Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:35

OzodDayjest: O‘zbekistonda boylar uchun hashamat solig‘ini joriy etish taklif qilindi


Ommaviy tadbirlarni tashkil etishda karantin cheklovlariga amal qilinmayapti. XDP vakili boylardan ko‘proq soliq olish taklifi bilan chiqdi. “Shahidlar xotirasi” maydonida qurilish qilishga harakat jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Karantin cheklovlari amaldami yoki yo‘qmi?!

O‘zbekistonda koronavirus tarqalishi tezlashgani ortidan 28 - iyundan karantin cheklovlari kuchaytirildi. Lekin ommaviy tadbirlarni ushbu cheklovlarga amal qilmagan holda tashkillashtirish davom etmoqda (www.gazeta.uz, 30 - iyun).

“Gazeta.uz” nashri hukumat tomonidan karantinga doir qabul qilinayotgan qaror va choralar ba’zida bir-biriga zid ekani, ayrim cheklovlarga rioya qilishning esa umuman iloji yo‘qligiga e’tibor qaratdi.

29-30 - iyun kuni Toshkent Botanika bog‘ida yoshlar va talabalar forumi bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchilar koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklov choralari hisobga olinishi haqida aytgan. Ammo tadbir suratlariga qaralsa, ko‘plab ishtirokchilar niqob taqmay yurgani, ijtimoiy masofaga esa rioya qilinmayotganini ko‘rish mumkin.

28 - iyun kuni Toshkentda tashkil etilgan “Tahsin” mukofotini topshirish marosimida ham odamlarning bir joyga to‘planishining oldi olib bo‘lmagan, ko‘plab ishtirokchilar niqobsiz yurgan.

22 - iyun kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Maxsus komissiya qaroriga binoan niqobsiz fuqarolar jamoat transportiga qo‘yilmasligi haqida xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkentda niqob rejimiga yo‘lovchilarning faqat bir qismi rioya qilmoqda. Aksar odamlar niqobni iyagiga tushirib oladi yoki umuman taqmaydi. Jamoat transportida ijtimoiy masofani saqlashning iloji yo‘q, ayniqsa tig‘iz paytda. Bozorlar va supermarketlarda ham karantin talablari inkor qilinmoqda.

“Gazeta.uz” nashri ko‘tarilgan savollar bo‘yicha Maxsus komissiya va boshqa idoralardan izoh so‘ragan.

XDP: Hashamatga mukkasidan ketgan amaldorlarni maxsus soliqqa tortish lozim

O‘zbekistonda boy va kambag‘al aholi guruhlari o‘rtasidagi farq sezilarli darajada oshib bormoqda. Shu bois daromadga va mol-mulkka qarab, tabaqalashtirilgan soliq tizimini tatbiq etish lozim, deb yozgan O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi matbuot xizmati rahbari Abduvali Soyibnazarov (“O‘zbekiston ovozi” gazetasi, 30 - iyun).

Bugungi pandemiya sharoitida ham aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘irlashdi. Kambag‘allarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash uchun ham tabaqalashtirilgan soliq tizimi muhim. Qayd etilishicha, bu o‘rinda gap qimmatbaho tovarlarga, masalan, hashamatli ko‘chmas mulk, qimmatbaho mashina va zargarlik buyumlariga soliq solish to‘g‘risida ketmoqda.

“Hashamat soliqlari samaradorligiga ishonchsizlik bilan qaraydiganlar ham yo‘q emas. Ya’ni soliq to‘lovchi tabaqalashtirilgan soliq mavjud bo‘lmagan mamlakatlarda xaridni amalga oshirishi yoki hoyu havas narsalarini soliq darajasi past mintaqada ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuridik shaxs nomiga rasmiylashtirishi ham mumkin. Shu sababli soliq bobida bunday tashabbusni ilgari surar ekanmiz, uni to‘lashdan bo‘yin tovlash hollariga qarshi kurash masalasini ham biryo‘la hal etish taklifini kun tartibiga qo‘ymoqchimiz”, degan XDP vakili.

