Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2021, Тошкент вақти: 08:32

OzodDayjest: O‘zbekistonlik professor mamlakatni asr oxirigacha davom etadigan qurg‘oqchilik kutayotganidan bahs etdi


Aziz Abduhakimovning birdaniga 6 ta rahbarlikni egallayotgani savol ostiga olindi. Sudyalarning maoshi miqdori ochiqlandi. O‘zbekistonda asr oxirigacha davom etadigan qurg‘oqchilik kuzatilishi mumkin. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Mutaxassis: O‘zbekistonni iqlim bo‘yicha og‘ir yillar kutyapti

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Usmon Norqulov O‘zbekistonni iqlim bo‘yicha og‘ir sinovlar kutayotgani haqida gapirdi (www.kun.uz, 29 - iyun).

“Men oxirgi yuz yillikdagi atmosfera yog‘inlari ma’lumotlarini tahlil qilib chiqdim va unda ma’lum bo‘ldiki, shu yuz yilda qishloq xo‘jaligi va umuman suvga bo‘lgan talab uchun bor-yo‘g‘i 7 yilda yetarlicha yomg‘ir yog‘gan ekan. Bu 100 foizdan 7 foiz degani”, dedi mutaxassis.

Qayd etilishicha, oxirgi yillarda yomg‘ir qisqa vaqt yog‘yapti. Hozir 2-3 sutkali intensiv, maydalab yog‘adigan yomg‘irlar deyarli qolmadi. Yomg‘ir chala yoki juda tez yog‘ib o‘tib ketayotgani uchun tuproqqa singmayapti, bug‘lanish esa ko‘paymoqda. Bundan tashqari, oxirgi 10-15 yilda qor yog‘ishi ham keskin kamaygan. Yog‘in miqdorining kamayishi o‘simliklar hosili, tuproq unumdorligiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kasalliklar ko‘payyapti. Shuningdek, ayrim mikroorganizm va hasharotlarning faol rivojlanishiga olib kelyapti.

“Bizni bundan keyin ham iqlim bo‘yicha og‘ir yillar kutmoqda. Olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, bizdagi shu qurg‘oqchilik asr oxirigacha davom etishi kutilyapti. O‘zi shundoq ham keskin kontinental iqlimli mintaqamizni yanada keskin o‘zgarishlar kutyapti. Bunga qattiq tayyor bo‘lishimiz kerak. Birinchi navbatda olimlarimiz o‘z tadqiqotlarini jonlantirishi kerak. Biz qishloq xo‘jaligi ko‘radigan zararlarni, suv yetishmovchiligi yoki ko‘tariladigan chang-to‘zonli holatlarning oqibatlarini avvaldan o‘rganishimiz kerak. Ilmiy bashoratlash jonlanishi kerak. Biz iqlim o‘zgarishlarini 60-70 foiz aniqlikda bashoratlashga erishishimiz kerak”, degan professor U.Norqulov.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, mintaqaning oxirgi 100 yillik tarixidagi eng qattiq qurg‘oqchilik 1917 - yilda ro‘y bergan. O‘shanda insoniyat, hayvonot va o‘simliklar dunyosi jiddiy zarar ko‘rgan.

“Bir kishiga ko‘plik qilmaydimi?” – Aziz Abduhakimovning 6 rahbarlik lavozimini egallagani savol ostiga olindi

O‘zbekiston hukumatida bir shaxsning bir nechta rahbar lavozimlarida ishlab kelishi ko‘p kuzatiladi. Jumladan, 2008 - yildan buyon hukumatdagi yuqori lavozimlarni egallab kelayotgan Aziz Abduhakimov hozirda birvarakayiga 6 rahbarlik kursini band etgan (“Rost24”, 30 - iyun).

A.Abduhakimov bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri, O‘zbekiston shaxmat va badminton federatsiyalari raisi, Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti rektori, “Chorvoq” erkin turistik zonasi direksiyasi direktori kabi lavozimlarda faoliyat yuritadi. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda unga Bo‘stonliq tumani boshqaruvi ham yuklangan.

“5+1 ta lavozim – bir kishi uchun ko‘plik qilmaydimi? Qiziq bir kunning o‘zida amaldor Aziz Abduhakimov 5 ta lavozimdagi idoralariga borib ulguradimi? Boringki, O‘zbekistondagi internet tezligi bilan bu rahbarga lavozimlarini onlayn tizimda boshqarish mumkin bo‘lsa, bir vaqtning o‘zida 6 tarmoqqa javob berish kishini zo‘riqtirib, ishchanligini susaytirmaydimi?” deya savol qo‘ygan “Rost24” nashri.

Qayd etilishicha, A.Abduhakimov egallab turgan lavozimdagi tarmoqlar hozircha favqulodda yutuqlarga erishgani yo‘q.

“O‘zini reklama qilib suratlarga tushish va aslida odatiy vazifasi bo‘lgan ishlarni ko‘z-ko‘z qilaverish bu o‘sha sohaning gullab, javlon urib rivojlanayotganini, afsuski, bildirmaydi. To‘g‘ri, birgina “piar”ga ruju qo‘yish bu tarmoqlarda rivojlanayotgan bo‘lishi mumkin, ammo Aziz Abduqahhorovich Abduhakimov egallab turgan tarmoqlari oldida hali yechimini kutib turgan muammolari bisyor”, deb yozgan nashr.

“Maoshining yarmini bir yil to‘plasa, mashina olishi mumkin” – nihoyat sudyalarning ish haqi miqdori ochiqlandi

O‘zbekistonda sudyalarning oylik maoshi 16 million so‘mdan boshlanadi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi (www.daryo.uz, 30 - iyun).

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda sudyalarga byudjet muassasa va tashkilotlari xodimlarining lavozim tarif stavkalaridan kelib chiqib, 18-tarif razryadidan 21-razryadgacha bo‘lgan oraliqda maosh belgilangan. Bunda sudya yashab turgan hududi va ish hajmiga ko‘ra maosh oladi.

“Sudya oladigan oyligining yarmi O‘zbekiston sharoitida bemalol bir oilaning oylik xarajatlarini qoplashga etadi. Maoshining yarmini bir yil davomida to‘plasa, mashina ham olishi mumkin”, degan Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov.

Uning qayd etishicha, faqat maoshning yuqoriligi bilan korrupsiyaning oldini olib bo‘lmaydi, “bu sudyaning ma’naviyatiga ham bog‘liq”.

Avvalroq, 2021 - yil martida Oliy sud sudyasi Abduvohid Qosimov jurnalistlarning sudyalar maoshi haqidagi savoliga javob berarkan, “bitta oilani boqishga yetishi”ni ma’lum qilgan, biroq uning miqdorini “tanqidiy fikrlarning oldini olish nuqtai nazaridan ochiqlanmasligi kerakligi”ni bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG