Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:48

OzodDayjest: Prezidentlikka nomzod oligarxlar paydo bo‘lishiga qarshi ekanini bildirdi


XDPdan prezidentlikka nomzod o‘laroq ko‘rsatilgan Maqsuda Vorisova
XDPdan prezidentlikka nomzod o‘laroq ko‘rsatilgan Maqsuda Vorisova

O‘zbekistonda suv resurslaridan foydalanish darajasi tahlikali darajaga chiqdi. XDP nomzodi O‘zbekistonda oligarxlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerakligidan bahs etdi. Poytaxt jamoat transportining ahvoli e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

O‘zbekiston suv zaxiralarining 169 foizidan foydalanayotgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonda suv resurslaridan foydalanish darajasi tahlikali darajaga chiqdi – mamlakat o‘z suv zaxiralarining 169 foizidan foydalanmoqda (“Oila va tabiat” gazetasi, 9 - sentabr). Bu haqda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) yangi hisobotida so‘z boradi.

Qo‘shni davlatlar – Qirg‘iziston va Qozog‘istonda chuchuk suvdan foydalanish ko‘rsatkichi dunyo miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ortib, 50 va 33 foizga yetgan. Tojikiston, Armaniston va Ozarbayjonda “suv stressi” o‘rtacha baholanmoqda, ularda bu ko‘rsatkich 62, 56 va 54 foizni tashkil etmoqda. Rossiya va Gruziya esa o‘z chuchuk suv zaxiralarining 4 foizidan foydalanmoqda.

Zaxira suvlardan eng ko‘p foydalanish holati Kuvaytda qayd etilgan – 3850 foiz. Eng yaxshi vaziyat esa Kongoda kuzatilmoqda: 0,03 foiz.

Mutaxassislarning uqtirishicha, suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish va qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish talab etiladi. Global iqlim isishi ham qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Dunyoning ko‘plab mintaqalarida yog‘ingarchiliklar miqdori o‘zgargan, qurg‘oqchilik va suv toshqinlari ko‘proq sodir bo‘lmoqda, shu sababli suv yetishmovchiligi yanada o‘tkirroq his etilib, suv resurslari sohasida raqobat kuchaymoqda.

Dunyo aholisining uchdan bir qismga yaqinrog‘i (2,3 milliard kishi) suv taqchilligi kuzatilayotgan mamlakatlarda, 10 foizi (733 million kishi) suv tahlikali darajada yetishmayotgan davlatlarda yashamoqda. Bu 733 million kishi nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki shaxsiy ehtiyojlari uchun ham suvga muhtoj.

Prezidentlikka nomzod: “Mamlakatdagi resurslar kamchilik qo‘lida to‘planishiga toqat qilib bo‘lmaydi”

O‘zbekiston prezidenti saylovida Xalq demokratik partiyasidan nomzod sifatida ko‘rsatilgan Maqsuda Vorisova mamlakatda bir hovuch oligarxlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi (“O‘zbekiston ovozi” gazetasi, 8 - sentabr). Asli kasbi shifokor bo‘lgan nomzod iqtisodiyot ijtimoiy tenglikka asoslangan holda rivojlantirilishi zarur deb hisoblaydi.

“Bu yo‘nalish ayni kunda internetda faol muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, kimlardir buni sovet nostalgiyasiga bog‘layotgan bo‘lsa, boshqalar masalaga sog‘lom ko‘z bilan qarab, to‘g‘ri tanlov ekaniga urg‘u qaratishmoqda. Xo‘sh, aslida gap nimada? Nega, prezidentlikka nomzod bu g‘oyalarni ilgari surishni ixtiyor qilgan? Qisqa qilib aytganda, mamlakatda bir hovuch oligarxlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi degan sobit qarashlar, niyatlar bor mazkur g‘oya zamirida. Mamlakatdagi resurslar kamchilik qo‘lida to‘planishiga toqat qilib bo‘lmaydi”, deb yozgan XDP nashri.

