Линклар

Шошилинч хабар
14 июн 2021, Тошкент вақти: 05:24

OzodDayjest: Mirziyoyev Toshkent hokimi Ortiqxo‘jayevni tanqid qildi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev (chapda) Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev (o‘ngda) bilan

O‘zbekiston prezidenti Toshkent hokimiga tanbeh berdi. Darslik chop etish borasida ham monopoliya yuzaga kelmoqda. Shoir Jamol Kamol ayrim muassasalarda hamon qora ro‘yxat amalda ekanini taxmin qildi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

“Men Toshkentda 4-5 yil ishlaganman, og‘ayni” – Prezident Mirziyoyev hokim Ortiqxo‘jayevga tanbeh berdi

Sanoat va logistika sohasi bo‘yicha investitsion loyihalar taqdimotida prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentning og‘riqli va kundan-kunga chuqurlashib borayotgan muammolaridan biri – kanalizatsiya va ijtimoiy infratuzilma obyektlarining yangi qurilayotgan uy-joy fondiga monand rivojlanmayotgani haqida to‘xtaldi (www.daryo.uz, 1 - fevral). Taqdimot asnosida prezident poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni shahar ichidagi qurilish loyihalari uchun tanqid qildi.

“Men Toshkentda 4-5 yil ishlaganman, og‘ayni. Bu yerga 120 millimetrli kichkinagina kanalizatsiya qo‘yganmiz (davlat rahbari quvur diametrini qo‘li bilan ko‘rsatgan – tahr.). Sen esa u yerda 9 qavatli uy quribsan. Biz kanalizatsiya nasosini qurishimiz kerakmi yoki yo‘q? Trubalarni kuchaytirishimiz kerakmi? Maktablar-chi? Bog‘chalar-chi?” degan Shavkat Mirziyoyev.

Bu o‘rinda qaysi loyiha haqida gap ketgani aytilmagan. Ammo uchrashuv yakunida prezident loyihalarni sifatli amalga oshirish uchun ularni ekspertizadan o‘tkazish, bu tizimni tarmoqlar va hududlar kesimida ham tatbiq etishni topshirgan.

“Kimning puli bo‘lsa, uy, biznes-markaz quryapti, lekin developerlarning birortasi kanalizatsiya, elektr energiyasi ta’minoti, maktab, bog‘cha, poliklinika haqida o‘ylamayapti. Hammasi mavjud quvvatlarga ulanyapti va ularni zo‘riqtirishda davom etmoqda”, deb yozgan Telegramdagi Davletov.uz kanali ushbu xabarni izohlar ekan.

Avvalroq Toshkent hokimi mahalliy deputatlarga murojaatida 2020 - yilda 125 ta 8444 ta xonadonga ega ko‘p qavatli uylar qurilganini ma’lum qilar ekan, poytaxtda qurilish to‘xtatib qo‘yilsa, narxlar keskin oshishini aytgan edi.

“Akfa” shirkatlari guruhi sohibi bo‘lgan 46 yoshli Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018 - yil 26 - apreldan poytaxtga rahbarlik qilib keladi.

Nashriyotlar: Darslik chop etish borasida ham monopoliya o‘rnatilmoqda

Respublika ta’lim markazi tomonidan maktab darsliklari tendersiz tayyorlanayotgani bu borada ham monopoliya yuzaga kelmoqda degan xavotirlarni yuzaga keltirmoqda (“Ishonch” gazetasi, 4 - fevral). Masalan, yangi joriy etilgan “Tarbiya” fani bo‘yicha darslik hech qanday tanlovsiz, Ta’lim markazida tuzilgan mualliflar guruhi tomonidan yaratildi. 6 million nusxada 7 tildagi darslikni chop etish uchun faqat “Kolor Rask” nashriyoti bilan shartnoma imzolandi.

