Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 21:06

OzodDayjest: Mahalla raisini kaltaklagan hokim o‘rinbosarini jazolash talab qilindi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Toshkent viloyatida mahalla raisini kaltaklagan hokim o‘rinbosariga hech qanaqa chora ko‘rilmagani e’tirozlarga sabab bo‘ldi. O‘zbekistondan butunlay ko‘chib ketganlar soni keskin ko‘paydi. Koreya va Turkiyadagi o‘zbek konsullari ogohlantirish bilan chiqdi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Mahalla raisini kaltaklagan hokim o‘rinbosariga hech qanday chora ko‘rilmadi

Toshkent viloyatidagi Usta Normat MFY raisi Alisher Ikromovni Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov kaltaklagani haqidagi xabar bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi. “Rost24” nashri mushtumzo‘r amaldorga qanday chora ko‘rilgani, voqealar qanday yakun topgani bilan qiziqdi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yil 11 - iyun kuni B. Rahmonov bosh prokuratura xodimlari guvohligida A. Ikromovdan uzr so‘ragan va tomonlar og‘zaki yarashtirilgan. Ammo ish yuzasidan hokim o‘rinbosariga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagani, ish tinchlik yo‘li bilan hal bo‘lganiga qaramay, shu kunning o‘zida, ya’ni 11 - iyun kuni kech soat 22:10 da B.Rahmonovning akasi S. Rahmonov A. Ikromovni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlagan va Ikromovning o‘zi aybdorligini iddao qilgan.

Haqoratlangan va kaltak yegan rais hokim o‘rinbosarining akasi S. Rahmonov ustidan Oqqo‘rg‘on tumani prokurori nomiga 12 - iyunda ariza yozgan. Arizada og‘zaki yarashuv kelishuvini bekor qilish ham so‘ralgan. Oradan bir oy vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, ariza bo‘yicha hech qanday javob xati berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 9 - may kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi Usta Normat MFY raisi Alisher Ikromov Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov tomonidan chaqirtirilgan va o‘z xizmat vazifasiga umuman aloqador bo‘lmagan masalaning bajarilmagani yuzasidan haqoratlangan va kaltaklangan.

“Oddiy fuqaromi, amaldormi qonun oldida birdek javob berishi kerak. Oddiy fuqaro haqorat uchun qamalib ketayotgan zamonda fuqarosini kaltaklagan hokim o‘rinbosari ham jazolansa adolatdan bo‘lar edi”, deb yozgan “Rost24” nashri.

Konsul ogohlantirdi: Koreyadagi o‘zbek mehnat muhojirlari orasida kovidga chalinish ko‘paymoqda

Keyingi paytlarda Koreya Respublikasida COVID-19 infeksiyasi tarqalishi rekord darajaga chiqib bormoqda. Xavotirli jihati, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida ham kasallikka chalinish holatlari ko‘paymoqda (www.uza.uz, 27 - iyul). O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasi konsuli Haydar Fayziyev bu borada ogohlantirish bilan chiqdi.

Koreya bandlik va mehnat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, birgina iyul oyida mamlakat hududida bo‘lgan 43 nafar O‘zbekiston fuqarolari (asosan migrant ishchilar) o‘rnatilgan tartib-qoidalarga rioya qilmaganliklari sababli COVID-19 infeksiyasiga chalingan.

“O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi ushbu mamlakatda bo‘lib turgan barcha fuqarolarimizdan, ayniqsa, shartnoma asosida ishlayotgan migrant ishchilarimizdan mamlakatda pandemik holatni oldini olish bo‘yicha o‘rnatilgan tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilishlarini, dam olish va ta’til kunlari o‘zini va atrofidagilar xavfsizligini o‘ylab uyda qolishlarini, ko‘pchilik bo‘lib yig‘ilmaslik hamda o‘ta zarur bo‘lmagan holatlarda bir hududdan ikkinchi hududga bormasliklarini tavsiya etadi”, degan konsul H. Fayziyev.

Avvalroq O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi ham Turkiyaga kelayotgan vatandoshlarga murojaat yo‘llagan edi. Qayd etilishicha, Turkiyaga sayyoh bo‘lib kelib ma’lum bir muddatdan so‘ng O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lganlar orasida kovidga chalinish keskin oshmoqda. Shu munosabat bilan konsulxona Turkiyaga kelishni rejalashtirgan o‘zbekistonliklarga tibbiy sug‘urta rasmiylashtirishni tavsiya qilgan.

Doimiy yashash uchun O‘zbekistondan xorijga ko‘chib ketganlar soni keskin oshdi

2021 - yilning birinchi yarmida doimiy yashash uchun O‘zbekistondan xorijga ko‘chib ketganlar soni 10 ming nafardan oshdi (www.gazeta.uz, 27 - iyul). Bu 2020 - yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 4,5 barobarga, 2019 - yilning dastlabki olti oyiga nisbatan 2,2 barobarga ko‘p demakdir.

O‘zbekistondan xorijiy mamlakatlarga ko‘chib ketganlarning asosiy qismi Qozog‘iston (jami xorijga ko‘chib ketganlarga nisbatan 65,6%), Rossiya (25,3%), Tojikiston (2,2%), Qirg‘iziston (1,6%), Ukraina (1,0%) va boshqa mamlakatlar (4,3%) hissasiga to‘g‘ri keldi.

Migratsiya saldosi (ketuvchilar va keluvchilar umumiy soni o‘rtasidagi farq) -9,6 ming kishini tashkil etdi. Solishtirish uchun: 2018 - yilning birinchi yarmida migratsiya saldosi -6,2 ming, 2019 - yilda -3,5 ming, 2020 - yilda -1,9 mingta bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG