Линклар

Шошилинч хабар
25 июн 2021, Тошкент вақти: 05:51

OzodDayjest: Rus oligarxiyasi O‘zbekiston iqtisodiyotining daromadli yo‘nalishlariga agressiv ravishda kirishi kutilmoqda - tahlilchi


Senat raisi fuqarolar murojaatiga befarq mutasaddilarni tanqid qildi. Iqtisodchi bloger O‘zbekiston iqtisodiyotida qanday o‘zgarishlar kutilayotganiga oid bashoratlari bilan o‘rtoqlashdi. Qasamyodini qo‘pol ravishda buzgan sudyalar ishdan bo‘shatildi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Senat raisi Tanzila Norboyeva hokim va deputatlarni tanqid qildi

Oliy Majlis senati raisi Tanzila Norboyeva videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan o‘n birinchi yalpi majlisda fuqarolarning murojaatlariga befarq mutasaddilarni tanqid qildi (“XXI asr”, 7 - yanvar).

“Ijtimoiy tarmoqqa chiqib, murojaat qilish urf bo‘lyapti. Qani hokim, deputat va sektor rahbari? Nega fuqarolar prezident yoki boshqa amaldorlarga ijtimoiy tarmoqlarda murojaat qilyapti? Demak, ana shu organlarning ishi qoniqarsiz bo‘lgani uchun odamlar shunga majbur bo‘lyapti. Bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz lozim, hal etilmagan yoki to‘g‘ri tushuntirilmagan har qanday masala ijtimoiy kayfiyatga salbiy ta’sir etadi”, dedi Senat raisi.

Senat raisi xalq vakili sifatidagi vazifasini to‘liq bajara olmayotgan deputatlarni ham tanqid qildi.

“Xalqning o‘zi bir kun kelib deputatga: “Sen bizga nima ish qilib berding, nima foydang tegdi?” degan savollar berib, qayta saylansin degan talabni ham qo‘yishi mumkin. Shunday ekan, mana bir yil o‘tdi, oz bo‘lsa-da, oqu qorani tanib oldingiz, endi xalqning oldiga chiqish kerak. Chiqqanda ham har kuni chiqish kerak”, degan u.

T. Norboyevaning ta’kidlashicha, 2021 - yildan har bir deputat o‘zi saylangan hududdagi saylovchilar bilan muloqotni qat’iy yo‘lga qo‘yishi va muammolarni hal etishga ko‘maklashishi zarur.

2021 - yilda O‘zbekiston iqtisodiyotida qanday o‘zgarishlar kutilayotgani bashorat qilindi

Iqtisodiy tahlilchi va bloger Otabek Bakirov Telegramdagi kanalida 2021 - yilda milliy iqtisodiyotni qanday o‘zgarishlar kutayotgani borasida bashoratlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Bozorlarni qizitish uchun turlicha optimistik fikrlar yangrayotganiga qaramay, 2021 - yilda global iqtisodiyot ham, milliy iqtisodiyotimiz ham og‘ir va murakkab jarayonlarni boshdan kechirishda davom etadi”, deb yozgan u.

Bloger qaydicha, ommaviy emlash jarayoni karantin cheklovlaridan chiqishga ko‘mak berishi mumkin, lekin pandemiya yaratgan va ungacha pishib etilgan iqtisodiy muammolarning yechimi bo‘la olmaydi. Shu sabab ayrim soha va tarmoqlar shiddat bilan o‘sish yo‘liga tushib olsa, boshqalarida yil davomida tushkunlik va depressiya saqlanadi. Pirovardida, jamiyatda ijtimoiy tengsizlik kuchayib, boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi munosabat keskinlashadi.

O. Bakirovga ko‘ra, ijtimoiy vaziyatni barqarorlashtirish omili sifatida faqat tashqi migratsiyani rag‘batlantirish choralari tanlanadi. Bahordan Rossiya o‘zbek migrantlari uchun hatto YeOII a’zolari fuqarolari uchun belgilanganidan ham ortiq alohida imtiyozli qoidalar joriy etishi mumkin.

“YeOIIdagi kuzatuvchilik maqomi chegaralari yuvilib ketadi. Kuzatuvchilik maqomi aslida sobiq metropoliyadan bo‘layotgan bosimlardan qochish va vaqtdan yutish uchun emas, to‘liq a’zolikka mamlakatdagi ijtimoiy kayfiyatni tayyorlash uchun tanlangani tushunib etiladi”, deb hisoblaydi iqtisodiy tahlilchi.

Muallif rus oligarxiyasining o‘zbek iqtisodiyotining eng daromadli yo‘nalishlari – bank, energetika va kimyo sanoatiga agressiv kirib kelishini ham bashorat qiladi.

“Xalqaro standartlarni joriy qilish va zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini yaratish bahonasi bilan o‘zbek iqtisodiyotining gultoji bo‘lgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatigacha suqilib kirish yuz berishi mumkin. NKMK ustidan nazorat O‘zbekiston valyuta va byudjet siyosatini manipulyatsiya qilishga yo‘l ochadi”, deb yozadi u.

Ekspert taxminiga ko‘ra, tashqi va ichki omillar bahonasida energetika resurslari tarifi ham oshiriladi.

Koronavirusdan qancha sudya vafot etgani ochiqlandi, hozirga qadar o‘limlar sababi sir tutilayotgandi

O‘zbekistonda 2020 - yilda yetti nafar sudya koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgan. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati ma’lum qildi (www.daryo.uz, 4 - yanvar). Ular Qashqadaryo, Toshkent, Andijon, Samarqand viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritib kelgan. Daryo.uz nashriga ko‘ra, Oliy sudi matbuot xizmati 2020 - yil davomida sudyalarning vafot etganini ma’lum qilgani holda, ular o‘limiga aynan nima sabab bo‘lganini ochiqlamagan.

Umuman, 2020 - yilda jami 27 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, lavozimidan ozod qilingan. Bunga uchta holatda sudyaning boshqa ishga o‘tgani, beshta holatda esa sudya o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash haqida ariza yozgani sabab bo‘lgan.

Shuningdek, sudyalik qasamyodi va odob-axloq qoidalarini hamda odil sudlovni amalga oshirishda qonun talablarini qo‘pol ravishda buzgan 12 nafar sudya tizimdan chetlatilgan. Ulardan biri jinoiy javobgarlikka tortilgan.

XS
SM
MD
LG