Линклар

Шошилинч хабар
06 май 2021, Тошкент вақти: 08:50

OzodDayjest: Qarorlari noqonuniy bo‘lgan hokimlarni moddiy javobgarlikka tortish taklif etildi


Navoiy viloyatida ko‘p qavatli turar joy binolari va boshqa obyektlarning qurilishida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar aniqlandi. O‘zbekistonlik taniqli futbolchilar Osiyo futbol konfederatsiyasini adolatsizlikda aybladi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Senatorga tegishli shirkat qurilishda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan

O‘zbekiston qurilish vazirligi Navoiy viloyatida ko‘p qavatli turar joy binolari va boshqa obyektlarning qurilishida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarni aniqladi (www.gazeta.uz, 22 - mart).

Vazirlik qurilish ishlarini qonunga zid ravishda olib borayotgan oltita kompaniyani sanab o‘tgan. Ular orasida Navoiy viloyatidan saylangan senator Ulug‘bek Fayziyev ta’sis etgan “Zarafshan Golden Group” shirkati ham bor. Mazkur shirkat shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmagan hamda hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan Zarafshon shahri 13-kichik tumanda ko‘p qavatli turar joy obyektida qurilish-montaj ishlarini boshlagan.

Ushbu holat yuzasidan hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan qisqa muddatli tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv natijasiga ko‘ra mas’ul fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi (shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) 7-qismi bilan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar yig‘ilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahri sudiga yuborilgan.

1993 - yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Zarafshan Golden Group” Navoiy viloyatida va Toshkent shahrida ko‘p qavatli turar joy binolarini, shuningdek, ishlab chiqarish obyektlari, ichki avtomobil yo‘llari qurish, bog‘chalarni ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 - yil 23 - iyuldagi qarori bilan “Zarafshan Golden Group” Zarafshondagi 650 o‘ringa mo‘ljallangan karantin zonasini qurishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosh pudratchisi etib tayinlangan.

Obyekt qurilishi 9,3 milliard so‘mga baholangan. Loyiha davlat byudjetidan moliyalashtirilgan.

Noqonuniy qaror qabul qilgan hokimlarni moddiy javobgarlikka tortish taklif etildi

Hokimlar tomonidan noqonuniy qarorlar qabul qilish holatlari ko‘paymoqda. Masalan, 2019-2020 - yillar mobaynida ma’muriy sudlar tomonidan hokimlarning 2 ming 852 ta qarori noqonuniy deb topilgan (“Mahalla” gazetasi, 22 - mart).

Qayd etilishicha, hokimlar noqonuniy qarorlar qabul qilgani yuzasidan ta’sir choralari ko‘rilmayapti.

“Ushbu qonunsiz harakatlarda ishtirok etgan hokimdan tortib har bir mas’ul xodimni moddiy javobgarlikka tortish kerak. Tortganda ham o‘sha qilmishiga pushaymon qildiradigan miqdorda jarima belgilangan ma’qul. Chunki ertaga shunday ishga qo‘l urayotganda o‘ylab qolsin va fikridan qaytsin”, - deb yozadi “Mahalla” gazetasi.

Avvalroq Cenat raisi Tanzila Norboyeva hokimlarning qonun hujjatlariga zid harakatlari yuzasidan mahalliy kengash deputatlari nazorat olib borishi shartligini ta’kidlagan edi.

“Joylardagi senatorlar hokimiyat qarori noqonuniy bo‘lsa, to‘g‘rilashi, qaytarib yuborishi, bu haqida hokimiyat rahbariga aytish kerak. Buni Senat yoki boshqa davlat idorasi emas, sizlar qilishingiz kerak”, - degan edi Norboyeva mahalliy kengash vakillariga qarata.

Hokim qarorlarini mahalliy kengashlar tasdig‘idan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Ammo qarorlarning haqqoniyligiga baho beradigan, uni tasdiqlaydigan kengashlarga hokimlar raislik qiladi.

Bu holat prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham tanqid qilinib, mahalliy kengashlarga hokimlar raislik qilishi amaliyotiga barham berish zarurligi ta’kidlangan.

O‘zbekistonlik taniqli futbolchilar OFKni adolatsizlikda aybladi

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) tomonidan JCh-2022 guruh bosqichi so‘nggi o‘yinlarini Saudiya Arabistonida o‘tkazish borasida qaror qabul qilinishi o‘zbekistonlik futbolchilar va futbol mutasaddilari e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Tribuna.uz nashriga intervyu bergan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Terma jamoalar markazi rahbari Aziz Haydarov OFKni Saudiya Arabistoniga yon bosishda aybladi.

Sobiq futbolchi va hozirda futbol mulozimi Haydarovga ko‘ra, guruh bosqichi masalasi OFK musobaqalarni o‘tkazish bo‘limining 7 nafar mutaxassisi tomonidan ovoz berish yo‘li bilan hal etilgan. Ammo 7 mutaxassisning 5 nafari Saudiya vakilidir. Holbuki, O‘zbekiston tomoni ham o‘yinlarga mezbonlik qilish uchun barcha xarajatlarni zimmasiga olishga tayyorligini bildirgan.

“Jenoa” va O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov ham o‘yinlar Saudiya Arabistonida markazlashgan tizimda o‘tkazilishini salbiy baholagan.

“Bu qarorni eshitganimda miyamga kelgan ilk fikr OFKning futbolchilarni o‘ylamagani bo‘ldi. Saudiya Arabistoni yozda qanday issiq bo‘lishini hamma biladi. Muxlislar futbolda tezlik va chiroyli o‘yin ko‘rishi kerak. Bunday issiqda bu qiyin masala” , - degan Eldor Shomurodov Daryo.uz nashriga bergan intervyusida.

Taniqli futbolchi, ayni choqda, terma jamoa jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini aytgan.

“Biz oxirigacha kurashamiz, hech qanday qo‘rquv yo‘q” , - degan u.

Eslatib o‘tamiz, Saudiyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan guruh bahslari 31 - maydan 15 - iyunga qadar davom etadi. Vadim Abramov qo‘l ostidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Saudiya Arabistoni, Singapur, Falastin va Yaman bilan bir guruhdan joy olgan.

XS
SM
MD
LG