Линклар

Шошилинч хабар
17 сентябр 2021, Тошкент вақти: 19:04

OzodDayjest: Metro qurilishi sababli 785 tup daraxt boshqa joyga ko‘chirilayotgani e’tiroz uyg‘otdi


Sergeli – Qo‘yliq yerusti metrosi bekatlaridan birining eskizi

Senat ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlarning holatini qoniqarsiz deb baholadi. O‘zbekistonda “30 yil davomida kun tartibidan chetda turgan masala” ochiqlandi. Qurilish vajidan daraxtlarning yozda ko‘chirilishi e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Senat: O‘zbekistondagi 40 foiz ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar yaroqsiz holda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlarning holati qoniqarsiz deb baholandi (“Xalq so‘zi”, 29 - may).

Respublika avtomobil yo‘llarida o‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, bugungi kunda 15 mingga yaqin ko‘prik mavjud bo‘lib, shundan 40 foiz ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar yaroqsiz, qoniqarsiz va ta’mirtalab holatga kelib qolgan.

Bundan tashqari, avtomobil yo‘llarida joylashgan va egasi aniqlanmagan ko‘priklarni saqlovchilarga topshirish ishlari amalga oshirilishi o‘rganilganida, 3477 dona ko‘prik o‘z egalariga berilmagani aniqlandi. Egasiz va yaroqsiz holdagi ko‘priklar esa fuqarolarning xavfsiz harakatlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, ularning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Bundan avvalroq mahalliy nashrlar Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida 6,5 milliard so‘mga qurib bitkazilgan ko‘prik hech qancha vaqt xizmat ko‘rsatmay qulab tushgani haqida xabar bergan edi.

Tahlilchilar ko‘prik va yo‘l qurilishida mablag‘larni talon-toroj qilish ko‘p kuzatilishiga e’tibor qaratadi. Bundan tashqari, daryo va soylarning o‘zanlaridan tosh, qum va shag‘alning nazoratsiz va noqonuniy ravishda qazib olinishi ham ko‘priklarning ishdan chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasiga ko‘ra, suv o‘zanlaridan tosh, qum va shag‘alning noqonuniy ravishda qazib olinishi oqibatida Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent va Andijon viloyatlarida barpo qilingan 26 ta ko‘prikning tayanchi xavfli holatga kelib qolgan. Hukumat hujjatiga ko‘ra, daryolardagi ko‘priklardan – o‘zan bo‘ylab yuqoriga va pastga qarab 2,5 kmgacha bo‘lgan masofada qum va toshlar qazib olish uchun karyer barpo etish taqiqlanadi.

“Yashasin vazirlik! Kambag‘allikni qisqartirish mana bunday bo‘ladi!..”

O‘zbekiston aholisining minimal iste’mol xarajatlari miqdori dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kishi boshiga bir oyda 440 ming so‘m etib belgilandi. Qayd etilishicha, mazkur hisob O‘zbekiston iqtisodiy bloki, Jahon banki va boshqa bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

“Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kam daromadli aholining jami xarajatlari uchun oyiga kishi boshiga 440 ming so‘m kerak bo‘ladi. Bu miqdor kambag‘allik chegarasini aniqlashda muhim hisoblanadi. Hozirga qadar kambag‘allik chegarasi real ko‘rsatkichlarga asoslanmagan edi. Endilikda shu qiymat orqali kambag‘allikka qarshi kurashishda bu chegaradan foydalanamiz. MIX aholiga moddiy-ijtimoiy yordam berishda, pensiya va nafaqalari tayinlashda yaxshi samara beradi”, degan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov.

Minimal iste’mol xarajatlarini hisoblash uchun tajriba sifatida Jahon banki ko‘magida 2020 - yilda respublikaning barcha hududlaridan tanlab olingan 5400 ta uy xo‘jaliklarida so‘rovnoma o‘tkazilgan. Shu asosda oilalarda jon boshiga kunlik iste’mol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kilokaloriya) va zarur bo‘lgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal iste’mol xarajatlar hisoblangan.

“Ekspertlarning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlarining miqdorini belgilash – 30 yil davomida kun tartibidan chetda turgan masala. Bu bo‘yicha bir qarorga kelinishi iqtisodiy sektor uchun murakkab va mas’uliyatli qadamdir”, deb yozadi Qalampir.uz nashri.

“Ana, xolos! Kutganmidingiz?.. Agar minimal iste’mol xarajatlarining miqdori kishi boshiga 440 ming so‘m etib belgilanadigan bo‘lsa, O‘zbekistonda kambag‘al odam qolmasligi aniq. Yashasin, vazirlik ishlayapti! Kambag‘allikni qisqartirish mana bunday bo‘ladi!..” deya holatni biroz yumor bilan izohlagan “Oila davrasida” gazetasi.

“Ekologmi shular?” – Qurilish sabab 785 tup daraxt boshqa joyga ko‘chirilayotgani e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda

Sergeli – Qo‘yliq yerusti metrosi qurilishi sabab hududdagi 785 tup daraxt boshqa joyga ko‘chiriladi. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, mazkur hududda joylashgan o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni ko‘chirishga, ko‘chirish imkoni bo‘lmaganda, istisno tariqasida kesishga ruxsat berilgan. Kesiladigan har bir daraxt uchun kompensatsiya sifatida 10 tup ko‘chat ekish va ularni ikki yil davomida parvarishlash majburiyati yuklanadi.

Ayni paytda daraxtlarning yozda ko‘chirilishi e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

“40-45 daraja issiqda yillar davomida ildiz otgan joydan boshqa yerga ko‘chirilgan daraxt amal ushlaydimi? Yozda daraxt ko‘chirish – uni o‘ldirish, ya’ni kesish degani-ku! Lekin bu – buzish-qurish va o‘zlashtirish biznesi bilan chatishib ketgan va ularning dastyoriga aylangan ekologlarni qiziqtiradimi? Ekologmi shular? Bularning ham uyiga, yotog‘iga, bo‘g‘ziga va o‘pkasiga zahar-zaqqum chang kirib boryaptimi?” deya mutasaddilarni savolga tutgan bloger Otabek Bakirov.

Joriy haftada e’lon qilingan O‘zbekiston atrof tabiiy muhiti ifloslanishi monitoringiga ko‘ra, Toshkentda chang miqdori 2,7 marta ortgan.

“Daraxtlarni kesib, muttasil qurilishlarni amalga oshirishda davom etar ekanmiz, havoning ifloslanish ko‘rsatkichi bundan-da yomonlashib boraveradi. Tasavvur qilyapsizmi, siz o‘tgan bir haftaning o‘zida o‘rtacha uch baravar ko‘proq chang va boshqa zaharli moddalarni yutmoqdasiz. Didsiz arxitekturada binolar qurib pullayotganlar esa hozircha faqat ko‘rayotgan foydasini o‘ylashdan nariga o‘tmayapti”, deb yozgan bloger Nozim Safari.

XS
SM
MD
LG