Keyinchalik darslikning ma’lum nusxalari “G‘afur G‘ulom”, “O‘zbekiston” nashriyotlarida ham chop etilgan bo‘lsa-da, mazkur nashriyotlarda kitoblar Xalq ta’limi vazirligi bilan emas, “Kolor Rask” nashriyoti bilan tuzilgan shartnoma asosida bosildi.

Ushbu nashriyotlar vakillariga ko‘ra, vazirlikning tanlovsiz ish tutishi va faqat “Kolor Rask” bilan shartnoma tuzayotgani monopoliyaga yo‘l ochmoqda. Kelgusida bu darsliklar sifatiga ham ta’sir etmay qolmaydi. Chunki ushbu jarayonlarda Respublika ta’lim markazi ham, darslik tayyorlovchi ham uni baholovchi tashkilot bo‘lib qolmoqda.

Ta’lim markazi rahbari Shuhrat Sattorov ushbu holatni izohlar ekan, mamlakatda darslik tayyorlash bo‘yicha mualliflar maktabi yo‘qligini qayd etgan. Ma’lum qilinishicha, “Tarbiya” darsligini tayyorlashda oldingi avlod darslik mualliflari bilan birgalikda amaliyotchi o‘qituvchilar, nazariyotchilar, xalqaro ekspertlar va shu sohaga qiziquvchi pedagoglar jamoasidan iborat mualliflar guruhi ishlagan. Markaz rahbari darslik chop etish nega faqat birgina “Kolor Rask” nashriyotiga topshirilgani sababini ochiqlamagan.

Taniqli shoir Jamol Kamol TVda nomi ko‘rsatilmayotganidan yozg‘irdi

O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol ayrim muassasalarda hamon qora ro‘yxat amal qilayotganini taxmin qildi (“Hurriyat” gazetasi, 3 - fevral).

“Ba’zi birovlar hamon o‘sha “ro‘yxat”ga amal qilayotganga o‘xshaydi yoki o‘zlari qora ro‘yxat tuzib olishgan. Buni men o‘z tanamda his etdim. Mening tarjimamda Shekspirning “Koriolan”, “Afinalik Timon”, Bertolьd Brextning “Sichuanlik mehribon” asarlari televizorda film-spektakl sifatida vaqti-vaqti bilan namoyish etiladi. Ammo tarjimonning nomi ko‘rsatilmaydi, o‘chirilgan”, degan J.Kamol.

Qayd etilishicha, 23 - aprel – Shekspir tug‘ilgan kuni munosabat bilan UzReport telekanali muxbiri bir necha yil avval ingliz ijodkorining tarjimoni sifatida Jamol Kamol bilan bir yarim soatcha suhbat qilgan. Suhbat televideniye rahbarlariga ma’qul bo‘lgan, biroq efirga berilmagan.

“Ma’lum bo‘lishicha, kimningdir topshirig‘i bilan bunga izn berilmagan. Ayting, bu jaholat emasmi? Shekspir haqidagi suhbatning kimga ziyoni tegadi? Bilmadim. Ammo bilamanki, bu gaplar yoshlarga ta’sir etmay qolmaydi. Ularning qalbidagi jur’at, jasoratni so‘ndiradi”, degan keksa shoir.

83 yoshga qarab ketayotgan atoqli shoir va tarjimon qitmirliklarga qaramay ijodda davom etayotganini bildirgan.

“Men o‘zimni erkin inson deb bilaman. Yuqorida aytganim, ayrim kimsalar tomonidan amalga oshirilayotgan baxillik, qitmirliklarni hisobga olmaganda, yo‘limda hech qanday to‘siq yo‘q. Shu kunga yetkazganiga shukr deyman”, degan u.

Eslatib o‘tamiz, shoir Jamol Kamol 2019 - yil yozida Samarqand¸ Urganch va Namangan aeroportlarining Rossiya shirkatiga berilayotganidan norozi bo‘lib Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilovga ochiq maktub yo‘llagan edi.

XS
SM
MD
LG