Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:46

OzodDayjest: “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Putinning fikriga munosabat bildirdi


“Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov
“Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov

Qurilish sohasida nazoratni kuchaytirish talab etildi. Alisher Qodirov o‘zbeklar o‘z farzandlarini rus maktablariga berayotganini tanqid qildi. Sudda oqlangan sobiq bojxonachilar ishga tiklana olmayotganidan shikoyat qilmoqda. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Qurilishdagi buzilishlar: hisoblayverib sanoqdan ham adashib ketdik!

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda qurilish ob’ektlarida fojialar tez-tez yuz bermoqda (“Hurriyat”, 14 - aprel). Masalan, Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida 6,5 milliard so‘mga qurilgan ko‘prik 2 yil o‘tmasdan vayron bo‘ldi. Namangan shahri Davlatobod tumanidagi Shimoliy Farg‘ona kanali ustiga qurilgan 37 metrlik yangi ko‘prik, Jizzax shahrida endigina barpo etilayotgan 6 qavatli uy bitmasdan qulab tushdi.

Yangi yerusti halqa yo‘lining “Do‘stlik-2” bekatidan “Qo‘yliq” bekatigacha bo‘lgan yo‘nalishi 2020 - yil 30 - avgust kuni ishga tushdi. Uzunligi 11 kilometr bo‘lgan mazkur yo‘nalishda halitdanoq yorilish, o‘pirilish, qo‘porilish, to‘kilib qolish, o‘yilib tushish kabi kamchiliklar ko‘zga ko‘rina boshladi.

“Nega qurilishlarda korrupsiya bu qadar avj olib ketgan? 2019 - yil 18 - dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘li qurilishida halokat ro‘y bergani, ishchilar tuproq ostida qolib halok bo‘lgani jarohatlari hali bitmay turib, yangidan-yangi ko‘ngilsizliklar ro‘y bermoqda. Hisoblayverib sanoqdan ham adashib ketdi-ku odam! O‘zi asrasin-u, lekin shu tarzda “mendan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida yumaloq-yostiq ish qilinaversa, ertaga bundan ham ko‘p ko‘rgiliklar tushmaydimi boshimizga?!” deb yozgan gazeta.

Qayd etilishicha, qulab tushayotgan uylar, ko‘priklar, temir yo‘l va avto magistrallardagi o‘pirilishlar zamirida o‘g‘rilik, talon-toroj yotibdi.

“Nazorat, ha, juda qattiq nazorat yetishmayotgandek bu sohaga. Qonun ishlamayotgandek bu sohada. Uni nazorat qiladiganlar esa quruvchilar, to‘g‘rirog‘i, qurilishdagi olg‘irlar bilan allaqachon “aka-uka” tutinib ketgandek, nazarimizda”, deb yozgan nashr.

Alisher Qodirov: Putin haq, biz esa yuz yildan beri rus vatandoshlarimizga o‘zbek tilini o‘rgata olmaymiz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning fikriga munosabat bildirdi (www.xabar.uz, 14 - aprel). Putin Rossiya maktablarida migrantlar farzandlari sonini cheklashga chaqirar ekan, ayrim ta’lim muassasalarida xorijlik bolalar rossiyalik bolalarning bilim darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini aytgan qilgan edi.

Alisher Qodirovga ko‘ra, Putinning muhojirlar farzandlari rus tili va madaniyati muhitiga to‘liq singib ketishi lozimligi xususidagi talabi rus milliy manfaatlari nuqtai nazaridan to‘g‘ri fikrdir.

“Biz esa yuz yildan beri rus vatandoshlarimizga o‘zbek tilini o‘rgata olmaymiz. Aksincha, o‘zbeklar farzandini rus tilida ta’lim olishga yo‘naltirayotgani odatiylashib bormoqda. Toshkent shahrida o‘zbek tilida o‘qitilmaydigan maktablar soni ko‘payib ketdi. Achinarlisi, bunday maktablarning 90 foizdan ko‘p o‘quvchilari o‘zbeklardir. Bu qonunchilikdagi xato bilan bog‘liq masala”, degan A. Qodirov.

Deputatning ta’kidlashicha, Konstitutsiyada O‘zbekistondagi barcha millatlarning tillarini rivojlantirish uchun sharoit yaratishga va’da berilgan va bu va’da oshig‘i bilan bajarilmoqda. Lekin bag‘rikenglik oqibatida o‘zbeklarning yangi avlodi o‘zligini anglamaydigan, ona tilini bilmaydiganlardan iborat bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

“O‘zbekning bolasi o‘zbek qadriyatlari bilan tarbiya ko‘rsin, savodini o‘zbek tilida chiqarsin, 7-sinfdan boshlab istagan xorijiy tilni o‘rgansin, bu millat rivoji uchun zarur. Boshqa millat vakillari bo‘lgan vatandoshlar ham ona tillarida tarbiya ko‘rsinlar, savod chiqarsinlar, lekin xorijiy tillar bilan bir qatorda, vatan tili sifatida o‘zbek tilini ham o‘rganishlari kerak”, deya qayd etgan “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi.

Poraxo‘rlikda ayblanib, so‘ng oqlangan sobiq bojxonachilar ishga tiklana olmayapti

Davlat bojxona qo‘mitasi tizimida 2015 - yil oktabr oyiga qadar xizmat qilgan Hasan Samatov, Shuhrat Musayev, Panji Haydarov va Maqsud Umarjonovlar ishga tiklanish uchun Oliy sudga qadar murojaat qildi (www.kun.uz, 15 - aprel).

Qayd etilishicha, 2015 - yil oktabr-noyabr oylarida pora olish jinoyatida ayblanib qamoqqa olingan bojxonachilarga tergov jarayonida tazyiq va qiynoq qo‘llangan. Ular JIB Surxondaryo viloyati sudining 2016 - yil 3 - maydagi hukmi bilan Jinoyat kodeksi 210-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va jazoga hukm qilingan. Oradan 3 yil o‘tib jinoyat ishi qayta ko‘rilib sobiq bojxonachilar oqlangan.

Quyi instansiya sudlarining ajrimiga binoan 2020 - yil 23 - dekabrda sobiq xodimlar bojxona tizimiga ishga tiklanadi. Biroq bojxona qo‘mitasi Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat kiritadi. Oliy sud ajrimiga ko‘ra ishga tiklangan bojxonachilar 2021 - yil 13 - mart kuni qayta ishdan bo‘shatiladi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Oliy sud ajrimini noto‘g‘ri deb hisoblab, yana “sobiq”qa aylangan bojxonachilar manfaatida kassatsiya tartibida protest keltiradi. Ayni damda ish Oliy sudda kassatsiya tartibida takroran ko‘rib chiqilmoqda.

XS
SM
MD
LG