Линклар

Шошилинч хабар
20 июн 2021, Тошкент вақти: 18:51

OzodDayjest: O‘zbekiston parlamenti tilanchilar soni ortganidan xavotir bildirdi


Asakada UzAuto Motors shirkati xodimlari aksiyasi ortidan Mehnat kodeksining yangi loyihasidan ish tashlashga doir modda olib tashlandi. Senat IIVdan tilanchilarga qarshi chora ko‘rishni so‘radi. Prokuror sud-tibbiy ekspertiza xodimini qasddan qamatishda ayblanmoqda. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Mehnat kodeksining yangi loyihasidan ish tashlashga doir modda olib tashlandi

Joriy yil 6 - mart kuni Asakada UzAuto Motors kompaniyasining ayrim xodimlari ish haqi kamligidan noroziliklarini ifodalash maqsadida jamoaviy ish tashlash o‘tkazdi. Ushbu voqea ortidan qonunchilikdagi bo‘shliqlardan biri ko‘zga tashlandi (www.kun.uz, 10 - mart)

Gap shundaki, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi qabul qilinganiga 25 yildan oshgan bo‘lsa-da, rivojlangan demokratik davlatlarda xodimlarning uzviy huquqi hisoblanadigan ish tashlash masalasi milliy qonunchilikka kiritilishi xushlanmaydigan masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Qayd etilishicha, Markaziy Osiyoda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘z mehnat qonunchiligiga ish tashlashga oid normalarni kiritishdan, ehtimolki, qo‘rqib keladi.

Ayni kunlarda O‘zbekistonda mehnat kodeksining yangi tahriri ustida ish olib borilmoqda. Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi Muhammadamin Karimjonovning ma’lum qilishicha, kodeks loyihasining 2019 - yilda ishlab chiqilgan 636 moddadan iborat variantida “ish tashlash” tushunchasining ta’rifi, uni tashkil etish tartibi batafsil bayon qilingan. Biroq loyihaning bugungi variantida ish tashlash tartibiga oid moddalar olib tashlangan.

“O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 218-moddasida taqiqlangan ish tashlashga rahbarlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Jinoyat kodeksida taqiqlangan ish tashlash tushunchasi tilga olingan ekan, demak, ish tashlashning taqiqlanmagan (qonuniy) ko‘rinishi ham bo‘lishi kerak emasmi?” deb yozadi Kun.uz nashri.

Huquqshunos Abbos Salaydinovga ko‘ra, O‘zbekistonning rasman qo‘shilganiga 25 yil bo‘lgan “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro paktning 8-moddasiga ko‘ra, ushbu hujjatda qatnashuvchi davlatlar ish tashlash huquqini ta’minlash majburiyatini oladi.

Senat IIVga tilanchilar masalasini hal etishni topshirdi

Oliy Majlis senati mamlakat hududlari, xususan, Toshkentda tilanchilar soni ko‘payib ketganini qayd etib, Ichki ishlar vazirligidan bu borada zarur chora-tadbirlar ko‘rishni so‘radi (www.daryo.uz, 7 - mart)

Senatorlarga ko‘ra, aholi gavjum ko‘cha, xiyobon, bozorlar, avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari hamda chorrahalarda tilanchilik qilib kelayotgan shaxslar ko‘p uchramoqda.

“Bu o‘z navbatida, tilanchi shaxslar tomonidan fuqarolarning yurishiga qo‘ymay, avtomobil yo‘llarida esa transport vositalari harakatlanishiga xavf tug‘dirib qat’iy turib sadaqa so‘rashi kishining ta’bini xira qilishi tabiiy. Bunday noxush holatlar aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir etib, ularning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda” deyiladi Senat xabarida.

Qonunchilikda tilanchilik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik masalasi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu norma hayotda qat’iy ishlamayotir.

IIVning bildirishicha, joriy yil yanvar va fevral oyining 20 kunlik davrida tilanchilik bilan shug‘ullanib yurgan 131 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ularga nisbatan 8 million so‘mga yaqin jarima, bir kishiga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 - yilning yanvarida O‘zbekistonda tilanchilik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonun kuchga kirdi. Unga muvofiq, jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda so‘rab tilanchilik bilan shug‘ullanish ma’muriy jazoga tortiladi. Ushbu harakat ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilsa, 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan.

Sud-tibbiy ekspertiza vakili: Prokurorning shaxsiy xusumati tufayli “zona”da o‘tirib chiqdim

Toshkent viloyati Yangiyo‘l va Bo‘ka tumanlararo sud-tibbiy ekspertiza bo‘linmalari mudiri lavozimida faoliyat yuritgan Shoira Sulaymonova 12 yildan buyon adolat uchun kurashmoqda (“O‘zbekiston ovozi”, 10 mart). Gap shundaki, u 2010 - yilda Jinoyat kodeksining qator moddalarida ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. 2008-2009 - yillar oralig‘ida Yangiyo‘l shahri prokurorining o‘rinbosari Farrux Boqiyev Sh.Sulaymonova va u bilan birga ishlaydigan sud-tibbiy ekspertlarga tazyiq o‘tkazgan. Oqibatda ikki o‘rtada shaxsiy kelishmovchilik kelib chiqqan. Prokurorning sobiq o‘rinbosari o‘ziga bo‘ysunuvchi IIB xodimlaridan tuhmatdan iborat ko‘rsatmalar yozdirib olgan va Sh.Sulaymonovaga nisbatan asossiz ravishda jinoyat ishi ochgan. Ayol prokurorning shaxsiy adovati tufayli 3 yil “zona”da o‘tirib chiqqan. Sobiq mudira mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, o‘lim holatlari bo‘yicha noto‘g‘ri xulosa berish va pora talab qilishda ayblangan.

Oliy sud rayosati qaroriga ko‘ra, Sh.Sulaymonovaning ishi 2020 - yil 2 - noyabrda JIB Toshkent viloyat sudi apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’atida ko‘rib chiqilgan. Sud majlisida guvoh sifatida so‘roq qilinganlarning aksari shahar prokurori sobiq o‘rinbosari Farrux Boqiyev tazyiq o‘tkazganini tasdiqlagan. Ammo sud Sulaymonovaning aybsizligini isbotlovchi dalillarni inobatga olmay, ajrim chiqargan.

Qayd etilishicha, Sh.Sulaymonova farzandlari va yaqinlari oldida yuzi yorug‘ bo‘lishini juda-juda xohlaydi.

XS
SM
MD
LG