Линклар

Шошилинч хабар
04 август 2021, Тошкент вақти: 08:39

OzodDayjest: Mutaxassis anomal issiq ortidan keladigan “syurprizlar”ni sanadi


Avariyalarda bolalarning halok bo‘lish holati ko‘paymoqda. Ekologiya qo‘mitasi noyob baliqni ovlashga ruxsat bergani aytilmoqda. Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiqning turli sohalarga ta’sirini baholadi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

“Qo‘rqinchli statistika” – Avariyalarda bolalarning halok bo‘lish holatlari ko‘paymoqda

Avariyalarda bolalarning nobud bo‘lish holatlari ko‘payib bormoqda (“Mahalla” gazetasi, 5 - iyun). Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2021 - yilning o‘tgan to‘rt oyi davomida bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari soni 25,3 foizga, ularda halok bo‘lgan bolalar soni esa 64,5 foizga oshgan.

“Qo‘rqinchli statistika, shunday emasmi? Har qancha sabab keltirilmasin, qancha dalil-isbot ko‘rsatilmasin, hech biri bu holatni oqlamaydi”, deb yozgan gazeta.

Qayd etilishicha, maktablarga olib boruvchi yo‘llarda piyodalar yo‘lakchalari tashkil etilmagani va yoritilmagani natijasida erta tongda yoki tungi vaqtlarda voyaga yetmagan bolalarning harakatlanish xavfsizligini ta’minlash muammo bo‘lmoqda. Jumladan, 2731 joyda tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyini yoritish zarur.

“Ko‘p polosali yo‘llarda nazorat qilinmaydigan (svetoforsiz) piyodalar o‘tish yo‘laklarini qurish mumkin emas. Bu – oddiy qoida. Buni butun dunyoda bilishadi. Biroq bizda emas. Birgina Toshkentning o‘zida yuzlab nazorat qilinmaydigan piyodalar o‘tish yo‘laklari mavjud. Magistral ko‘chalarda, avtomobil aylanma yo‘llarida, OTMlar, maktablar, bozorlar, aholi mavzelari yaqinida. Va ularda odamlarni urib ketish – odatiy hol”, deb yozgan nashr.

Shuningdek, xalqaro tajriba asosida “maktab zonasi”ni belgilash zarur. Misol uchun, Janubiy Koreyada “maktab zonasi”da transport vositalarining harakat tezligi maksimum 30 km/soat etib belgilangan. Yo‘l harakati qoidalari “maktab zonasi” va bolalar ko‘p bo‘lgan maxsus hududlarda buzilgan taqdirda, jarima 2-3 barobar ortig‘i bilan to‘lanadi. Ta’kidlanishicha, ushbu tajribani O‘zbekistonda ham joriy etish kerak.

Ekologiya qo‘mitasi qirilib ketish arafasidagi noyob baliqni ovlashga ruxsat bergan

Hozirgacha saqlanib qolgan jonzotlar ichida eng qadimiylardan biri hisoblangan, taxminan 200−150 million yil avval paydo bo‘lgan dunyodagi eng noyob baliq turi – Amudaryo katta soxta kurakburunini saqlab qolish uchun kerakli choralar ko‘rilmayapti (www.gazeta.uz, 8 - iyun). Ushbu baliq turi dunyoda faqatgina Amudaryo suvlarida uchraydi va xalqaro hamda O‘zbekiston “Qizil kitob”iga butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasidagi tur sifatida kiritilgan. Ammo ekologiya qo‘mitasi 2021 - yilda ovlashga ruxsat etilgan turlar ichida ushbu baliqning 10 tasini ham ko‘rsatgan.

“Bizning Xorazmda olib borayotgan kuzatuvimizga ko‘ra, birgina 2021 - yilning dastlabki ikki oyida ushbu baliqning 50 dan ortig‘i tutilgan. Bizda ushbu tutilgan baliqlarning rasmlari va boshqa dalillari mavjud. Ekologiya qo‘mitasining Xorazmdagi mahalliy bo‘limiga qilgan murojaatlarimiz e’tiborsiz qoldirilmoqda. Menimcha, Ekologiya qo‘mitasi butun boshli dunyodagi eng noyob turning butunlay qirilib ketishini kutayotgan bo‘lsa kerak”, degan gidrobiolog Baxtiyor Sheraliyev.

Mahalliy aholi ichida kurakburun balig‘ini esa, tug‘mayotgan ayollar tug‘adi degan mish-mish yuradi, ammo Sheraliyevga ko‘ra, baliqda homilador bo‘lishga yordam beradigan hech qanday unsur yo‘q.

Avvalroq ekologiya qo‘mitasining “Qizil kitob”ga kiritilgan ayiqni otishga ruxsat bergani e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi.

Mutaxassis: Anomal issiq ortidan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida “syurprizlar” kuting...

Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Erkin Abdulahadov O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiqning turli sohalarga ta’sirini baholadi (“Oila davrasida” gazetasi, 10 - iyun).

Qayd etilishicha, 1961-2010 - yillar davomida O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekistonga yilning 22 foiz davrida sovuq oqimlar kirib kelgan. Hozir bu ko‘rsatkich 10 foizga tushib qoldi. Yaqin yillarda bu son bir xonali raqamga tushishi kutilmoqda.

Ekspertga ko‘ra, anomal issiq birinchi galda oziq-ovqat xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatadi. Hosildorlik kamayadi, yaylovlar qisqaradi. Bunday sharoitda chorva go‘shti narxi muttasil oshib boradi.

“Sog‘liqni saqlash tizimida ham oldinda turli “syurprizlar” kutib turibdi. Iqlimning ma’lum davrlarga xos muttasil isishi o‘tmish viruslarni uyg‘otib yuborishi mumkin. Havo tarkibidagi uglerod dioksidi ortishi inson tanasidagi moda almashinuvida ma’lum o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Yuqori haroratli davrning ortishi kanalarning faollashishiga olib keladi. Jaziramalar yurak, qon-tomir kasalliklari, chang bo‘ronlar o‘pka, nafas olish, allergik kasalliklar ortishiga sabab bo‘ladi”, deb yozgan E. Abdulahadov.

Ta’kidlanishicha, iqlim isishini sekinlashtirish birgina O‘zbekistonning o‘ziga bog‘liq emas, dunyo mamlakatlari Parij bitimida ko‘rsatilgan shartlarni birgalikda amalga oshirishi kerak. Ayni choqda, O‘zbekiston oldida iqlimning salbiy ta’sirlarini yumshatish masalasi turibdi. “Yuqorida amaldorlar mutaxassislarning fikrini inobatga olmay, tapur-tupur islohotlarni davom ettiraverar ekan, aziyatlar yuqorida aytilgandan-da xavfli va ertaroq, tezroq amalga oshishi mumkin”, deya xulosa qilgan gidrometeorologiya mutaxassisi.

XS
SM
MD
LG