M. Vorisova strategik ahamiyatga ega korxonalarda davlat ulushini 50 foizdan kam bo‘lmagan holda saqlash orqali aholi daromadlarini kafolatlash va iqtisodiyotda muvozanatni ta’minlashni taklif etgan.

“Aholi manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosat yuritish dasturning asoslaridan biridir. Bugungi kunda O‘zbekistonda ijtimoiy himoyani ta’minlashga qaratilgan faoliyat yetarli emas deb hisoblayman”, degan XPD vakili.

Oligarxlar mavzusi bundan ancha yillar oldin prezident Islom Karimov tomonidan ko‘tarilgan edi.

“O‘zbekistonda oligarxlar bo‘lmaydi. Tushunmaganlar bo‘lsa, tushunib olsin, bizda oligarxlar bo‘lmaydi!” degan edi I. Karimov 2009 - yil 7 - dekabridagi ma’ruzasida. U, shuningdek, jamiyatga “milliard-milliard pullarni tekinga topib, xalqini aldab yurgan” oligarxlar emas, o‘rta sinf, mulkdorlar sinfi kerakligini qayd etgan edi.

“Bezbetlikning yangi bosqichi” – Toshkent jamoat transporti yana tanqidga uchradi

Yangi o‘quv yili boshlangach, Toshkent yo‘llarida katta tirbandliklar yuzaga kela boshladi (www.xabar.uz, 7 - sentabr). Toshkent shahri transport boshqarmasi buning sababini ko‘chalarda yengil avtomobillar hamda yo‘nalishsiz taksilar sonining ko‘payishiga bog‘ladi. Mazkur rasmiy izoh esa blogerlarda e’tiroz uyg‘otdi.

“Jamoat transportini nafaqat rivojlantirmasdan, balki yillar davomida borini ham abgor qilib, yo‘lovchilar uchun noqulay tizimga aylantirib, mayli, eski davrni ayblashning mavridi tugagandan so‘ng yangi aybdor – taksistlarni ayblashga o‘tishibdi. Bu bezbetlikning yangi bosqichi bo‘lsa kerak”, deb yozdi Telegramdagi “Davletovuz” kanali.

Ta’kidlanishicha, Toshkent jamoat transportiga strategiya kerak va 50 ta avtobus sotib olgan bilan tizim isloh bo‘lib qolmaydi.

“Shahar jamoat transportiga xususiy sektor prizmasida qaraydigan hokim ham buni tushunmaydi. To‘liq tonirovka qilingan, sovutkichi to‘xtovsiz ishlaydigan mashinada yuradigan, muzdekkina kabinetidan, muzdekkina mashinasidan qaraydigan hokim ham, vazir ham tashqaridagi vaziyatni boshqacha ko‘radi”, deb yozgan “Davletovuz”.

Bloger Shahnoza Soatova ham hali yomg‘irli-qorli kunlar boshlanmasdan poytaxt markazida 4-5 km radiusda harakatlanish qiyin bo‘lib qolganini tanqid qilgan.

“Qiziq, nahotki qatorlashtirib zichlab uylar qurayotganda, jamoatchilik transportidan faqat avtobus va metroni qoldirib, qolganini yo‘qotganda, hammayoqni avtomobillashtirib masalani yecha olamiz deb o‘ylashgan? Bu shaharda faqat avtomobili bor odam amallab qimirlay oladigan ahvolga kelyapti. Avtomobilga oylab navbat turib, yillab pulini to‘lashga qurbi yoki xohishi yo‘qlar nima qilsin, ishlamasin, o‘qimasinmi? Zudlik bilan ahvolni o‘zgartirish, nimadir qilish kerak!” deb yozgan bloger.

Jurnalist Nikita Makarenko esa yaqin ikki-uch yilda ahvol yanada og‘irlashishi qayd etdi.

“O‘ylaymanki, real harakatlar qachonki kortejlar yura olmay qolgandagina boshlanadi. Ungacha hech narsa o‘zgarmaydi. Bu ikki yoki uch yil ichida sodir bo‘ladi”, deb hisoblaydi u.

XS
SM
MD
LG