Shuningdek, partiya hashamatli ipoteka uylarini qurayotgan kompaniyalar va tijorat banklari daromadidan majburiy ajratmalar olib qolish tartibini joriy etishni taklif etmoqda. Bu mablag‘lar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, uy-joyi yo‘q, yashash sharoiti og‘ir ayollar, mehribonlik uylari bitiruvchilari uchun arzon uy-joy qurishga yo‘naltiriladi.

“Boylar ko‘proq to‘lashi, ijtimoiy mas’uliyatni zimmasiga olishi kerakligi haqidagi tashabbuslarimiz kimlargadir xush kelmasligini ham yaxshi tushunamiz. Lekin ijtimoiy barqarorlikni saqlash va mustahkamlash uchun bu juda muhim masala. Mamlakatdagi resurs va imkoniyatlar bir hovuch boylaru hashamatga mukkasidan ketgan amaldorlarga emas, xalqimizning turmushidagi qiyinchiliklarni yengillatishga xizmat qilishi har tomonlama adolatli bo‘ladi”, deya xulosa qilgan XDP matbuot xizmati rahbari A.Soyibnazarov.

“Shahidlarning ruhi chirqiramaydimi?!” – Yodgorlik majmuasidagi qurilish jamoatchilikda e’tiroz uyg‘otdi

“Toshkentdagi “Shahidlar xotirasi” maydonida qurilish qilishga doir sa’y-harakatlar jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi (“Mahalla” gazetasi, 26 - iyun).

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev “Shahidlar xotirasi” xiyoboni moddiy madaniy meros obyektlari ro‘yxatida turishi, bu ro‘yxatdagi obyektlarga shikast yetkazish va ularning hududlarida moddiy madaniy meros ob’ekti hisoblanmaydigan bino-inshootlar hamda boshqa obyektlarni ruxsatnoma olmasdan qurish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatdi.

“Shundoq ham Toshkentning bir necha bog‘ va xiyobonlari kimlarningdir tijoriy maqsadlari yo‘lida xususiylashtirildi yoki tugatilib, o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurib bo‘lindi. Shu kungacha bu ishlarni hammamiz bilib, bilmaslikka oldik, hammasiga ko‘z yumib keldik”, deb yozdi D.G‘aniyev.

Deputat vatan istiqloli va xalq ozodligi yo‘lida mardona kurash olib borib, shu yo‘lda aziz jonini fido qilgan yuz minglab ajdodlar xotirasini abadiylashtirish maqsadida barpo etilgan xotira majmuasidan ham tijorat maqsadlarda foydalanish to‘g‘rimi, degan savolni o‘rtaga tashladi.

“Mustabid tuzum davridagi qatag‘onlar tufayli qurbon bo‘lgan, insoniylik sha’ni, qadr-qimmati toptalgan vatandoshlarimizning xotirasini toptash, ruhini chirqiratish emasmi bu?” deya savol qo‘ydi u.

Vazirlar Mahkamasi qarori (XDFU – xizmat doirasida foydalanish uchun grifiga ega) bilan majmuada rekonstruksiya ishlari uchun Mimar Group kompaniyasi va Ijod-Ijod xususiy korxonasi tendersiz tanlab olingan.

Yodgorlik majmuasi hududida obyektlar qurilishini moliyalashtirish uchun mahalliy byudjetdan 20 milliard so‘m, shuningdek, majmua yaqinidagi 2,67 gektar yer hamda 0,9 gektarli akvapark hududini sotishdan tushadigan mablag‘ni yo‘naltirish rejalashtirilgan.

“Kompleks atrofidagi 3,7 gektar tillo narxdagi yerni egallab olish uchun o‘ylab topilgan rekonstruksiya loyihasi go‘yo. Boshqacha iqtisodiy motiv mantiqsiz. Sharmanda. Muhr. Bu mening o‘ta shaxsiy fikrim. Shahid ketganlar ruhi chirqirayotgani aniq. Chirqiratadiyam. Agar Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi buni o‘rganmasa, bilmadim, yana nimani o‘rganish kerak”, deb yozdi bloger Otabek Bakirov.

XS
SM
MD
LG