Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:22

OzodDayjest: Kubatinning opasi olimning o‘limida kimningdir qo‘li borligidan shubhalanmoqda


Sharqshunos olim Andrey Kubatin shu yilning oktabr oyi oxirida koronavirusdan vafot etgan
Sharqshunos olim Andrey Kubatin shu yilning oktabr oyi oxirida koronavirusdan vafot etgan

Sharqshunos olimning opasi Andrey Kubatinning o‘limida kimningdir qo‘li borligidan gumondaligini bildirdi. Bosh vazir o‘rinbosari tarixiy obidalarni muhofaza etish tizimi eskirganini tan oldi. O‘zbek rasmiylaridan chet eldan qaytgan muhojirlarga qanday ish topib bermoqchi ekani so‘raldi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Marhum olim Andrey Kubatinning o‘limiga doir shubhalar yuzaga chiqdi

Koronavirusdan vafot etgan sharqshunos olim Andrey Kubatinning opasi Klara Saxarova ukasining o‘limida kimningdir qo‘li borligidan gumonda ekanini bildirdi (www.gazeta.uz, 15 - dekabr).

“Unda kovid tasdiqlandi, ammo menda o‘pkaning 5-10 foiz zararlangani to‘g‘risida MSKT bor. Biz uni Zangiotaga olib keldik. Uchinchi kuni u o‘zini yomon his qildi, zararlanish 50 foizdan oshdi. Janjaldan keyin u reanimatsiyaga o‘tkazildi. Biz qimmatbaho dorilarni sotib oldik... U tuzala boshladi, 20 - oktabrgacha hammasi yaxshi edi. U ikki kundan keyin niqobi olib tashlanishini aytdi. 20-kuni esa tungi smena o‘zgardi. O‘sha kundan boshlab uning sog‘lig‘i yomonlasha boshladi...” deydi u.

K.Saxarova ukasini ko‘rgani kirganida palatada barcha dorilar ishlatilmagan holda yotgani, bemorga birgina suyuq holda tramadol berilganini aniqlagan.

Olim hali hayotligida O‘zbekiston harbiy sudiga 560 million so‘m miqdorida moddiy zararni qoplash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan. 10 - dekabr kuni K.Saxarova pochta orqali sud qarorini olgan. Unga ko‘ra tovon puli 462 ming so‘mni tashkil etadi, shundan 446 ming so‘m davlat boji to‘lovi, 16 ming so‘m pochta xizmati uchun olib qolingan. K.Saxarova sud qarori ustidan apellyatsiya bergan va ma’naviy zarar qoplanishi uchun hujjatlar tayyorlamoqda.

“Men to‘xtamayman. Ukamni qamatgan odamlar javob berishlari kerak. Bugun ular buni mening ukamga, ertaga boshqasiga qilishadi. Birovning onasi yig‘lashini, kimningdir xotini beva qolishini, bolalari yetim bo‘lishini istamayman”, degan K.Saxarova.

A.Kubatin 2017 - yilda davlatga xoinlik qilishda ayblanib, 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U o‘z aybsizligini isbotlash uchun 2,5 yil kurashadi. Nihoyat, 2019 - yil 26 - sentabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi appelyatsiya instansiyasida reabilitatsiya qilindi va sud zalidan ozodlikka chiqarildi.

Tarixchi olim, turkiy xalqlar tarixiga oid ilmiy risola va maqolalar muallifi Andrey Kubatin oktabr oyi oxirida vafot etdi.

Bosh vazir o‘rinbosari: “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish tizimi o‘zini oqlamayapti”

Xiva shahridagi Tosh hovli saroyining devori buzilishi O‘zbekistonda madaniy meros obyektlari muhofazasi tizimini qayta ko‘rib chiqish kerakligidan darak bermoqda (www.kun.uz, 13 - dekabr). Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari, YuNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya raisi Aziz Abduhakimov aytib o‘tdi.

“Buzgan tashkilot devorda og‘ish bo‘lgani, uni saqlab qolish maqsadida shunday qilgani, aks holda butkul qulab tushib, undan ham ko‘proq zarar keltirishi mumkin, degan fikrlarni aytyapti. Madaniy meros departamenti boshqacha izoh beryapti. Bu yerda ko‘p savollar ochiq qolyapti. Shunaqa xavf bor ekan, bu nega oldinroq o‘rganilmagan? O‘rganilgan bo‘lsa, nega oldinroq ilmiy-ekspert kengashiga murojaat qilinmagan? Murojaat qilingan bo‘lsa, nega tezda javob chiqmagan?” deydi A.Abduhakimov.

Bosh vazir o‘rinbosariga ko‘ra, Xivadagi tarixiy obidaga zarar yetkazilishi shunday qoldirilmaydi.

“Bundan xulosa qilish mumkinki, hozirgi tizim samarali ishlamayapti. Madaniy meros obyektlari muhofazasi tizimini qayta ko‘rib chiqishimiz kerak. Biz madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash va restavratsiya qilishning samarali tizimini yo‘lga qo‘ymasak, turizm yo‘nalishida qilayotgan shuncha ishlarimiz ma’nosiz bo‘lib qolishi mumkin”, degan A.Abduhakimov.

Eslatib o‘tamiz, YuNESKO himoyasidagi tarixiy obida – “Ichan-Qal’a” muzey-qo‘riqxonasidagi Tosh hovli saroyining qadimiy devori buzilgani haqida xabar tarqalgach, Madaniyat vazirligi buning uchun ilmiy-ekspert kengashidan ruxsat olinmaganini bildirdi. Pirovardida Xorazm viloyati prokuraturasi holat yuzasidan jinoyat ishi ochdi.

O‘zbekistonlik muhojirlar Rossiyadan qaytmoqda: hukumat endi nima qilmoqchi?

Rossiyada ishlab ro‘zg‘orini butlab kelgan yurtdoshlarimizning bir qismi hozir uyga qaytgan. Biznikilar bu haqda lom-lim demayotgan bo‘lsa-da, xorijiy OAVda haqiqiy vaziyatga doir xabarlar e’lon qilinyapti, deb yozadi Platforma.uz Telegram-kanali.

Rossiya ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, rus diyoridagi jami migrantlar soni qariyb 6 millionga tushib ketgan. Avvalgi yillarda bu ko‘rsatkich 11 million atrofida bo‘lgan. Bunga esa koronavirus inqirozi asoratlari – Rossiyada ish o‘rni uchun raqobat kuchaygani va rublning qadrsizlanishi sabab bo‘lmoqda.

“Bilishimizcha, yaqin-yaqingacha bu mamlakatda rizq terib yurgan o‘zbekistonlik yollanma ishchilar soni 4 million atrofida edi. Rossiya IIV xabariga asoslanib xomcho‘t qilsak, demak, hozir taxminan 1,5 million migrantimiz Vatanimizda! Shu o‘rinda bizni haqli bir savol qiynaydi: endi shuncha odamga O‘zbekiston hukumati qanday ish topib bermoqchi? Bu borada biror tayinliroq dastur yoki hozirgi tilda aytganda, “yo‘l xaritasi” bormi?” deb yozadi Telegram kanal.

Muammoning ikkinchi tomoni ham bor: Rossiyadagi mehnat muhojirlari oyma-oy jo‘natib turgan xorijiy valyuta miqdori ikki barobar kamayib ketishi milliy iqtisodiyotga ham ta’sir o‘tkazadi. Qolaversa, ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari shundoq ham qimmatlashib borayotgan bir vaziyatda real aholi qatoriga 1,5 million kishi qo‘shilishi bilan osh-non bahosi ham yana oshishi hech gap emas.

XS
SM
MD
LG