Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:37

OzodDayjest: Jurnalistga tahdid qilgan prokurorning jazosiz qoldirilgani e’tirozga sabab bo‘ldi


Talabalarning yotoqxonadan yashashga joy topolmay, sarson bo‘layotgani tanqid qilindi. Jurnalistga tahdid qilgan prokuror “odob darsi” bilan qutuldi. Sheroboddagi gapiruvchi qarg‘a egasining vafotidan keyin bir oydan ortiq gapirmagan. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Ketmoni uchayotgan maklerlar, ko‘chada qolayotgan talabalar

Yangi o‘quv yili boshlangach, Toshkent shahrida talabalarni yotoqxonalar bilan ta’minlash masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Talabalarning aksariyati o‘zi o‘qiyotgan universitet yotoqxonasida yashashga joy topolmay, shahar ko‘chalarida ijaraga uy qidirib, ovorayu sarson bo‘lib yuribdi (“Adolat” gazetasi, 2021 - yil 37-son).

“Oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar soni yildan-yilga ortib borayotgan ekan, ularning turarjoyga bo‘lgan ehtiyoji ham hisobga olinishi, qo‘shimcha yotoqxonalar qurilishi va talabalar, eng avvalo, birlamchi ehtiyoj, ya’ni yashash joyi bilan ta’minlanishi kerak edi. Amalda esa OTMlarda talabalar sonining ortishi va ularning turarjoyga bo‘lgan ehtiyoji qondirilishi o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga keldi”, deb yozgan gazeta.

Qayd etilishicha, institut yotoqxona bilan ta’minlay olmayotgan, uy-joy bozorida maklerlarning “ketmoni uchgan” bir paytda poytaxtda ijaraga ham uy topish dushvor bo‘lib qolmoqda.

Avvalroq Xalq demokratik partiyasi raisi o‘rinbosari, prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova ham ijara uylar narxi qimmatligi, yotoqxona yetishmasligini tanqid qilgan edi.

“Achchiq bo‘lsa ham, ochiq aytaylik, O‘zbekistondagi birorta oliy ta’lim muassasasining o‘z talabalarini to‘liq sig‘dira oladigan turarjoyi yo‘q. Shu sababli talabalar turli ijara uylarda yashashga majbur. Bu holat, ayniqsa, poytaxtda juda achinarli ahvolda: ijara puli qimmat – bir xonali kvartira 300-400 dollar atrofida. Talabaga past toifali odamdek muomala qilishadi: “studentlarga kvartira yo‘q”. Bu bir necha vazirlik yo idora tomonidan emas, hukumat darajasida echilishi lozim bo‘lgan muammodir”, degan edi M. Vorisova.

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada 220 dan ortiq talabalar turarjoyi mavjud, ular 58 ming nafar talabani sig‘dira oladi, vaholanki, har yili 149 ming nafardan ortiq talabaning yotoqxonaga ehtiyoji bor.

Jurnalistlarga tahdid qilgan prokuratura xodimi jazodan qutulib qoldi

Prokuratura xodimi jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilgani rasman tasdiqlandi, ammo tegishli chora ko‘rilmadi. Holbuki, u Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bo‘yicha javobgarlikka tortilishi mumkin edi (www.qalampir.uz, 11 - sentabr).

Gap shundaki, “Qalampir.uz” tahririyati a’zolari – jurnalist Feruza Najmiddinova, tasvirchi Xo‘jamyor Xolmurodov, yurist Shohrux Olimjonov Toshkent shahri Yunusobod tumani 2-mavzeda qurilishi yakunlanmagan 14 ta bino buzilayotgani haqidagi murojaat yuzasidan voqea joyiga boradi. Ular qonuniy talablarni buzmagan holda, jurnalistik faoliyatini amalga oshirishga kirishadi. Ammo jurnalistlar faoliyatiga Yunusobod tumani prokuraturasi xodimi Umid Azizov to‘sqinlik qiladi. U. Azizov “kerakli joyda gaplashish” bilan tahdid qilib, OAV xodimlaridan videotasvirlarni o‘chirish va voqea joyidan ketishni talab etadi.

Bosh prokuratura tizim vakili “Qalampir.uz” jurnalisti faoliyatiga to‘sqinlik qilganini tasdiqladi.

“Tekshirish natijasiga ko‘ra, U. Azizov bilan Toshkent shahar prokurori huzurida profilaktik suhbat o‘tkazilib, kelgusida ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid qonunchilikka hamda prokuratura organlari xodimlarining “Kasb odobnomasi”ga qat’iy rioya qilish, aks holda intizomiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirildi”, deyiladi BP bayonotida.

Prokuratura rasmiysining tegishli tartibga jazolanmagani nashr e’tiroziga sabab bo‘lgan.

“Har qaysi mansabdor qilmishi uchun javobgarlikdan uzr-ma’zur bilan qutulib qolyapti. Oqibatda esa jurnalistlarga nisbatan tazyiq, bosim, tahdid, so‘z va matbuot erkinligiga g‘ov bo‘lish holatlari ortsa ortyaptiki, kamaymayapti… Jurnalistlarga qayta-qayta qonunlarga itoat qilish, etika qoidalarini buzmaslik, axborot olish va tarqatishda xolislik printsipiga amal qilish eslatiladi. Bunga rioya qilmagan jurnalist va blogerlar javobgarlikka tortilganiga ham guvoh bo‘ldik. Lekin jurnalistning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar qachongacha uzr va “odob darslari” bilan qutuladi?” deya e’tiroz bildirgan “Qalampir.uz” nashri.

Surxondaryo: gapiruvchi qarg‘a marhum egasiga aql bovar qilmas sadoqat ko‘rsatdi

Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Katta hayot mahallasida “Gosha” laqabli gapiradigan qarg‘a bor (“O‘zbekiston ovozi” gazetasi, 15 - sentabr). Xonadon boshlig‘i Bo‘ri Rahimov qarg‘a bolasini bir necha yillar oldin o‘g‘li Shodibekka olib kelib bergan. Tez orada qarg‘aning gapirish iqtidori yuzaga chiqqan. Uning dastlabki so‘zi “Shodibek” bo‘lgan. Ikki-uch yilda 30 dan ziyod so‘zni bemalol ayta boshlagan. Jumladan, “Yaxshi o‘qi”, “Otaxon, yaxshi boring”, “Onaxon, yaxshi boring” deydigan bo‘lgan.

Bu orada Shodibek buyrak xastaligidan vafot etgan. O‘shanda jonivor aql bovar qilmas sadoqat namunasini ko‘rsatgan.

“Shodibek olamdan o‘tgach, qarg‘aning naqadar vafodor va juda sadoqatli jonivor ekaniga guvoh bo‘ldim. Ishonasizmi, ayriliqdan keyin “Gosha” bir oydan ortiq gapirmadi. Hatto birorta so‘z ham aytgani yo‘q. O‘n kuncha deyarli ovqat emay, tushkun kayfiyatda yurdi”, degan marhum bolaning onasi Sobira Abdullayeva.

Jonivorga xorijliklar ham xaridor bo‘lgan. “Inson nutqini parrandalarda rivojlantirish” mavzuida tadqiqot olib borayotgan yaponiyalik olim qarg‘a uchun 20 ming dollar taklif qilgan. Koreyaliklar esa “Gosha”ni 30 ming dollarga baholagan, ammo egalari sotishga ko‘nmagan.

Gapiruvchi qarg‘a sovuq o‘lkalarga uchib ketmay, shu hovlida yashamoqda. “Gosha” yong‘oq, shirinliklar va palovni xush ko‘radi.

XS
SM
MD
LG