Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:00

OzodDayjest: O‘zbekistonlik professor mamlakatda advokatlar haligacha chinakam himoyachiga aylanolmaganiga e’tibor qaratdi


Professor B. Ahrorov O‘zbekistonda advokatura instituti nufuzini oshirish dolzarb masala bo‘lib qolayotganini urg‘uladi. Benzin qimmatlashuvi korruptsiyaga bog‘liq ekani aytilmoqda. YouTube videoportali o‘zbek xonandalari uchun ham mo‘may daromad manbaiga aylanmoqda. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Mutaxassis: Advokatlar hozircha chinakam himoyachilarga aylanganicha yo‘q

Advokatlik institutini yanada mustahkamlash zarur, chunki ayrim huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlaridan tinkasi qurigan fuqaroga faqatgina advokat malakali yordam bera oladi, degan professor Bahrom Ahrorov (“O‘zbekiston ovozi” gazetasi, 27 -oktabr).

Mutaxassisga ko‘ra, shaxsning advokat bilan ta’minlanmasligi ayrim jinoyat qidiruv va surishtiruv bo‘limi xodimlariga qo‘l keladi, gumonlanuvchi va ayblanuvchining aybini og‘irlashtirishga sabab bo‘ladi.

“Gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi o‘z vaqtida advokat bilan ta’minlansa, ba’zi noma’qul harakatlarning oldi olinadi. Tan olamizmi, yo‘qmi, ko‘pchilik yaxshi biladi, advokatlar hozircha chinakam himoyachilarga aylanganicha yo‘q. Shu ma’noda, advokatura instituti nufuzini oshirish – dolzarb masala”, degan B. Ahrorov.

Ta’kidlanishicha, buning uchun advokatning qonun doirasidagi imkoniyatlarini kengaytirish, jinoyat-protsessual qonunlardagi ayrim normalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish kerak.

O‘zbekistonda 4 ming nafarga yaqin advokat faoliyat yuritmoqda. Bu 8250 nafar fuqaroga 1 nafar advokat to‘g‘ri keladi deganidir. Qiyolash uchun ma’lumot: AQShda 256 nafar, Italiyada 250, Ozarboyjonda 667, Qozog‘istonda 4000 nafar fuqaroga bitta advokat to‘g‘ri keladi.

“O‘zbekneftgaz” tizimidagi korrupsiya sabab benzin narxi keskin o‘sayotgani aytilmoqda

O‘zbekistonda 23 - oktabrdan benzin uchun yangi narx belgilandi. Benzin yildan yilga qimmatlayotgan va narxning o‘rtacha ish haqiga nisbatan balandligi aholida norozilik uyg‘otmoqda (“Rost24”, 26 - oktabr).

“Narx ko‘tarilishining sabablarini iqtisodchilar turli sabablar bilan izohlashi mumkin. Benzin narxining ko‘tarilishiga yana bir yaqqol ko‘rinib turgan omil borki, buni tan olmaslikning iloji yo‘q: “O‘zbekneftgaz” tizimidagi talon-torojliklar. “O‘zbekneftgaz” tizimida talon-torojliklar avj olmoqda, debitorlik qarzdorlik keskin oshib bormoqda, minglab tonna benzin va dizel yoqilg‘ilari noqonuniy sotilmoqda, benzin narxi esa ana shu korrupsion sxema tufayli kun sayin ko‘tarilmoqda”, deb yozgan “Rost24” nashri.

O‘zbekistonda benzin narxi Markaziy Osiyoda eng yuqori bo‘lib kelmoqda. Shuningdek, Rossiya, Ozarbayjon va Pokistonda ham benzin narxi O‘zbekistonga qaraganda ancha arzon.

Shu kunlarda Toshkentda AI-80 markali benzinning o‘rtacha narxi 6000, AI-92 – 8800, AI-95 – 9100 so‘mni tashkil qilmoqda.

O‘zbekistonlik xonanda o‘rtamiyona klipdan 40 ming dollar daromad topdi

YouTube o‘zbek xonandalari uchun ham mashhurlikka erishish va mo‘maygina daromad topish vositasi bo‘lib qolmoqda (www.daryo.uz, 25 - oktabr). Qayd etilishicha, YouTube platformasida klipi eng ko‘p tomosha qilingan o‘zbekistonlik xonandalar reytingida birinchi o‘rinni qoraqalpog‘istonlik Osman Navro‘zov egallagan. Uning “Lyubimaya” klipi 81 million marta tomosha qilingan.

“Rosti, “Lyubimaya” qo‘shig‘i bunchalik mashhurlikka erishishini tasavvur qilmagandik. Agar shunday bo‘lishini bilganimizda sifatli klip suratga olardik. Qo‘shiq omad bilan birga katta daromad ham olib keldi. Shu kungacha mazkur klipdan 40 000 AQSh dollaridan ko‘proq daromad olganman”, degan xonanda O. Navro‘zov.

Xonanda Shahzoda “Chikko” klipi 62 million marta, Sevinch Mo‘minovaning “Ne bo‘ldi?” klipi 57 million marta tomosha qilingan. “Daryo.uz” nashrining eslatishicha, “Ne bo‘ldi?” plagiat qo‘shiq bo‘lib, Sevinchdan avval uni hind, turk va grek xonandalari ijro etgan. Kliplari ommabop qo‘shiqchilar qatorida Munisa Rizayeva, Shohruxxon ham qayd etilgan.

Original klip suratga olish katta xarajat talab etishi aytiladi. Nashr ma’lumotlariga qaraganda, Ozodbek Nazarbekov “Mendurman o‘sha” klipi uchun 15 ming, Lola “Love me” klipi uchun 13 ming, Ozoda Nursaidova “Ajdodlar” klipi uchun 10 ming dollar sarflagan.

XS
SM
MD
LG