Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:57

OzodDayjest: Sport vaziri Aziz Abduhakimov yolg‘on ma’lumot berganlikda ayblandi


Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov
Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov

Senator zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgan mardikor ayollar haqida gapirdi. Sport va turizm vaziri yolg‘on ma’lumot bergani ma’lum bo‘ldi. Andijonda rashk tufayli erini pichoqlab o‘ldirgan ayol qamaldi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

“Sport vaziri yolg‘on ma’lumot bergan” – Shaxmat federatsiyasi xodimlari hamon maoshsiz ishlamoqda

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi xodimlari deyarli bir yildan buyon maoshsiz ishlab kelmoqda, deya xabar qildi Kun.uz nashri. Federatsiya mas’ul xodimiga ko‘ra, maosh muammosi 2020 - yil aprel oyida boshlangan. 2021 - yil yanvarida markaziy shaxmat klubidan qarz olingan va shu qarz hisobidan xodimlarga yanvar-fevral oyi uchun maosh to‘langan, ammo oylik berish yana to‘xtatilgan. Xodimlarga o‘tgan vaqt davomida biror marta mukofot yoki rag‘batlantirish pullari ham to‘lanmagan.

“Shaxmatni rivojlantiramiz, ommalashtiramiz, deyildi, lekin federatsiya xodimlarining o‘zi oylik olmayapti, shaxmat qanday ommalashadi?” degan federatsiya xodimi.

Federatsiya vakili bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovning “maosh muammosi hal qilindi” degan bayonoti ham yolg‘on ekanini ta’kidlagan. Eslatib o‘tamiz, joriy yil 26 - may kuni A. Abduhakimov O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi xodimlarining maosh muammosi hal etilgani, bu masala bilan shaxsan o‘zi shug‘ullanganini aytgan edi.

Kun.uz nashri surishtiruvida ma’lum bo‘lishicha, deyarli bir yildan buyon maoshsiz ishlayotgan ayrim mutaxassislar tashkilotni tark eta boshlagan.

Senator: Mardikor ayollar zo‘ravonlik va nohaqlik qurboni bo‘lmoqda

Mardikor bozorlari nafaqat shaharlarda, balki tuman va uzoq qishloqlarda ham bor. Afsuski, ishga yollanishga chiqqan insonlar orasida xotin-qizlar soni ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Achinarlisi, xotin-qizlar og‘ir ishlarni ham bajarishga majbur bo‘lmoqda, deb yozgan Oliy Majlis Senatining Gender tenglik va xotin-qizlar masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova (“Mahalla” gazetasi, 24 - iyul).

Qayd etilishicha, ish beruvchilar faoliyatini nazorat qilish imkoni yo‘q, bu esa ayollar hech qanday huquqiy himoyaga ega emas deganidir. Qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistonga ishlagani borayotgan o‘zbekistonlik ayolllarning ham huquqlari kafolatlanmagan.

Senatorga ko‘ra, og‘ir moddiy ahvol yurtimizning turli joylaridan kelgan ayollarni mardikor bozoriga chiqib, past haq to‘lanadigan qora ish topib kun kechirishga majbur qilmoqda. Yozilmagan qoidaga binoan bir kunlik ish haqi bir kilogramm go‘sht narxi darajasida belgilanadi.

“Ba’zi birlari ish jarayonida turli darajada jarohat oladi. Ishga yollangan paytda zo‘ravonlik yoki nohaqlik qurboniga aylanish holatlari ham kam emas. Chunki amalda ularning haq-huquqlari qonun bilan himoyalanmagan”, degan M. Qodirxonova.

Bu borada mardikor ayollarni huquqiy jihatdan muhofazalash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, ishga ehtiyoji bor ayollarni o‘qitish va kasb-hunarga tayyorlash muhim ekanini ta’kidlangan.

Erini boshqaga berib qo‘yishni istamagan ayol uni pichoqlab o‘ldirdi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati Xonobod shahri sudi shar’iy nikohdagi eri boshqaga uylanayotganini eshitib, uni o‘ldirgan ayolga hukm o‘qidi (www.daryo.uz, 28 - iyul).

Ma’lum bo‘lishicha, Yangiyo‘l tumanida yashovchi ayol 2020 - yil may oyida Toshkent shahrida novvoychilik qilayotgan andijonlik erkak bilan shar’iy nikoh asosida turmush quradi. Juftlik bir necha oy ijarada yashaydi. Bu orada ular o‘rtasiga sovuqlik tushadi. Andijonga qaytgan erkak yaqinlari qistovi bilan boshqa ayolga uylanishga qaror qiladi. Bundan xabar topgan ayol Izboskan tumaniga – erining uyiga boradi. Erkak uni yaxshi ko‘rishi, uydagilar ko‘ngli uchun majburan uylanayotgani, to‘y o‘tgach Toshkentga qaytib borishini aytadi.

Qayd etilishicha, ayol sharmanda bo‘lgan holda qaytishni istamay, dalada aylanib yurishgan paytda erini pichoqlab o‘ldiradi.

“U holsizlanib, yerga o‘tirib qoldi. Tanasidan pichoqni olib, paxtazor tomonga uloqtirdim va uni boshqa ayolga berib qo‘yishni istamaganim uchun shunday qilishga majbur bo‘lganimni aytib, undan uzr so‘radim”, degan sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida.

Sud Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topilgan ayolga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

XS
SM
MD
LG