Линклар

Шошилинч хабар
15 июн 2021, Тошкент вақти: 09:04

OzodDayjest: Ortiqxo‘jayevning yangi soliq joriy etish taklifi e’tiroz uyg‘otdi


Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev

O‘zbekiston tashqi siyosatida “katta sakrash” ro‘y berayotgani aytildi. Hokim Ortiqxo‘jayev ilgari surgan taklif mulkdorlik huquqiga zid deya baholandi. Maktab darsliklarini xatolar bilan chop etish tanqid qilindi va XTV bu muammoga jiddiy yondashishga chaqirildi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

O‘zbekiston tashqi siyosatda “shlyapa”dan voz kechib “do‘ppi”ga qaytdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Quddusda vaziyatning keskin tus olishi sababli chuqur xavotir izhor etilgan bayonoti mamlakat tashqi siyosatida yuz bergan o‘ziga xos yangilik, “katta sakrash” bo‘ldi, deb hisoblaydi “Rost24” nashri.

“Avvallari TIV jahondagi muhim vaziyatlar bo‘yicha bu kabi lo‘nda, xalqning qalbiga yaqin va yorqin pozitsiyalarimiz aks etgan bayonotlarni kamdan-kam berar edi. Misol uchun, Qrimni Rossiya bosib olganda berilgan bayonot shu qadar mavhum, shu qadar silliq va shu qadar tushunarsiz chiqqan ediki, uni yaxshisi bermasa ham bo‘lar edi. Yoki Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha ham juda ko‘p yillar sukut saqlab kelindi”, deb yozgan nashr.

Qayd etilishicha, xalqaro maydonda “men senga tegmay, sen ham men bilan ishing bo‘lmasin” qabilida o‘zini o‘zi yakkalashga o‘xshash bir siyosat olib borildi.

“Rost24”ga ko‘ra, joriy yil mart oyida rasmiy Toshkentning Ozarbayjonni tarixiy adolatni tiklagani bilan qutlagani va Tog‘li Qorabog‘dagi tiklash ishlariga ko‘mak taklif etgani misli ko‘rilmagan holdir. Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasidagi qirg‘inda ham aynan O‘zbekiston yetakchisining ikki qo‘shni mamlakat prezidentlari bilan tezkor telefon muloqot ziddiyat tezda barham topishida hal qiluvchi rollardan birini o‘ynadi, deb yozgan internet nashr.

“Rost24” Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston prezidenti otasi vafoti munosabati bilan hamdardlik izhor etish maqsadida Ashxobodga borgani va iftorlik dasturxonida ishtirok etganini ham tashqi siyosiy sakrash deb atagan.

“Karimovning “sovetcha shlyapasi” do‘ppiga aylanib, milliy yetakchimiz timsolida nihoyatda ajoyib g‘ururbaxsh etadigan hodisaga aylanib ketdi”, deb yozgan nashr.

“Istasa qulf osib qo‘yadi, istasa sotadi!” – Ortiqxo‘jayev ilgari surgan taklif mulkdorlik huquqiga zid deya baholandi

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev prezident Shavkat Mirziyoyevning Uchtepa tumani Tepaqo‘rg‘on mahallasiga tashrifi davomida olti oy mobaynida mol-mulkdan foydalanilmagan yoki ijaraga berilmagan taqdirda mulk egasiga penya hisoblashni taklif qildi (www.gazeta.uz, 15 - may).

“Hozir qurilayotgan ko‘plab ko‘p qavatli uylarning, undan tashqari oldingi uylar birinchi qavatlarining ko‘p qismi bo‘sh yotibdi. Ularning egalariga binoni ijaraga berishni taklif qilamiz. Agar o‘zi 6 oydan ortiq foydalanmasa yoki ijaraga bermasa, progressiv [oshirilgan] soliq qo‘llaymiz. Axir bino qurilganidan keyin foydalanilishi kerak-ku. Shunday qilsak, poytaxtda ijara narxlari tushadi, tadbirkorlarga ham keng imkoniyatlar yaratiladi”, degan J. Ortiqxo‘jayev.

Taklif ma’qullangan va mazkur tartib bir yil davomida Toshkentda tajriba tariqasida qo‘llanishi, keyinroq boshqa hududlarga ham tatbiq etilishi ma’lum qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu taklif mulkdorlik huquqiga zid deya baholandi.

“Janob Artikxodjayev qonunlarimizda mulkdor o‘z mulkini o‘z istaganicha tasarruf etishini biladimi? Istasa ijaraga beradi, narxi to‘g‘ri kelmasa qulf osib qo‘yadi, istasa sotadi. Qonunlarimizda harqalay shunaqa, janob Artikxodjaev! Poytaxtdagi minglab tadbirkorlar mulklarini peshona terisi bilan topgan. Tekinga, nol qiymatda yo imtiyoz bilan olmagan ayrim kabinetlarni tepib kiradigan korchalonlarga o‘xshab.

Janob Artikxodjayev mulk egalari mulk solig‘i va yer solig‘i to‘lashidan xabari bo‘lsa kerak. Davlatning haqi faqat mana shu to‘lov. Soliq to‘lovlari vaqtida to‘lanmasagina, penya undirilishi mumkin”, deb yozgan iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov.

Maktab darsliklarining xatolar bilan chop etilishi – millatga xiyonat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi tomonidan “Kitob va bosma mahsulotlarni nashrga tayyorlash va chop etish tizimidagi mavjud muammolar” mavzusida tadbir o‘tkazildi. Bu haqda bir qator matbuot nashrlari xabar berdi.

Tadbirda ma’lum qilinishicha, nashriyotlar faoliyatida mazmunan sayoz, amaldagi standart talablariga mos kelmaydigan, mentalitetga yot qarashlarni ifoda etuvchi, yoshlar ongiga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan kitoblar nashr etilishi kuzatilgan. 2019-2021 - yillar davomida vakolatli agentlik tomonidan nashriyot-matbaa korxonalariga jami 166 ta ko‘rsatma, taqdimnoma va ogohlantirish xati kiritilgan.

Shuningdek, yig‘ilishda bozorlar va savdo shoxobchalarida sotilayotgan kontrafakt va nostandart matbaa mahsulotlari monitoringi xususida ham ma’lumot berilgan. Aniqlanishicha, eng ko‘p kontrafakt va nostandart matbaa mahsulotlari Toshkent shahri, Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona viloyatlarida sotuvga chiqarilgan. Mazkur kontrafakt kitob mahsulotlarining asosiy qismini umumta’lim maktablariga mo‘ljallangan va sotuvi taqiqlangan darsliklar tashkil etadi.

“Adolat” gazetasining joriy yil 20-sonida ham maktab darsliklaridagi xatolar tahlil-taftish etilgan maqola chop etildi. Gazeta bu borada aniq misollar keltirgan holda darsliklarni xatolar bilan chop etish millatga xiyonat ekanini ta’kidlagan va Xalq ta’limi vazirligini darslik chop etishga jiddiy yondashishga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG