Линклар

Шошилинч хабар
14 май 2021, Тошкент вақти: 22:50

OzodDayjest: Parlament deputati yirik korrupsionerlarni qaqshatqich jazolashni taklif qildi


Oliy majlis deputati korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish lozimligini ta’kidladi. Koronavirus ekspress testi qimmatligi tanqid qilindi. Aktyor Alisher Uzoqov prezident Shavkat Mirziyoyevga Dubaydan murojaat yo‘lladi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Deputat: Yirik korrupsionerlarga nisbatan o‘lim jazosini tiklash kerakdir?!

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umidjon Jabborov korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish lozimligini ta’kidladi (“Mahalla” gazetasi, 17 - aprel).

Deputat uyidan 400 ming dollar topilgan bojxonachi hodisasini yodga olar ekan, bundaylar tiqilib yotganini qayd etgan hamda korrupsionerlarga qarshi qaqshatqich va shafqatsiz qonunlar zarurligini urg‘ulagan.

“Ayniqsa, poraxo‘rlik – eskichasiga harom, yangichasiga siyosiy xiyonatligini bilaturib, unga qo‘l urgan insonga bundan buyon yengil jazo yaramaydi. Bundaylar qilmishi ortidan jabr chekib yurgan yuzlab, minglab insonlar huquqi poymol bo‘lishiga ko‘z yumish paradoks emasmi? Endi, bir o‘ylab ko‘raylik, qonunlarimiz insonparvar, bundaylarga katta jarima yoki “qonuniy jazo” berilar. Lekin ularni shuncha yil “boqib kelgan”lar-chi, balki tashuvchidir, balki o‘rtakashdir, balki tadbirkordir, ishini allaqachon bitirib, xalq ustidan foydani ko‘rib, qandini urib yurishibdi”, degan deputat U. Jabborov.

Deputatga ko‘ra, pirovardida yana xalq jabr chekmoqda.

“Oqibatiga qaramay, sababi bilan kurashish yo‘lini tanlaylik! Xullas, yig‘ishtiraylik, bunaqa bir tomonlama, absurd huquq muvozanatini, shu korrupsiya masalasida! Balki yirik korrupsioner shaxsga o‘lim jazosini berishni joriy qilish kerakdir?!” deya xulosa qilgan parlament a’zosi.

“Qo‘li kaltalar egnidagi to‘nini sotsinmi?”– Koronavirus testi qimmat ekani tanqid qilindi

Koronavirus ekspress testi qimmatligi sabab O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston fuqarolarining o‘zaro bordi-keldisi mushkul kechmoqda (“Hurriyat” gazetasi, 21 - aprel). Test narxi “Do‘stlik” chegara punktida 150 ming so‘m, “Madaniyat”da esa 140 ming so‘mni tashkil etyapti. Chegaraga kiraverishda ayrim “vositachi”lar 100 ming so‘mga ma’lumotnoma qilib berishni taklif etmoqda. Ammo bu narx muhim zarurat yuzasidan safarga chiqqan qo‘li kalta fuqarolarga og‘irlik qilyapti. Amaldagi tartibga ko‘ra, ekspress test fuqarolarning o‘z hisobidan amalga oshiriladi.

“Bu – “mablag‘ingiz bo‘lsa, chetga chiqing, aks holda uyda o‘tiring” deganidir. Ammo insonning boshida har xil tashvish, ko‘zda tutilmagan yumushlar, o‘zaro bordi-keldilar, o‘lim-yitim, to‘y-to‘rkinlar borki, hamisha ham “uyda o‘tirish”ning iloji bo‘lmay qoladi. Egnidagi to‘nini sotib bo‘lsa ham chegaradagi ekspress test tekshiruvidan o‘tishga majbur. Yoki bo‘lmasam, “Esiz, cho‘ntagim ko‘tarmas ekan”, deya chegaradan ortiga qaytib ketadi”, deb yozgan jurnalist Yo. Xo‘jamberdiev.

Respublika maxsus komissiyasining 2021 - yil 25 - yanvarida bo‘lib o‘tgan 60-sonli yig‘ilish bayonnomasida koronavirusga antigen ekspress test tekshiruvlari arzon va sifatli bo‘lishi lozimligi qayd etilgan.

“Sirasini aytganda, bu ishlarning tagiga biz ham yetolmadik. Balki “chegara punktlarida ekspress test olish tartibi va ularning arzon narxlarda bo‘lishi lozimligi”ni xatga tushirgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi maxsus komissiya a’zolari izohlab berishar? Qolaversa, chegara postlarida test topshirish o‘zi necha pul? Va ular nima uchun har xil narxda? Bu hukumat qarori va bugun siyosat darajasidagi yumushlar ekan, nega bu narx-navolar biron joyda ochiq-oydin e’lon qilinmaydi?” deya mutasaddilarni savolga tutgan muallif.

Aktyor Alisher Uzoqov prezidentdan Marg‘ilondagi madaniyat bog‘iga marhum bobosi nomini qaytarishni so‘radi

BAAda faoliyat yuritib kelayotgan Alisher Uzoqov “Daryo” internet nashriga intervyu berdi (www.daryo.uz, 20 - aprel). Atoqli hofiz Ma’murjon Uzoqovning nabirasi bo‘lmish aktyor suhbat davomida prezident Shavkat Mirziyoyevga bobosi xotirasini abadiylashtirish yuzasidan murojaat qildi.

Bir necha yil avval Marg‘ilon shahridagi madaniyat va istirohat bog‘idan Ma’murjon Uzoqov nomi olib tashlangan va ushbu maskanga shoir Erkin Vohidov nomi berilgan edi. Alisher Uzoqovga ko‘ra, bobosi nomi olib tashlanishi unga juda qattiq ta’sir qilgan.

“Erkin Vohidovdek insonlar 100 yilda ham tug‘ilmasa kerak, oxiratlari obod bo‘lsin, ilohim, ularga hech qanday xusumatim yo‘q, hurmatim cheksiz. Lekin bir narsa borki, Ma’murjon Uzoqov o‘sha bog‘da qo‘shiq aytib turganida jon berganlar. O‘shanda... shifokorlar ularga qo‘shiq aytishni taqiqlab qo‘ygan bo‘lgan”, degan A. Uzoqov.

Aktyor prezident Mirziyoyevdan madaniyat bog‘iga marhum san’atkor bobosi nomini qaytarishni iltimos qilgan.

“Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonovlar odamlarning esidan chiqib ketmoqda. San’atning buzilayotganini shundan bilsa ham bo‘ladi. Mustaqillik bayramlarimiz, 1991 - yildan hozirga qadar Navro‘z bayramlarining birortasi ham Ma’murjon Uzoqovning qo‘shiqlarisiz o‘tganini bilmayman. Hech bo‘lmasa “Jonon bo‘laman”, “Mustahzod”, “Surating” qo‘shiqlari, albatta, kuylanadi. Bu insonlar san’atimiz poydevori-ku”, degan u.

Kinodagi rollari bilan tanilgan Alisher Uzoqov hozirda Dubay shahrida xalqaro IT kompaniyada faoliyat yuritmoqda.

XS
SM
MD
LG