Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:58

OzodDayjest: Samarqandlik tiktokerlar layk yig‘ish uchun o‘zini tomdan tashladi


O‘zbekistonliklardan turistik yig‘im undirilishiga oid xabar ijtimoiy tarmoqlarda norozilik uyg‘otdi. Samarqandlik tiktoker layk yig‘ish uchun qilgan ishidan pushaymon ekanini e’tirof etdi. Taniqli tarjimon Alisher Navoiy ijodini chet ellarda tanitish bo‘yicha yetarlicha ish qilinmayotganidan bahs etdi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Bloger: “Yashirin va ochiq soliqlar bo‘yicha ko‘pchilikni ortda qoldirdik. Yetar balki?”

2021 - yil 1 - martdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan ham turistik (mehmonxona) yig‘im undiriladi (www.uza.uz, 9 - fevral). Yig‘im miqdorini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi. Hozirga qadar bu yig‘im O‘zbekiston hududida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan undirib kelingan. Yig‘im mehmonxona, hostel va mehmon uylarida qo‘noq bo‘lgan har bir kun uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizigacha summani tashkil etgan.

Ushbu o‘zgarish ijtimoiy tarmoqda turlicha baholandi.

“Qarang-da, subsidiyalashdan mablag‘lar yaramas monopolistlar ixtiyoriga tushadi. To‘lovi esa aylanib baribir mahalliy turistlar cho‘ntagidan undirib olinadi. O‘zi ichki turistlarning har o‘ntasidan bittasi bu yaramaslarning xizmatidan foydalanmaydi, lekin turistik yig‘im hammadan undiriladi. Qoyilmisiz?! Yashirin va ochiq soliqlar yuki bo‘yicha qo‘shnilaru qo‘shni bo‘lmaganlarniyam ortda qoldirib bo‘ldik. Yetar balki?” deb yozdi iqtisodiy mavzularga ixtisoslashgan bloger Otabek Bakirov.

“Siz viloyatdan Toshkentga ish bilan kelib mehmonxonada qoldingiz. Turistga aylandingiz va sizdan turistik yig‘im undiriladi”, deb yozadi Telegramdagi “Tentak Mind” kanali. “Barcha yo‘llar soliqqa yetaklaydi”, deya kinoya qiladi mazkur kanal.

Ikki tiktoker ko‘proq layk yig‘ish uchun o‘zini tomdan tashladi

Samarqandda tiktoker yigitlar layk yig‘ish maqsadida o‘zini tomdan tashladi (www.daryo.uz, 9 - fevral). Shifokorlarning ma’lum qilishicha, yigitlardan biri endi yura olmasligi mumkin.

“Men do‘stim bilan TikTok ijtimoiy tarmog‘iga qiziqib, profil ochdik. Obunachilarimizni ko‘paytirish maqsadida ikkalamiz tomga chiqdik va tomdan o‘zimizni tashladik. Do‘stim hozir shifoxonada, shifokorlarning aytishicha, u oyoqqa turmasligi ham mumkin ekan. Endi TikTok’ka kirmaslikka harakat qilaman”, degan yigitlardan biri.

Joriy yil yanvar oyida toshkentlik 25 yoshli yigit TikTok tarmog‘iga harakatlanayotgan Spark avtomobili ustiga chiqib olgani aks etgan videoni joylashtirgan edi. Ushbu harakati ortidan yigit jarimaga tortilgan.

Bundan avvalroq esa O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi tiktokerlar va ularning ota-onalarini ogohlantirgan edi.

“Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarning TikTok platformasida fuqarolarimizni, ayniqsa, yoshlarimizni o‘zlariga e’tibor jalb qilish maqsadida turli masxaraomuz, odob-axloq qoidalariga zid harakatlari tasvirlangan videolarini ko‘plab kuzatyapmiz... Fuqarolarning osoyishtaligini, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzish mayda bezorilik hisoblanadi va 15 sutkagacha qamoq bilan jazolanadi. Ogohlantiramiz, farzandlaringizni nazorat qiling”, deyilgan vazirlik bayonotida.

Taniqli tarjimon: “Bu ahvolda Navoiyni qanday qilib dunyoga tanitamiz?!”

Taniqli tarjimon va shoir A’zam Obid ayni kunlarda 580 yilligi keng nishonlanayotgan ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy ijodini jahonga keng targ‘ib etish masalasini ko‘tardi (“Rost24”, 8 - fevral).

Buyuk shoir ijodiy merosini o‘rganish bo‘yicha davlat miqyosida qaror va farmonlar chiqarilgan bo‘lsa-da, ular ijrosini qoniqarli, deb bo‘lmaydi.

A’zam Obidning fikricha, bugun hatto o‘zini dunyoga tanita olmayotgan qalamkashlar Navoiyni ham mamlakat tashqarisida tanita olmaydi.

“Tarjimoni, adabiy agenti, adabiy loyihalar koordinatori bo‘lmagan, xalqaro adabiy munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga hafsalasi yo‘qlaru aqalli 1 foizgina ijodkori biror xorijiy tilni o‘rganishga astoydil kirishmayotgan, hatto o‘zini dunyoga olib chiqib bilmayotgan ijodkorlar bilan Navoiyni qanday qilib dunyoga tanitish mumkin? Biror jiddiyroq xalqaro tadbir o‘tkazish uchun oylab Vazirlar mahkamasi, prezident qarorini kutib o‘tiradigan tashkilotlar bilan biror narsa qilib bo‘larmikan?” deya yozadi tarjimon.

A.Obidga ko‘ra, chet ellarda Navoiy institutini ochish, mamlakatda esa yillik xalqaro she’riyat va yozuvchilar festivallari o‘tkazish lozim.

Ijodkor, shuningdek, muloqot va yuzma-yuz uchrashuvdan qochadigan, adabiyot, san’at va madaniyat erkin bo‘lsagina rivojlanishini tushunishga aqli yetmayotgan davlat organlari, agentliklar, uyushmalar bilan Navoiy shuhratini olam ichra yoyish amrimahol ekanini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG