Линклар

Шошилинч хабар
05 август 2021, Тошкент вақти: 01:30

OzodDayjest: Seysmologiya instituti direktori O‘zbekistonda cho‘llanish shiddatli tus olganidan bong urdi


Emlash jarayonini yaxshi tashkil eta olmayotgan SSVga “ikki” baho qo‘yildi. Seysmologiya instituti direktori O‘zbekistonda cho‘llanish jarayoni jadallashganidan ogohlantirdi. O‘zbekiston doxil “Osiyo Shengeni” 2022 - yildan joriy etilishi mumkinligi aytildi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Shifokor: O‘zbekiston yaqin oylarda 2020 - yilning yozidagi kabi dahshatni boshdan kechirishi mumkin

Shifokor Azizbek Boltayev O‘zbekistonda yaqin oylarda 2020 - yilning yozida yuz bergan koronavirus bilan bog‘liq dahshat qaytarilishi kutilayotganini aytdi (www.daryo.uz, 21 - iyun).

“Men O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanish ortishi yangi yilga to‘g‘ri keladi deb taxmin qilgandim. Ammo bu hozir sodir bo‘lyapti. Buni quyidagicha izohlash mumkin. O‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, bemor koronavirusga chalinganidan keyin unda 7 oygacha virusga qarshi immunitet paydo bo‘ladi, keyin esa qonda antitanalar miqdori keskin kamayadi va qayta kasallanish xavfi ortadi”, degan shifokor.

Ta’kidlanishicha, butun dunyo mamlakatlari kabi O‘zbekiston ham shoshilinch ravishda aholini koronavirusga qarshi emlashi kerak.

“Ammo bizda vaksinatsiya bilan bog‘liq vaziyat qanday? Dunyo bo‘yicha birinchi vaksinani o‘rtacha 20 foizdan ortiq aholi oldi. Rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 50-70 foizni tashkil qildi. O‘zbekistonda 15 - iyunga kelib aholining uzog‘i bilan 5 foizi vaksinaning birinchi dozasi bilan emlandi. Dunyo mamlakatlaridan besh baravar, qo‘shni Qozog‘istondan esa ikki baravar ortda qolyapmiz”, degan A.Boltayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, koronavirus bo‘yicha hukumat komissiyasi boshchiligidagi Sog‘liqni saqlash vazirligiga pandemiyaga qarshi choralarini yomon tashkil etgani, o‘tgan yilgi qiyinchiliklardan tegishli xulosa chiqarmagani, shuningdek, vaksinatsiya kampaniyasini ochiqchasiga zaif tashkillashtirayotgani uchun ikki baho qo‘yilishi kerak.

Mutaxassisga ko‘ra, emlash kampaniyasini quyidagilar orqali kuchaytirish zarur: vaksina sotib olish uchun katta moliyaviy va diplomatik resurslarni yo‘naltirish, ancha vaqt oldin va’da qilingan “Sputnik V” vaksinasini mahalliy ishlab chiqarilishini tezlashtirish, virusni neytralashtiruvchi antitanalarga ega bo‘lmagan aholining ayrim guruhlari (shifokorlar, “formadagi odamlar”, o‘qituvchilar/tarbiyachilar, davlat xizmatchilari) uchun vaksinatsiyani majburiy qilish.

Shifokor, shuningdek, yopiq muassasalarda ommaviy tadbirlarni o‘tkazishni taqiqlash kerakligini ham qayd etgan.

Mutaxassis: O‘zbekiston hududi shiddat bilan cho‘llanishda davom etmoqda, tezkor chora ko‘rilmasa bo‘lmaydi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Seysmologiya instituti direktori, geografiya fanlari doktori Vahob Rafiqov mamlakatda cho‘llanish jarayoni jadallashganidan ogohlantirdi (www.kun.uz, 24 - iyun).

