Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:29

OzodDayjest: Senator voyaga yetmagan qizlar orasida homiladorlik holati ortganidan tashvish bildirdi


Senator Toshmuhamedova so‘nggi ikki yilda Toshkent viloyatida voyaga yetmagan qizlarning homilador bo‘lish holatlari ikki barobarga ko‘payganini qayd etdi. Benzin narxining oshishi boshqa ashyolar bahosiga ta’sir o‘tkazishi mumkinligidan xavotir bildirildi. Navoiyning qo‘liga gitara tutqazib qo‘yilishi o‘zbek millatiga nisbatan hurmatsizlik, deb baholandi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Senator Toshmuhamedova: “Toshkent viloyatida voyaga yetmagan qizlarning homilador bo‘lib qolishi ikki barobarga ortdi”

Oxirgi ikki yilda Toshkent viloyatida voyaga yetmagan qizlarning homilador bo‘lish holatlari ikki barobarga ko‘paygan. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhamedova ma’lum qildi (www.daryo.uz, 27 - yanvar).

“Yoshlarimizning, ayniqsa, o‘spirinlarimizning o‘zining salomatligi to‘g‘risida bilimi etarli emasligi muayyan muammolarni keltirib chiqarmoqda. Buning natijasida bir nechta salbiy holatlar uchramoqda. Misol uchun, Toshkent viloyatida erta tug‘ish ko‘rsatkichi o‘sib borayotgani, ba’zi bir viloyatlarda o‘smir qizlar orasida abortning ko‘payayotgani juda ayanchli holat” degan D.Toshmuhamedova.

Senatorning aytishicha, birgina Samarqand viloyatida voyaga yetmagan qizlar o‘rtasida sun’iy abort qildirish soni 72 tagacha ko‘tarilgan. Toshkent viloyatida esa 2019 - yilda 15-16 yosh oralig‘idagi qizlarda erta tug‘ish holati ikki barobarga ko‘paygan.

Shuningdek, respublika bo‘yicha onalar va bolalar o‘limi kamayayotgan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyatining ayrim tumanlarda bu ko‘rsatkich oshib bormoqda. Erta turmush qurgan qizlarning homiladorlik va bola parvarishi bo‘yicha bilimi yetarli darajada emasligi ham aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, Xalq ta’limi vazirligi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda shunday salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha o‘quv dasturlari ishlab chiqilmoqda va keyingi o‘quv yillaridan bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Platforma.uz: “1 fevraldan benzin qimmatlasa, Oyposhsha xolaning nosi ham oshadi”

O‘zbekistonda 1 - fevraldan benzin narxi oshishi kutilmoqda. Bu haqda bir qator matbuot nashrlari xabar berdi. Gap shundaki, 1 fevraldan O‘zbekiston milliy valyutasida belgilangan ayrim aksiz solig‘i stavkalari oshiriladi. Jumladan, 1 tonna Ai-80 benzini soliq stavkasi 200 ming so‘mdan 240 ming so‘mga, Ai-91, Ai-92, Ai-93 va Ai-95 benzinlari stavkasi 250 ming so‘mdan 275 ming so‘mga ko‘tariladi. Yuqoridagi o‘zgarishlardan keyin respublikada ommabop bo‘lgan Ai-80 benzinining litri o‘rtacha 110 so‘mgacha (QQS bilan) oshishi mumkin. Ai-90 va undan yuqori markali benzinlar narxi o‘rtacha 60 so‘mdan 90 so‘mgacha qimmatlashishi kutilmoqda.

“O‘zi 30 yildan buyon oylik oshsa, odamlar qo‘rqadigan bo‘lib qolgan. Maosh va nafaqalarning oshishi haqidagi xabarlar mudom xosiyatsiz xarakterga egaligicha qolayotir. Ming afsuski, mentalitet nuqtai nazaridan benzin qimmatlashi bizda barcha sohaga, hatto Oyposhsha xolaning nosiga ham ta’sir qiladi. Boshqa narsani gapirmasayam bo‘ladi. Xo‘sh, mulozimlar nega narx oshirishga “boshqorong‘i” bo‘lgan? Dunyo birjalarida neft narxi tushganda ham, bizda tushmagan holatlarniyam ko‘rdik”, deb yozgan Telegramdagi Platforma.uz kanali.

Reklama posterida Alisher Navoiy gitara bilan tasvirlangani tanqidlarga sabab bo‘ldi

Flyin Up o‘zbek rok guruhining reklama posterida shoir va mutafakkir Alisher Navoiy elektron gitara tutgan holda tasvirlangani tanqidlarga sabab bo‘ldi (“Hurriyat”, 27 - yanvar).

“So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy bobomiz asarini ko‘chirishda bitta nuqtani tushirib qoldirgani bois arab imlosida yozilgan “ko‘z” so‘zi “ko‘r”ga aylanib qolgani uchun xattotdan qanchalar norozi bo‘lgan ekanlar. Biz ko‘rib turgan, ming-minglab odamlarga taqdim etilayotgan postdagi rasm – ilmsizlik, befarosatlik va no‘noqlik kasridan ulug‘ bobomiz qo‘liga gitara tutqazib qo‘yilishi millatimizga nisbatan behurmatlik, davlatimizni tan olmaslik oqibatidir. Oqbilaklarga munosib keladigan yoqut ko‘zli tilla uzukka balo bormi?!” deb yozadi shoira Muhtarama Ulug‘ova.

Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri ma’muriyati ham bu holatga e’tiroz bildirgan.

“Buyuk mutafakkir va faylasuf olim, o‘zbek tilining asoschisi, donishmand bobokalonimiz Alisher Navoiyni na dinimiz, na millatimiz va na tariximiz, qo‘yingki, o‘ziga ham aloqasi bo‘lmagan holatda, barmoqlarini bu ko‘rinishda, burni qizargan, g‘alati belgilari bor musiqa asbobi bilan tasvirlangani tushunarsiz” degan teatr ma’muriyati.

Tanqidlardan so‘ng Flyin Up guruhi afishaning yangilangan ko‘rinishini havola etgan.

Avvalroq Qarshi shahrida shoir va hukmdor Zahiriddin Muhammad Boburning pitstsa ushlab turgan katta reklama surati o‘rnatilgan va e’tirozlardan keyin olib tashlangan edi.

XS
SM
MD
LG