Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2021, Тошкент вақти: 14:40

OzodDayjest: Sodiq Safoyev yostiq ostida saqlanayotgan 10 milliard dollardan gap ochdi


Senator Sodiq Safoyev

Prezident Mirziyoyev o‘zbekistonlik ayollar munosib ish bilan ta’minlanishi lozimligidan bahs etdi. Senator Safoyev “yostiq ostidagi mablag‘lar” yangi ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirilishi lozim, degan fikrda. Deputat onkologiya shifoxonasidagi korruptsiya yuzasidan ma’lumot talab qildi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Prezident Mirziyoyev ayollarning ishlashini taqiqlaydigan erkaklar haqida gapirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida 120 nafar ayol va erkak ishlaydigan “Dream linet tesktil” kompaniyasi rahbari bilan suhbat qilib, ayollarning ishlashini taqiqlaydigan erkaklar haqida fikr bildirdi (www.gazeta.uz, 22 - fevral).

“Eri ruxsat bermasa deyapti”. Hozir bizning Namanganda ham mana shu ibora paydo bo‘lyapti. Bu ibora bilan ham kurashishimiz kerak. Nimaga desangiz, hammamiz teng bo‘lib, ayollarimizni ham munosib ish bilan ta’minlashimiz kerak. Sizga o‘xshagan 20-30 ta tadbirkor hokimga ko‘makchi bo‘lsa bo‘ldi, mening hamma yurishim kerakmas, men o‘zimning davlat ishlarim bilan shug‘ullanaveraman”, degan prezident.

Davlat rahbari mehnat migratsiyasi masalasiga ham to‘xtalgan.

“Hali ko‘p-ko‘p mana shu fuqarolarimiz, sizlarning qo‘shnilaring, ko‘plarning turmush o‘rtoqlari chetda yuribdi. Mening eng katta maqsadim, qancha og‘ir bo‘lmasin, ularni sekin-sekin o‘z bag‘rimizga, o‘z mahallamizga, o‘z uyimizga qaytarib olib kelishimiz kerak. Og‘ir, lekin barbir shu marralarni oldimizga qo‘yishimiz kerak”, deb ta’kidlagan Sh. Mirziyoyev.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, 2019 - yil 1 - maydan boshlab O‘zbekistonda ayollarni ayrim tarmoqlarda yoki kasblarda ish bilan ta’minlashga qo‘yilgan taqiqlar bekor qilingan.

Senat raisi o‘rinbosari: O‘zbekistonda 10 milliard dollarga yaqin mablag‘ yostiq ostida saqlanmoqda

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev mamlakat aholisining foydalanilmasdan yostiq ostida saqlanayotgan 10 milliard dollarga yaqin mablag‘i haqida gapirdi (www.kun.uz, 25 - fevral).

“Har bir jamiyatda bo‘lgani kabi bizning aholimizda ham mablag‘ bor. Agar shu mablag‘larni ishlab chiqarishga yo‘naltirsak, gapning ochig‘i, bizga xorijiy investitsiyalar ham bugungichalik dolzarb bo‘lmaydi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, aholida 10 milliard dollarga yaqin mablag‘ bor. Lekin u pullar ishlab chiqarish emas, uy-joy, to‘yxonalarga sarflanadi yoki xalq iborasi bilan aytganda, yostiq tagida yotgan mablag‘lar”, degan S. Safoyev.

Senat raisi o‘rinbosariga ko‘ra, pul o‘z qiymatini oshirishi, mablag‘ yangi ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirilishi lozim.

“Banklarimiz, afsuski, mijoz uchun kurashayotgani yo‘q. Tafovutni ko‘rdik, jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, banklar qachon mijoz uchun kurashsa, uning uchun raqobat qilsa, o‘shanda rivojlanadi. Agar u faqatgina berilgan mablag‘larni saqlab o‘tirish bilan kifoyalansa, iqtisodiyotda ularning roli kamayadi”, degan u.

Safoev banklarni isloh qilish va kapital bozorini rivojlantirishni ikki muhim masala, deb baholagan.

O‘zbekiston kapital bozori kapitallashuvi mamlakat YaIMga nisbatan 1 foizni tashkil etadi. Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov rivojlanayotgan davlatlarda bu ko‘rsatkich 30-60 foiz atrofida ekanini, rivojlangan davlatlarda esa 100 foiz va undan ham ortiq bo‘lishini aytgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligidan onkologiya shifoxonasidagi korrupsiya yuzasidan ma’lumot talab qilindi

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahri filiali xodimlarining muassasada yuz berayotgan korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklarga doir murojaati qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda (www.human.uz, 24 - fevral).

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi parlament eshituvida Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov sog‘liqni saqlash vaziridan ushbu masala yuzasidan o‘tkaziladigan xizmat tekshiruvi natijalarini xalq vakillariga ma’lum qilishni so‘radi.

J.Shirinov mazkur masalaga Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi o‘z munosabatini bildirishini ham ta’kidladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi filiali shifokorlari prezidentga yo‘llagan videomurojaatda rahbarlar bemorlarni kasalxonaga yotqizish va jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun pora talab qilishi, shifo maskaniga hukumat tomonidan berilayotgan dori-darmon vositalari filial bosh shifokoriga qarashli aptekalarda sotilishini aytilgan.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura rasmiy bayonot bilan chiqqan. Qayd etilishicha, Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan filial mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Mazkur jinoyat ishi tergovi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan”, deyilgan bayonotda.

XS
SM
MD
LG