undan katta yoshdagi fuqarolar orasida emlanishga rozi bo‘layotganlar soni kamligi vaksinaga nisbatan ishonchning pastligi bilan bog‘liqdir.

Bosh vazir o‘rinbosarining aytishicha, qo‘shimcha vaksina partiyalari keltirilishi bilan emlash jarayoniga oliy ta’lim va sog‘liqni salqash tizimi xodimlari jalb qilinadi hamda kunlik emlanganlar soni bir necha baravarga oshishiga erishiladi.

O‘zbekistonda 1 - apreldan tibbiyot xodimlari va 65 yoshdan katta shaxslarni koronavirusga qarshi ommaviy emlash jarayoni boshlandi. Kuzatuvchilarning fikricha, agar emlash sur’ati hozirgidek sust qolsa, butun mamlakat aholisida koronavirusga qarshi immunitet hosil qilishga bir necha yil kerak bo‘ladi.

Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov jarayonni tezlashtirish uchun emlashga xususiy shirkatlarni ham jalb etishni taklif etdi.

“Davlat bu yil 7 mln o‘zbekistonlikni emlashni reja qilmoqda, uning yoniga yana qo‘shimcha shartli 3 mln o‘zbekistonlik tijoriy yo‘l bilan emlansa yomonmi? Tushunishimiz va qabul qilishimiz lozim, toki vaksinatsiyalash mantiqiy yakunlanmas ekan, mamlakat to‘laqonli ochilmaydi, iqtisodiyot doimiy stresslar ortida depsinib turaveradi, ta’lim va meditsina kabi ijtimoiy xizmatlarning sifati haminqadarligicha qolaveradi”, deb yozadi O.Bakirov.

Turizm vaziri: Bizda aviachiptalar narxi qo‘shnilarimizdan karrasiga qimmat

O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov aviachiptalar narxi qo‘shni davlatlarga qaraganda bir necha baravar qimmat ekanini tan oldi (www.kun.uz, 26 - aprel).

“Buni ko‘rish uchun uzoqqa borish shart emas. Masalan, O‘zbekistondan uchadigan samolyot chiptalari narxi bilan Chimkent (Qozog‘iston) va O‘sh (Qirg‘iziston) shaharlaridan uchadigan reyslar narxini solishtirish kifoya. Internetga kirasiz va solishtirasiz – bizda narxlar qanchadir foizga ham emas, baravariga qimmatroq. Bu esa mamlakatimizga sayyohlarni taklif qilishda boshqalar bilan raqobatlasha olmasligimizga sabab bo‘lyapti”, deydi bosh vazir o‘rinbosari.

A.Abduhakimov “Qanot Sharq”, “Humo” kabi xususiy aviashirkatlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ortidan chipta narxi arzonlashishini ta’kidlagan.

Joriy yil 16 - aprel kuni Oliy Majlis Senati ayrim yo‘nalishlardagi samolyotlar turi bir xil bo‘lsa ham aviachiptalar narxi haddan ziyod qimmatligini tanqid qilgan va holat yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga so‘rov yuborgan edi.

Senatga ko‘ra, parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan Toshkent–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi faqat bir tarafga 4,7 million so‘mni tashkil qilmoqda. Holbuki, parvoz vaqti 3 soat 40 daqiqadan iborat Toshkent–Moskva yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxi 4,2 million so‘m, Toshkent–Riga yo‘nalishi bo‘yicha 2,8 million so‘m (parvoz vaqti 5 soat 30 daqiqa), Toshkent–Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha esa 6,5 million so‘m (parvoz vaqti 12 soat) etib belgilangan.

Aholi bilan joylarda o‘tkazilgan muloqotlar va tahlillar shuni ko‘rsatganki, mas’ullar narx belgilashda fuqarolar tushib qolgan tanlovsiz, murakkab vaziyatdan insofsizlarcha foydalanmoqda.

XS
SM
MD
LG