Линклар

Шошилинч хабар
29 июл 2021, Тошкент вақти: 07:32

OzodDayjest: O‘zbekiston Oliy sudi mulozimi Stalin qatag‘oni qurbonlari qanday shart bilan oqlanishini ochiqladi


Deputat kommunal soha mas’ullarining va’dabozligidan norozilik bildirdi. Oliy sudi raisi o‘rinbosari “bosmachilar”ni oqlash shartidan bahs etdi. O‘zbekistonda nogironlar huquqlariga oid qonunlarning 90 foizi amalda ishlamayapti. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Deputat: “Kommunal soha mas’ullari real ish o‘rniga chiroyli bahona o‘ylab topishga usta bo‘lib ketdi”

Aholini toza ichimlik suv, elektr energiyasi, gaz, yo‘llar bilan ta’minlashni yaxshilash uchun mablag‘lar ajratilmoqda, lekin real vaziyat yaxshilanmayapti, aynan kommunal sohadan shikoyatlar kamaymayapti (“O‘zbekiston ovozi”, 14 - iyul). Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova maqolasida so‘z boradi.

Deputat kommunal soha mas’ullari mavjud muammolarni xaspo‘shlab, bahonalar to‘qishga odatlanib qolganini keskin tanqid qildi.

“Fikrimcha, kommunal sohaga mas’ul mutasaddilar keyingi yillarda real ish o‘rniga, ko‘proq chiroyli bahonalar o‘ylab topishga usta bo‘lib ketdilar. “Tizim o‘zi eski edi”, “mablag‘ berilmas edi”, “hali ham amallab turibmiz” deganga o‘xshash quruq bayonotlar jamoatchilikni charchatdi, ehtimol shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda norozi kayfiyatdagi fikrlar ko‘paydi”, degan M. Vorisova.

Deputat balandparvoz gaplarni yig‘ishtirib, amaliy ish qilishga undagan.

“Har yili odamlarning uyida, ish joyida chiroq o‘chadi, gaz bosimi pasayib ketadi, mas’ul tashkilotlar bayonotlari ham deyarli o‘zgarmaydi. Shunchasi yetar, endi tizimni o‘zgartirish haqida o‘ylashimiz kerak”, degan u.

O‘zbekistonda anomal issiq kuzatilayotgan shu kunlarda hatto poytaxt Toshkentda ham elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar ko‘paydi. Shu munosabat bilan “Ishonch” gazetasi 14 - iyul sonida Energetika vaziri Alisher Sultonovga Prezident huzurida bergan va’dasini yana-qayta yodga soldi.

“Oldingidek kuz-qish mavsumi degan tushunchadan voz kechdik. Chunki yoz oylarida ham ishlatilayotgan sovitish tizimi hisobiga issiq davrda talab ham “pik” bo‘lyapti. Ajratilayotgan mablag‘lar hisobiga bu yildan boshlab zarur talabni qondira oladigan bo‘lamiz”, deya va’da bergan edi vazir A. Sultonov joriy yil 24 - mart kuni bo‘lib o‘tgan selektor majlisida.

“Xo‘sh, o‘tgan davr mobaynida sohaga qancha mablag‘ ajratildi va uning hisobidan qanday ishlar amalga oshirildi? Modomiki, o‘zingiz aytganingizdek, tizimga katta mablag‘ ajratilayotgan ekan, nima uchun vaziyat o‘nglanmayapti? Nega kun sayin battar og‘irlashmoqda?” deb yozgan “Ishonch” gazetasi.

Oliy sud raisi o‘rinbosari “bosmachilar”ni oqlash haqida so‘z ochdi

Oliy sudi raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov 1930-yillarda Stalin davrida qatag‘onga uchragan o‘zbekistonliklarning oqlanishi sharti haqida gapirdi (“Rost24”, 14 - iyul).

“Bugungi kunda qatag‘on qurbonlari ro‘yxati shakllantirilib, ishlari ko‘tarilib, ular bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, 1970-1980 - yillarda “paxta ishi” bilan qamalganlarning ishlari ham o‘rganib chiqilmoqda. Sud ishlari ko‘rib chiqishning o‘ziga yarasha tartibi bor. Tartibga ko‘ra, sudda yuqori instansiyada ishlari ko‘rilishi uchun sudlangan shaxs yoki jabrlanuvchining shikoyati kerak. Biz bugungi kunda 1934-1938 - yillarda qatag‘on qurboni bo‘lganlarning yaqin qarindoshlarini topish ishlari bilan ham shug‘ullanmoqdamiz. Ular topilgan taqdirda keyin ishlarni qayta ko‘rib chiqamiz”, degan Oliy sud raisi o‘rinbosari.

Avvalroq “Rost24” saytida tarixchi olim Bahrom Irzayev bilan suhbat e’lon qilingan edi. Unda sovet davrida qatag‘onga uchragan, “bosmachi” tamg‘asi bosilgan, aslida mamlakat ozodligi uchun kurashgan millatparvar zotlarning nomini sud yo‘li bilan oqlash masalasi ko‘tarilgan edi.

“Shu vaqtgacha Qirg‘iziston, Qozog‘iston davlatida turkistonliklar millat qahramoni sifatida tan olingan. Ammo biz qizil bayroq ko‘tarish bilan ovora bo‘lib qolmayapmizmi? “Bosmachilar” nomini oqlash, ularning qahramonligini ochiqlash qachon siyosat darajasiga olib chiqiladi? Vatan uchun jon bergan millatdoshlar nomini poklash, millatimizning o‘z qaddini tiklashiga tili va vijdoni uchun kurashishida turtki bo‘lmaydimi?” deb yozgan edi o‘shanda “Rost24” nashri.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari” davlat muzeyi tomonidan ham Oliy sudga millat fidoyilarini oqlash bo‘yicha taklif kiritilgan.

Nogironlar huquqlarini himoya qilishga doir qonunlarning 90 foizi amalda ishlamayotir

O‘zbekistonda nogironligi bor shaxslarning ish topishi og‘riqli muammo bo‘lib qolmoqda (“Mahalla” gazetasi, 10 - iyul). Mamlakatda ishlay oladigan nogironligi bor shaxslar 346 mingdan ortiq, ammo ularning 7 foizigina rasman ish bilan ta’minlangan. Nogironligi bor bolalarning ta’lim olishida ham muammolar yetarlicha.

“Yoki hozir O‘zbekistonda nogironlik nafaqalari miqdorini olaylik, ular o‘rtacha 400 ming so‘m. Bu pulga normal yashash imkonsiz”, deb yozgan gazeta. Qolaversa, O‘zbekistondagi binolarning 85 foizi nogironligi bor shaxslar harakatlanishi uchun moslashmagan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston tomonidan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi necha yillardan beri yechilmay kelayotgan muammolar hal qilinishiga turtki bo‘lishi mumkin.

“Nogironligi bor shaxslar huquqlariga oid milliy qonunchilikni xalqaro qonunlarga moslashtirishimiz kerak. O‘tgan 30 yil ichida nogironlar huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlab qabul qilingan qonunlarning 90 foizi amalda ishlamayotgan edi. Sababi bu masala bo‘yicha bizni hech kim tekshirmagan: o‘zimiz qonunlarni chiqarganmiz va nazorati ham tashlab qo‘yilgan. Endi konvensiyani ratifikatsiya qilganimiz sababli BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasida O‘zbekiston ham hisobot bera boshlaydi”, degan Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov.

XS
SM
MD
LG