Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:47

OzodDayjest: Mutaxassis o‘zbek-xitoy vaksinasining samaradorligiga shubha bildirdi


OTMga kirishda imtiyozlar ko‘pligi tanqid qilindi. O‘zbekistonda farzand asrab olish uchun salkam 20 yil navbatda turish kerak. O‘zbekistonlik shifokor ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi JSST ro‘yxatidan o‘tmaganiga e’tibor qaratdi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

O‘zbekistonda har yili 200 nafar bola farzandlikka berilmoqda, navbatda turganlar soni esa o‘n barobar ko‘p

O‘zbekistonda farzandlikka olish tartibiga o‘zgartirish kiritilishi kutilmoqda (www.kun.uz, 21 - iyul). Bu boradagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilinyapti.

Muhokamalar jarayonida bugungi kunda farzandlikka olish istagida navbatda turganlarning soni farzandlikka berilayotganlarga nisbatan ancha yuqori ekani ta’kidlangan. Xususan, farzand asrab olish uchun 2018-2019 - yillarda 1,9 ming, 2020 - yilda esa 1,5 ming nafar fuqaro vasiylik va homiylik organlarida navbatda turgan. Farzandlikka berilayotganlar esa har yili o‘rtacha 200 nafarni tashkil etadi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilingan shaxslar voyaga yetmaganlarni farzandlikka olishi taqiqlangan. Mazkur norma ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lmagan, uncha og‘ir hamda farzandlikka olishga to‘sqinlik qilmaydigan jinoyat turlari (iqtisodiyot, ekologiya sohasidagi jinoyatlar va h.k.) uchun ham tatbiq qilinishi inson huquqlarining cheklanishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘tgan yili Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ham bola asrab olishdagi byurokratiyani tanqid qilgan edi.

“Mamlakatda farzand asrab olishga bo‘lgan talab yuqori. Chunki biz bolajon xalqmiz. Ammo hozirgi holatda farzand asrab olmoqchi bo‘lganlar o‘rtacha 18 yil navbat kutishga to‘g‘ri keladi. Respublikada amaldagi farzandlikka olish tartibi juda murakkab. Qog‘ozbozlik amaliyotlari juda ham ko‘p. Shaffoflik yo‘q. Navbat qachon kelishini bilib bo‘lmaydi. Navbatning elektron tizimi shakllantirilmagan. Bu esa mavjud tartibni aylanib o‘tishga, korrupsion munosabatlarning shakllanishiga, chaqaloq savdosining ko‘payishiga olib keladi”, degan edi T. Norboyeva.

Shifokor o‘zbekistonliklar ommaviy emlanayotgan vaksinani chalajon jangchiga o‘xshatdi

Shifokor va publitsist Muazzam Ibrohimova O‘zbekiston aholisi kovidga qarshi ommaviy ravishda emlanayotgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining samaradorligini shubha ostiga oldi. Mutaxassis Xitoyning “Anhui Zhifei Longcom” shirkati va Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti hamkorligida shoshilinch yaratilgan vaksina Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ro‘yxatidan o‘tmaganiga e’tibor qaratgan. M. Ibrohimovaga ko‘ra, ushbu vaksinani dunyo bo‘yicha faqat O‘zbekiston qo‘llamoqda. Hatto Xitoyda ham mazkur emdoridan foydalanilayotgani yo‘q. Shifokor ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining samarasini past deya baholagan.

“Tanamizga vaksina bilan virusning ayrim zarrachalarigina yuborilgani bois u virusning murakkab fe’l-atvorini ochib bera olmaydi va bu vaksinaning samaradorligini cheklaydi. Soddaroq tushuntirsam, ZF-UZ-VAC2001 o‘zbek-xitoy qo‘shma vaksinasi bilan emlanganimizdan so‘ng organizmimizda qurol-yarog‘ini arang ko‘tarib turgan chalajon jangchi paydo bo‘ladi... Uni mutlaqo samarasiz deyish fikridan yiroqman, chunki chalajon askar ham virus bilan kurashishga harakat qiladi. Lekin hozir undan samaraliroq vaksinalarni ham olib kelish imkoniyatimiz bo‘laturib nega hukumat Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xitoyliklarning o‘zi ham tan olmagan vaksinani millionlab dozada olib kirayotgani kulgili emasmi?” deb yozgan shifokor M. Ibrohimova.

Avvalroq Asab va ruhiyat ilmiy-tibbiy markazi direktori, professor Zarifboy Ibodullayev ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yaratilish bosqichlari haqida ma’lumotlar yo‘qligini aytib, mazkur vaksina qo‘llanishining maqsadga muvofiqligini shubha ostiga olgan edi. Innovatsion rivojlanish vazirligi Z. Ibodullayevning e’tirozlari noo‘rin va haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, u tomonidan tarqatilgan videomateriallar aholini chalg‘itayotganini bildirgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, hozirga qadar O‘zbekistonga 8,5 million doza o‘zbek-xitoy vaksinasi keltirilgan.

Universitetga kirishda harbiylar va ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlariga nega imtiyoz berilishi kerak?

Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonida yuqori ball olib ham grantga emas, shartnoma asosida o‘qishga kirish og‘riqli hol. Chunki ajratilgan grantlarni allaqachon imtiyozlilar egallab olgan bo‘ladi (“Mahalla” gazetasi, 17 - iyul).

Qayd etilishicha, o‘tgan yili kirish imtihonida 16 ta toifaga (“Zulfiya”, “Mard o‘g‘lon”, “Nihol” davlat mukofotlari sohiblari, olis cho‘l tumanlari yoshlari, yosh tasviriy san’at ustalari, yosh filologlar, Yoshlar ittifoqi faollari, harbiy soha, ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari, “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari, imkoniyati cheklangan yoshlar, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, “Tarbiyachi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari, xalqaro olimpiadalar g‘oliblari, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar hamda so‘xlik maktab bitiruvchilari) imtiyoz qo‘llangan.

“Joriy yilda boshqa imtiyozlar ham qo‘shilyapti. Ammo hali to‘liq ma’lumotlar taqdim etilganicha yo‘q. Aslida bunday holatlarda imtiyoz taqdim etilishi nechog‘li adolatli? Ba’zi bir imtiyozlar borasida yana bir karra o‘ylab ko‘rilsa, yaxshi bo‘lardi. Misol uchun, harbiy soha hamda ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlariga nega imtiyoz berilishi kerak? Axir, bu fuqaro o‘z xohishiga ko‘ra, shu sohani tanlagan va davlat uning mehnatiga yarasha maosh bilan ta’minlab turgan bo‘lsa, farzandiga imtiyoz berish shartmikan?” deya savol qo‘yadi “Mahalla” gazetasi.

XS
SM
MD
LG