Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:24

OzodDayjest: Monopol avtoshirkat sotayotgan “ajalarava”larning xavfsizlik darajasi e’tirozli savollar tug‘dirmoqda


O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar

Taniqli shifokor tibbiyot institutlariga superkontrakt asosida qabullarni bas qilishga chaqirdi. XDP yoshlar uchun imtiyozli kredit berish to‘xtatilayotganidan norozi. GM avtomobillarining avtohalokatlarda yonib ketayotgani qator savollarni paydo qildi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

“90 foizi – ilmsiz!” – Taniqli professor oliy ta’lim muassasalarga qabul jarayoni haqida

Professor, nevrolog Zarifboy Ibodullayev oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda berilayotgan imtiyozlarni tanqid qildi (www.kun.uz, 25 - may).

“Superkontrakt degan balo tibbiy ta’limning oyog‘iga haqiqiy tushov bo‘ldi. Superkontraktga 250 mln so‘m to‘lab kiradiganlarning 90 foizi – ilmsiz talabalar. Oddiy anatomiyani bilishmaydi. Fursatdan foydalanib, sog‘liqni saqlash vazirligi, oliy ta’lim vazirligiga taklif kiritmoqchiman: superkontraktdan voz kechish yoki ularga bir marta imkoniyat berib, undan foydalana olishmasa, haydab yuborish kerak”, degan professor Ibodullayev.

Qayd etilishicha, superkontrakt tizimi sog‘liqni saqlash sohasida mutlaqo o‘zini oqlamaydi.

“Superkontrakt bo‘yicha o‘qishga kirgan talabalar dekabrdan qabul qilinmoqda. Bu qanaqasi? O‘tib ketgan tsikllar nima bo‘ladi? Boring, prokuror bo‘ling, boshqa kasb egasi bo‘ling, ammo shifokorlik sizlarga o‘yin emas!” degan u.

Mutaxassis ayni paytda Vazirlar Mahkamasidan shu kabi imtiyozlarni bekor qilishni so‘ragan.

“Yana aytaman, xorijdan shifokorlarni olib kelaman deyishdan oldin o‘zimizning vrachlar o‘qishi uchun sharoit yaratinglar. Kafedraga kelinglar, bitta ham laboratoriya yo‘q. Apparatura yo‘q. Qanaqa o‘qitish mumkin? O‘zbek talabalariga o‘zbek institutlarida xorij sharoitini yaratib bering. Besh yildan keyin biz sizlarga natija beramiz. Televizorga chiqqaningizda Beruniy, Navoiy, Moturidiy avlodimiz, deb doim aytasizlar-ku! Avlodi bo‘lsak, sharoit yaratib beringlar, o‘qishga ham xalaqit bermanglar, ko‘rasizlar natijani”, degan professor Z.Ibodullayev.

“Kreditlarni yoshlar emas, mas’ullar talon-toroj qilmayaptimi?” – Portfelsiz vazirga e’tiroz bildirildi

Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayevning yoshlar uchun imtiyozli kredit berish amaliyoti to‘xtatilishi xususidagi fikri e’tirozlarga sabab bo‘ldi (“O‘zbekiston ovozi” gazetasi, 26 - may).

“Biz yoshlar uchun kreditlar berishda birinchi navbatda imtiyozlardan voz kechishni rejalashtiryapmiz. Imtiyozsiz kredit bo‘lsa, talon-toroj kam bo‘ladi”, degan edi A.Sa’dullayev “Toshkent besh tashabbus” harakati doirasida tashkil etilgan anjumanda.

O‘zbekicton Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i Abror Qurbonovga ko‘ra, bugun ijtimoiy tarmoqlarda imtiyozli kreditlar ajratilishidagi noxolisliklar haqida aholi tomonidan ko‘plab fikrlar bildirilmoqda.

“Imtiyozni bekor qilib yuborish oson, lekin barchasi nazorat ostida amalga oshirilsa, bu ko‘plab yangi ish o‘rinlari degani, aslida. Axir imtiyozli kreditlar yoshlar emas, uning ajratilishiga mas’ul bo‘lganlar tomonidan talon-toroj qilinmayaptimi?..

Bugun katta hayotga kirib kelayotgan yoshlarga imtiyoz bermasak, yordam qo‘lini cho‘zmasak, yoshlar kelajagimiz, deb hayqirishdan ne naf? Savol tug‘iladi: hurmatli Sa’dullayev yoshlarga xayrixohmi yoki banklarning manfaatlarini himoya qiladimi?” deya maqomiga ko‘ra portfelsiz vazir sanalgan A.Sa’dullayevni savolga tutgan XDP vakili.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasida, shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovning ko‘plab mamlakatlarda ish o‘rnini davlat yaratmayotgani xususidagi fikri yuzasidan ham e’tiroz chop etilgan.

Monopol avtoshirkat qachongacha “ajalarava” sotadi?

Joriy yilning 4 oyida O‘zbekistonda ro‘y bergan yo‘l-transport hodisalarida 557 kishi qurbon bo‘lgan, 1684 kishi jarohatlangan. Ushbu avariyalarda 32 yoshgacha bo‘lgan haydovchilarning ulushi katta (“Oila davrasida”, 27 - may).

Nosoz yo‘llar – avtohalokatlarga olib kelayotgan sabablardan biri.

“Yo‘l ham nosog‘lom jussa kabi kemshik og‘zini ochib duduqlanadi. Gapira olmay sarson. Qarib qolgan, 80-yillarda yotqizilgan qoplamalari bilan uyat joyini yopishga behuda urinayotgan chorasiz kampirni ham eslatadi. Ruldagi mardum yo‘ldagi “uyat joy”dan aylanib o‘taman, deb ro‘paradagi yana bir sarson bilan “peshona urishtiradi”, deya vaziyatni obrazli ifodalagan muallif.

Maqolada haydovchilarni o‘qitish tizimida pora yoki tanish-bilishchilik illati urchigani, avtomaktab tizimi tanazzulga yaqinlashib qolganiga ham e’tibor qaratilgan.

Qayd etilishicha, avariya ro‘y bergan paytda mahalliy zavodda ishlab chiqarilayotgan mashinalarda xorij brendlariga qaraganda qurbonlar ko‘proq bo‘lmoqda.

“Nega eski inomarkadan ham tirik chiqiladi-yu, yangi GM boshqaruvni yo‘qotsa ham kamida ikki qurbon? Avvalo nega “Nexia 3” va “Lacetti” rusumli avtolarimiz tez-tez boshqaruvni yo‘qotib turadi? Muayyan tezlikka chiqilsa, faqatgina tajribali haydovchigina ularni eplashi mumkin, nega? Kamida 10 ming AQSh dollariga yarasha hayotiga xavf ham biroz kam bo‘lishi kerak emasmikan? Yoki bu pul monopol luqmaga bo‘kib qolganlar uchun kichkina summami, odam hayoti uning oldida ham sariq chaqami?.. Odamlar umrbod yiqqaniga o‘zi uchun “ajalarava” sotib olishdek tavqi la’natdan qachon ozod qilinadi? Yo‘llarda yonayotgan yaqinini ko‘rib, qo‘lidan hech nima kelmay bo‘zlab qolishlarning oxiri bormi? O‘zi nega GM avtomobillari YTHga uchrasa, ko‘p hollarda yonib ketadi?” deya mutasaddilarni savolga tutgan muallif.

XS
SM
MD
LG