“Bu jarayon yildan yilga kuchayib boryapti. Masalan, janubiy, sharqiy, shimoliy va borgan sari g‘arbiy viloyatlarga qarab cho‘llanish jarayoni tezlashyapti. Qarnacho‘l, Mirzacho‘l, Sherobod, Dalvarzin, Qoraqalpoq cho‘llari chegaralari kengayishda davom etyapti. Ular qatoriga o‘tgan yillar ichida eng yosh bo‘lgan cho‘l – Orolqum ham qo‘shildi”, degan Vahob Rafiqov.

Rafiqovga ko‘ra, Orolning tubidan ko‘tarilgan chang tuz, 300-400 kilometr radiusda atrofga yog‘ilmoqda. Har daqiqada O‘zbekistonning 9 kvadrat metr hududi cho‘llanib boryapti. Ekologik va geoekologik muammolar kun sayin o‘sib bormoqda. Ammo cho‘llanishga qarshi kurash masalasi hozircha kun tartibida emas. Agar cho‘llanishga qarshi chora-tadbirlar amalga oshirilmasa, 2030-2040 yillarda unumdor hududlar Toshkent va vodiy viloyatlaridagina qolishi mumkin.

Cho‘llanishga tabiiy va antropogen omillar ta’sir ko‘rsatadi. Anrtopogen, ya’ni inson sabab bo‘ladigan omillarga yerlarni noto‘g‘ri sug‘orish, yerlarning ifloslanishi, sanoat chiqindilari, tosh, qum va minerallarni qazib olish kiradi. Shuningdek, aholi sonining o‘sib borishi – cho‘llanishning asosiy sabablaridan biri. Chunki odamlar ko‘paygani oziq-ovqat va moddiy boyliklarga talab ham oshadi. Bu esa yerdan ko‘proq hosil olish kerakligini anglatadi. Natijada dehqonchilik maydonlari ayovsiz ishlatiladi va yaroqsiz holga keladi.

O‘zbekiston ham qo‘shilayotgan “Osiyo Shengeni” 2022 - yildan joriy etilishi mumkin

Buyuk Ipak yo‘li mamlakatlari uchun “Osiyo Shengeni” vazifasini o‘tashi kutilayotgan Silk road visa 2022 - yildan boshlab amalda qo‘llanila boshlashi mumkin (www.gazeta.uz, 25 - iyun). Bu haqda Qozog‘iston madaniyat va turizm vaziri Aqto‘ti Raimqulova Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo davlatlar turizm vazirlari yig‘ilishida ma’lum qildi.

“Albatta, pandemiya o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi, harakatlarimiz bir muddat to‘xtab qoldi. Ozgina vaqt yo‘qotdik, biroq, inshaolloh, 2022 - yildan viza amal qila boshlashi haqiqatga yaqin”, degan u.

Qozog‘iston vakilasi bu jarayonning tezroq boshlanishi mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘riladigan choralarga bog‘liqligini ta’kidlagan.

Ma’lumot o‘rnida, avvaliga O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston yagona turistik vizani ishlab chiqishni rejalashtirgan edi. Mazkur g‘oya 2018 - yili Chimkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Qozog‘iston birinchi hududlararo forumida tilga olingan. Qirg‘iziston tomoni ushbu kelishuv yuzasidan aniq qarorini bildirishni keyinga qoldirdi. Shu bois viza borasidagi gap-co‘zlar faqat O‘zbekiston va Qozog‘iston atrofida aylana boshladi.

2021 - yil 18 - mayga kelib, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Toshkent va Ostona hukumatlari yagona sayyohlik vizasini ishga tushirishga tayyorligi aytdi. “Aniq sanani ikki tomonlama komissiya belgilaydi… Biz barcha texnik muammolarni hal qildik, qaror qilish arafasidamiz. Davlatning ichki tasdiqlash tartib-taomillaridan o‘tib olishimiz kerak”, degan Abduhakimov.

U “Osiyo Shengeni”ga Qirg‘iziston faol qiziqish bildirayotgani, Ozarbayjon bilan avtonom o‘zgarishlar mavjudligi, Tojikiston, Mo‘g‘uliston, shuningdek, bir qator Kavkazorti respublikalari ushbu loyihaga qo‘shilishi mumkinligini qayd etgan.

XS
SM
MD
LG