Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:45

OzodDayjest: Korrupsiyadan qutulish uchun hukumat o‘z amaldorlarini to‘g‘ri tarbiyalashi kerak - adliya vaziri


Adliya vaziri Ruslanbek Davletov
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov

Farg‘onalik fermerlardan yemagan somsa uchun pul talab qilinmoqda. Adliya vaziri amaldorlarni mentalitet bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyada aybladi. Samarqandda topilgan qadimiy qoyatoshlar qurilish uchun ishlatilmoqda. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Farg‘onacha ko‘zbo‘yamachilik: xorijga bir so‘mlik ham meva sotmagan fermerlar qog‘ozda yirik eksportchi bo‘lib chiqdi

Farg‘ona viloyati Quva tumanida meva eksporti bilan bog‘liq shubhali holat ro‘y berdi (“Rost24”, 12 - fevral). Bir guruh bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklari rahbarlariga 2020 - yil sentabr-oktabr oylarida mahsulot eksporti uchun o‘rtacha 300-450 million so‘m soliq va jarima to‘lash haqida ogohlantirish yuborilgan. Masalan, “Far Muxtasar dunyo” fermer xo‘jaligi rahbariga Qozog‘istonga intensiv ko‘chatlar sotgani, uzum, g‘aynoli, shaftoli eksport qilgani uchun 330 million so‘m soliq va jarima to‘lash yuklangan. Vaholanki, u na meva, na ko‘chat eksport qilgan.

Qayd etilishicha, 2019 - yili Quva tumani hokimi nomidan kelgan mas’ullar fermer xo‘jaliklarining elektron raqamli imzosi va muhrini olib ketgan va ular nomdan juda katta miqdorda eksport amalga oshirilgan.

Viloyatning yangi hokimi X. Bozorov fermerlar arzini tinglab, muammo qonuniy asosda hal etilishiga va’da bergan. Ammo oradan bir oy o‘tsa-da, quvalik fermerlar tuman va viloyat idoralari o‘rtasida sarsonu sargardon, hamon kalavaning uchi topilgani yo‘q!

“Bu ishga nafaqat hokimiyat, chegara, bojxona, karantin xizmatlari qay darajada aloqador? Aslida eksport qilinganmi o‘zi?” deya mutasaddilarni savolga tutadi “Rost24” nashri.

Adliya vaziri yangi tayinlangan mansabdorlar ishni mashina xarididan boshlashiga munosabat bildirdi

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov rahbar lavozimga yangi tayinlangan mansabdorlar shaxsiy xizmat xonasini ta’mirlashi yoki mashina xarid qilishga tushib ketishi haqida fikr bildirdi (www.gazeta.uz, 16 - fevral).

“Shunaqa odat bor, yangi rahbar ishga kelganidan keyin darrov xonasini ta’mirlashni boshlaydi. Boshidan binolarni, katta-katta pullarni xarajat qiladi. Mashinalar bo‘yicha, mana, qanday muammolar tug‘ilyapti”, deya ta’kidlagan u.

Vazirning aytishicha, bu mentalitet bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyadir va undan qutulish uchun hukumat o‘z amaldorlarini to‘g‘ri tarbiyalay olishi kerak.

“Hamma aytadiki, jamiyat o‘zini o‘zi tarbiyalay oladimi? Men o‘ylaymanki, birinchidan, bu – davlat va hukumatning mas’uliyati. Odamlarga shuni to‘g‘ri tushuntirish, yangi g‘oyalar va standartlarni joriy qilish kerak. Chunki korrupsiya asosan qayerda bo‘lyapti? Davlat ishtirok etgan bo‘g‘inda bo‘lyapti. Shuning uchun, birinchi navbatda, hukumat o‘zining amaldorlarini to‘g‘ri tarbiyalay olishi kerak”, degan R. Davletov.

Adliya vaziri, shuningdek, rahbarlarga sovg‘a berish kabi korrupsiyaga yetaklovchi odatlardan voz kechish lozimligini qayd etgan.

Samarqandda neolit davriga oid qoyatoshlar qurilish uchun ishlatilyapti

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi Botbot qishlog‘ida topilgan qadimiy qoyatoshlar qurilish uchun ishlatilmoqda (www.kun.uz, 16 - fevral). Qadimiy qoyatoshlarni ushbu tumanidagi 19-umumta’lim maktabi o‘quvchisi payqab qolgan va kattalarga bu haqda xabar bergan. Ammo bir necha ming yillik tarixga ega ekani taxmin qilinayotgan osori atiqalar ayni paytda shunchaki qurilish materiali sifatida istifoda etilmoqda.

SamDU dotsenti Odil Ergashev tasvirlar haqiqatan qadimiy ekanini bildirgan. Ayni vaqtda u ushbu manzildagi toshlardan namunalar olib ketilgani, izlanishlar olib borilayotganini ma’lum qilgan. Topilgan yangi manzil bir necha o‘n yillik tadqiqotlarga asos bo‘lishi kutilmoqda. Ammo buning uchun osori atiqalar saqlab qolinishi kerak.

Kun.uz nashri o‘tgan yili Samarqand viloyati Payariq tumanining Alamli qishlog‘idagi qadimiy manzilgoh qoyatoshlari ham qurilish maqsadida ishlatilayotgani haqida xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG