Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:09

OzodDayjest: Taniqli iqtisodchi ochiqlikdan qo‘rqayotgan mafiyadan bahs etdi


O‘zbekistonlik iqtisodchi Yuliy Yusupov
O‘zbekistonlik iqtisodchi Yuliy Yusupov

Iqtisodchi Yuliy Yusupov O‘zbekiston qachongacha kambag‘al davlat bo‘lib qolishi mumkinligi haqida mulohaza bildirdi. Andijon hokimi aholiga elektr energiyasi hamda gazni tejab ishlatishni tavsiya qildi. Milliarder Usmonovning jiyani ikkinchi marta turmushga chiqdi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Iqtisodchi Yuliy Yusupov O‘zbekiston nega kambag‘al davlat bo‘lib qolayotgani sababini ochiqladi

Taniqli iqtisodchi Yuliy Yusupov Facebook tarmog‘idagi sahifasida O‘zbekiston qachongacha kambag‘al davlat sifatida qolishi haqida fikr bildirdi.

“Nega O‘zbekiston mehnatsevar va tadbirkor aholisi, tabiiy boyliklari bo‘laturib jahonning eng kambag‘al 40 ta davlati qatoriga kiradi? Chunki o‘zbek iqtisodiyoti o‘z yelkasida yuzlab, minglab sun’iy monopoliyalar va korrupsioner tekintomoqlarni ko‘tarib turibdi. Masalan, ularga import mahsulotni 48 ming dollarga sotib olib, bojxona to‘lovlaridan bor-yo‘g‘i 15 foiz QQSnigina to‘lab (agar to‘lasa), uni bizga 76 ming dollarga sotishga ruxsat berilgan”, deb yozadi Yu.Yusupov.

Oliy Majlis deputatlariga “Uzauto Motors” faoliyatiga doir raqamlarni jamoatchilikka e’lon qilish taqiqlangani bejiz emas: mafiya ochiqlikni yoqtirmaydi!

Ta’kidlanishicha, mamlakatni kambag‘allikdan chiqarish uchun aholi va byudjetni parazit kabi kemirayotgan sun’iy monopoliyalarga barham berish, raqobatni cheklovchi va ayrim toifalar uchun imtiyozlar beruvchi soliq tizimidan voz kechish, qishloq aholisini majburiy davlat buyurtmalari va hokimlarning cheksiz hukmronligidan iborat feodal-krepostnoylik tizimidan ozod etish lozim. Yu.Yusupov, shu bilan birga, og‘ir iqtisodiy davlat boshqaruvini isloh qilish, ayrim korrupsiyalashgan amaldorlar tomonidan allaqachon “prixvatizatsiya” qilingan davlat korxonalarini xususiylashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini tom ma’noda ta’minlash lozimligiga urg‘u bergan.

Shuhrat Abdurahmonov gaz va elektr muammosidan norozi aholi ko‘chaga chiqqaniga munosabat bildirdi

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov 2020 - yil yakunlari va 2021 - yilda rejalashtirilgan ishlar bo‘yicha xalqqa hisobot berdi (www.xabar.uz, 16 - dekabr). Hisobotdan so‘ng matbuot vakillari savollariga javob bergan hokim viloyatda gaz va elektr yetishmasligi tufayli odamlar ko‘chaga chiqqani holatiga ham munosabat bildirdi.

“Prezidentimiz bizdan xalqni rozi qilishni so‘rayapti. Biz hammasini ochiq aytishimiz kerak, bor narsani bor, yo‘q narsani esa yo‘q deyish shart. Odamlar yo‘q narsaga ishonib qolmasliklari kerak. Ochig‘ini tan olish lozim, qaysidir mahallalarga gaz bilan taminlash kafolati berilgan, ammo turli sabablar tufayli gaz yetib bormay qoldi. Buxorodan kelayotgan gaz bosimi pasayib ketgani bunga sabab bo‘ldi. Odamlarning talab qilishga haqqi bor”, degan Sh.Abdurahmonov.

Qayd etilishicha, viloyatda chiroq o‘chmay yonishi uchun kuniga 18 million kilovatt energiya talab qilinadi, hozir esa kuniga 17 million kilovatt olinyapti. Demak, bir million kilovatt tanqislik bor. Viloyat rahbari aholiga elektr energiyasi hamda gazni tejab ishlatishni tavsiya qilgan.

“Ortiqcha iste’molga yo‘l qo‘ymaslikni targ‘ibot qilamiz. Bugungi kunning eng dolzarb vazifasi shu”, degan viloyat rahbari.

Milliarder Usmonovning jiyani ikkinchi bor oila qurdi; to‘yda taniqli yulduzlar xizmatda bo‘ldi

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning jiyani Ganya Usmonova ikkinchi marta turmushga chiqdi (www.daryo.uz, 14 - dekabr). Toshkentdagi Hilton mehmonxonasining 21-qavatidagi tantanalar zalida bo‘lib o‘tgan to‘yda O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov, Yulduz Usmonova, xonandalar DJ Piligrim, Rashid Xoliqov va yana bir nechta estrada guruhi xizmatda bo‘ldi. Marosimni taniqli rossiyalik boshlovchi Aleksandr Beliy va o‘zbekistonlik teleboshlovchi Nilufar Sotiboldiyeva olib bordi.

Kuyovning ismi Shuhrat ekani xabar qilingani holda, uning shaxsiga doir boshqa ma’lumotlar ochiqlanmagan.

27 yoshli Ganya Usmonova Toshkentdagi “Grilyaj” restoraniga egalik qiladi. Shuningdek, u o‘z nomi bilan ataluvchi brend asoschisi hamdir. Ganya 2017- yilda bir paytlar xonanda Munisa Rizayeva bilan uchrashib yurgan tennischi Vaja Uzoqovga turmushga chiqqan. Ammo to‘yi katta dabdaba bilan o‘tgan ushbu juftlik ko‘p o‘tmay ajrashgan.

XS
SM
MD
LG