Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2021, Тошкент вақти: 01:53

OzodDayjest: Qo‘shni davlatlarda yuz minglab o‘zbek o‘z tilida ta’lim olish imkonidan mahrum qolmoqda


Qirg‘izistonning O‘sh shahrida joylashgan o‘zbek maktablaridan biri

O‘zbekistonda “qora bozor” hamon saqlanib qolayotgani sabablari ochiqlandi. Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori qo‘shni davlatlardagi o‘zbeklarning ona tilini o‘rganishda duch kelayotgan muammolaridan bahs etdi. Moliyaviy inqiroz yoqasidagi bankning 280 milliard so‘mga ofis qurayotgani e’tiroz uyg‘otdi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Mutaxassis: Qo‘shni davlatlarda yuz minglab o‘zbek hukmron millatlarga singib ketmoqda

O‘zbekistonga chegaradosh davlatlarda o‘zbek tilini o‘rganish yillar davomida juda og‘ir holatga kelib qolgan, dedi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov “Kun.uz” nashriga bergan intervyusida.

Qayd etilishicha, Turkmanistonda 500 mingdan ortiq o‘zbek yashaydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2000-yillargacha Turkmanistondagi maktablarda o‘zbek tili o‘qitilgan, lekin undan keyin o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish bekor qilingan.

“Bugun Turkmanistonda 500 mingdan ortiq o‘zbeklarning tili, madaniyatini targ‘ib qilishi uchun milliy madaniyat markazi ham yo‘q. Xalqaro normalar bo‘yicha bu borada sharoitlar teng bo‘lishi kerak emasmi? Afsuski, yillar davomida yarim million millatdoshimiz o‘z tili, madaniyatini yo‘qotib, hukmron til ichiga singib ketmoqda. Bu – bizni o‘ylantiradigan muammo”, degan I. Azimov.

Mutaxassisga ko‘ra, Qirg‘izistonda ham ko‘plab o‘zbek maktablari qirg‘iz maktablariga aylantirilgan.

“Bugun Qirg‘izistonda o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilarining o‘rtacha yoshi 50 yosh. O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha esa mutaxassislar tayyorlanmaydi. Endi tasavvur qilingki, yana 15-20 yildan keyin Qirg‘izistonda o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitadigan o‘qituvchilar qolmaydi”, degan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori.

Tojikistonda ham oxirgi o‘n yillikda o‘zbek sinflari soni uch barobarga qisqargan. O‘quvchilar soni 2011-2012 - o‘quv yilida 299 ming 494 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020-2021 - yillarda 106 ming 83 nafarga tushib qolgan.

I. Azimov O‘zbekiston hukumatiga qo‘shni mamlakatlar bilan muzokaralarda o‘zbek tilini rivojlantirish masalasini ham ko‘tarishni tavsiya qilgan.

“Yirik o‘yinchilar istamaydi” – O‘zbekistonda “qora bozor” hamon yo‘qolmagani asosiy sababi aytildi

O‘zbekistonda konvertatsiya uchun yo‘l ochilib, valyuta oldi-sotdisi soddalashtirilgan bo‘lsa-da, “qora bozor” hamon yo‘qolgani yo‘q (“Mahalla” gazetasi, 16 - oktabr). Bu esa yashirin iqtisodiyot sektori saqlanib qolayotgani va hatto borgan sari kengayib borayotganidan dalolat beradi.

“Korrupsion yo‘l bilan topilgan, noqonuniy daromadlar, yashirin savdo, norasmiy import – bularning hammasi “qora bozor”ga murojaat qiladi. Chunki ayirboshlash shoxobchalari orqali valyuta sotib olishda baribir mijozni lozim darajada identifikatsiyalashga to‘g‘ri keladi va buni bugun “qora bozor”ga o‘z talabini qondirish uchun murojaat etayotgan “yirik o‘yinchilar”, albatta, istamaydi”, deb yozgan gazeta.

Qayd etilishicha, bank filiallari kassasida ko‘p hollarda navbat ko‘payib ketayotgani ham aholining “qora bozor”ga murojaat qilishiga sabab bo‘lmoqda.

“Istalgan bank filialiga boring, eng ko‘p odam aynan valyuta ayirboshlash kassasi yonida to‘plangan bo‘ladi. Bank mas’ullari shuni hisobga olib, kassalar sonini ko‘paytirishni o‘ylashmayapti. Ayrim hollarda esa xizmat ko‘rsatish juda sust, bir mijozga 20 minut vaqt ketadi. Qarabsizki, dollar sotib olish istagini bildirgan inson navbatsiz ko‘chadagi valyutafurushga yana murojaat qiladi”, deb yozgan muallif.

Maqolada ayrim huquq-tartibot organlari xodimlari “valyutafurush”lar faoliyatini ko‘rib ko‘rmaganga olayotgani, bu borada nazorat kuchli emasligi ham tanqid qilingan.

“Noqonuniy valyuta ayirboshlash uchun ma’muriy, hatto jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lsa-da, shuni bilgan holda ham “dollarchi”lar o‘z ishini sovuqqonlik bilan davom ettirmoqda. Go‘yo ularning ortida qandaydir “katta kuch” bor va u har qanday nazoratdan himoya qilib turibdi”, deyilgan maqolada.

Moliyaviy inqiroz yoqasidagi “Xalq banki” 280 milliard so‘mga ofis qurmoqda

“Xalq banki”ning yangi raisi Shuhrat Otaboyev bankni moliyaviy qiyinchilikdan chiqarishning yangi usulini o‘ylab topdi, deya kinoya qilgan “Rost24” nashri. U raislik kursisiga o‘tirishi bilan qurilishi bitay degan bank bosh ofisi qurilishi uchun yana 165,9 milliard so‘mlik qo‘shimcha loyiha ishlab chiqqan.

“Moliyaviy qiyinchilik tufayli xodimlarining salkam 50 foizini qisqartirishga majbur bo‘lgan “Xalq banki” bugungi kunda 279,1 milliard so‘mga o‘zining bosh ofisi binosini qurmoqda. Bino qurilishi uchun tender o‘tkazilganmi? Pudratchi firma buyurtmani olishdan 5 oy avval ochilgan yangi firma ekanini qanday tushunish mumkin?” deya mutasaddilarni savolga tutgan nashr.

Vazirlar Mahkamasining 2018 - yildagi farmoyishi va Toshkent shahar hokimligi qaroriga ko‘ra, “Xalq banki” bosh ofisini qurish uchun Chilonzor tumanidan 1,8 gektar yer ajratilgan. 2019 yildagi Vazirlar Mahkamasining yig‘ilish bayoniga asosan bosh pudratchi etib “Gracia art stroy” MChJ va bosh loyihachi “Energy biulding” MChJ tayinlangan (“Gracia art stroy” MChJning nizom jamg‘armasida bor-yo‘g‘i 20 million so‘m bor).

Dastlab 113,2 milliard so‘mga baholangan loyihaga qo‘shimcha ravishda yana 165,9 milliard so‘m sarflanayotgani ham savollar tug‘dirgan.

“Mazkur qurilishdagi ba’zi savollarning ochiq qolishi loyihada korrupsiya aralashganiga shubha tug‘dirmaydimi?” deb yozgan internet nashr.

XS
SM
MD
LG