Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:21

OzodDayjest: Prezident Mirziyoyevdan Senat ma’qullagan qonunni imzolamaslik so‘raldi


Sog‘liqni saqlash vazirligi ayollar suitsidiga panja orasidan qarayotgani tanqid qilindi. O‘zbekiston prezidentidan fuqarolarning sudga shikoyat qilish huquqini jiddiy ravishda buzadigan qonunni imzolamaslik so‘ralmoqda. The Diplomat O‘zbekiston COVID-19 ga qarshi Xitoy vaksinasini sinovdan o‘tkazgani holda Rossiyanikidan xarid qilganiga e’tibor qaratdi. Joriy hafta o‘zbek va xorij matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Tanzila Norboyeva: “Biz suitsidga qarshi kurashmayapmiz, faqat oqibatlar bilan ishlayapmiz”

O‘zbekistonda ayollarning o‘z joniga qasd qilish holatlari ortib bormoqda va sog‘liqni saqlash vazirligi uning sabablari emas, oqibatlari bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi – Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya rahbari Tanzila Norboyeva komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida gapirdi (www.qalampir.uz, 22 - dekabr).

Ikki yil avval prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash vazirligiga ayollar orasidagi o‘z joniga qasd qilish holatlarining sabablarini bartaraf qilish masalasida topshiriq berdi, biroq vazirlik bugungacha bu topshiriq ijrosi bilan shug‘ullanmagan.

“Buning o‘z standartlari bo‘lishi kerak. U standartlarni hammaga aytib, unga qarshi qattiq kurash olib borishimiz shart. Lekin bizda shu kurash yo‘q. Mutlaqo yo‘q! Biz faqat suitsid oqibatlari bilan ishlayapmiz. Kimdir o‘z joniga qasd qilganidan keyin borib, uni nega bunday qilmoqchi bo‘lganini so‘raymiz. O‘lmay qolgan bo‘lsa, unga yordam beramiz, olamdan o‘tganlarining oila a’zolarini tinchlantirishga harakat qilamiz. Biz faqat shu bilan ishlayapmiz, xolos” degan T.Norboyeva.

Avvalroq O‘zbekistonda har yili 700 dan ortiq erkak va 600 ga yaqin ayol o‘z joniga qasd qilishi, suitsid bo‘yicha yiliga har 100 ming kishiga 5,2 ta holat to‘g‘ri kelishi ma’lum qilingandi.

Senat fuqarolarning sudga shikoyat qilish huquqini cheklovchi qonunni ma’qulladi

Oliy Majlis Senatining 19 - dekabr kungi yalpi majlisida ma’qullangan qonunga binoan sudning qonuniy kuchga kirgan va apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan qarorlariga nisbatan fuqarolarning kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqi bekor qilindi. Ushbu qonun fuqarolarning sudga shikoyat qilish huquqini jiddiy ravishda buzadi, deb hisoblaydi Telegramdagi “Huquqshunos kundaligi” kanali.

“Misol uchun, Eshmat sodir etmagan jinoyati uchun sudning hukmiga ko‘ra 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Biroq u sudning hukmiga nisbatan qonundan belgilangan 10 kunlik muddatda apellyatsiya shikoyati bera olmadi. Hukm qonuniy kuchga kirdi. Eshmat qamaldi. Endi u sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga nisbatan shikoyat bera olmaydi. Shu yerda hammasi tugaydi”, deb yozadi Telegram kanal.

Qayd etilishicha, kassatsiya tartibida shikoyat (protest) qilish huquqining bekor qilinishi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamda Konstitutsiya talablariga ziddir.

“Hurmatli Shavkat Miromonovich, Oliy sud tomonidan ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va Senat tomonidan ma’qullanib, imzolash uchun sizga yuborilayotgan, fuqarolarning sudga shikoyat qilish huquqini qo‘pol tarzda bekor qilish maqsadini ko‘zlagan mazkur qonunni imzolamang. Ular sizni aldashmoqda”, deya prezidentga murojaat qildi “Huquqshunos kundaligi” kanali.

“Fuqarolarning sudlarga shikoyat qilish huquqiga oid muddatlar cheklanayotgan bir paytda shu islohotlar kerakligi, davr talabi ekanligi, buni to‘g‘ri tushunishlarini so‘rab gapirilsa ham mayli edi, chidasa bo‘lardi. Lekin eng alam qiladigani “biz bu bilan xalqqa yordam qilyapmiz, muddatni uzaytiryapmiz, sizlar tushunmayapsizlar” deyishayotgani bo‘lyapti. Xuddiki xalq sodda va go‘l, nima desa ishonib ketaveradi deb o‘ylasharmikan yoki?” deya mutasaddilarni savolga tutdi boshqa bir huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev.

The Diplomat: O‘zbekiston koronavirusga qarshi Xitoy vaksinasini sinovdan o‘tkazgani holda, negadir Rossiyanikini xarid qildi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi Xitoy vaksinasini klinik sinovi davom etayotgan bir paytda mamlakat Rossiya vaktsinasini sotib olgani haqida xabarlar chiqdi (“The Diplomat”, 21 - dekabr). AQShda ilmiy izlanish olib borayotgan tahlilchi Umida Hoshimova buni tushunarsiz holat, deb atagan. Chunki mamlakat rasmiylari koronavirusga qarshi vaksina faqat klinik sinovlardan keyingina xarid qilinishini ta’kidlagan edi.

O‘zbekistonda Xitoyning “Anhui Zhifei Longcom” shirkati ishlab chiqargan vaktsina sinovdan o‘tishi haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga sabab bo‘ldi. Ko‘p sonli foydalanuvchilar aholi “tajriba quyoni” bo‘lib qolishidan xavotir bildirdi. Bunga javoban Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘z oila a’zolari ham Xitoy vaksinasi bilan emlanganini aytib, aholini xotirjamlikka chaqirdi.

Bu orada Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov “Sputnik V” vaksinasi namunalarini Toshkentga shaxsan etkazib berdi. 19 - dekabr kuni esa Bloomberg Toshkent Moskva bilan 70 mln dozada vaktsina xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolaganini xabar qildi. “The Diplomat” nashriga ko‘ra, hali klinik tekshiruvdan o‘tmagan Rossiya vaksinasining bu qadar katta miqdorda sotib olinishi kutilmagan qadam. Qayd etilishicha, O‘zbekiston mas’ullari bu borada aniq izoh berishi lozim.

Avvalroq ayrim tahlilchilar “Sputnik V” vaksinasi xaridiga ro‘yxushlik bermagan MDH davlatlari rasmiy Moskva bosimiga uchrashi ehtimoli haqida gapirgan edi.

XS
SM
MD
LG