Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:22

OzodDayjest: Toshkent hokimligi Rossiya delegatsiyasini soliq to‘lovchilar hisobidan shohona ziyofat bilan siyladi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Amaldorlarga sovg‘a oldi-berdisi bo‘yicha cheklov o‘rnatiladi. Cho‘ntak advokatlar odil tergovga to‘siq bo‘lmoqda. Toshkent hokimligining Rossiya delegatsiyasi uchun uyushtirgan bazmi jamshidi e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

O‘zbekistonda amaldorlarga sovg‘a olish borasida cheklov o‘rnatilishi mumkin

Amaldorlarning daromadlarini deklaratsiya qilinishini nazarda tutuvchi qonun loyihasida davlat xizmatchilarining vazifasini bajarish vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bir qator masalalar tartibga solinishi ko‘zda tutilmoqda (www.daryo.uz, 13 - iyun).

Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulkini deklaratsiya qilish va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqqani haqida xabar berilgan edi. Loyihada mansabdor shaxslarning barcha daromadlari va xarajatlari deklaratsiya qilinishi belgilangan.

Shuningdek, qonun loyihasida davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va ularni hal qilish mexanizmlari, davlat xizmatchisining vazifasini bajarish vaqtidagi taqiqlar va sovg‘alar oldi-berdisi bilan bog‘liq cheklovlar belgilanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2020 - yil 1 - yanvardan davlat xizmatchilari ayrim toifalarining mol-mulki, daromadlari va xarajatlarini deklaratsiyalash tizimini bosqichma-bosqich, uch yil ichida joriy etish rejalashtirilgan edi. Bu haqdagi tegishli prezident qarori loyihasi 2019 - yil oktabr oyida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan edi. Keyinchalik bu tizimni joriy etish 2021 - yil yanvariga qadar kechiktirilgani, joriy etish muddati esa besh yilgacha uzaytirilgani ma’lum bo‘ldi. Biroq 2021 - yil iyun oyi holatiga ko‘ra tizim hali ham ishga tushmagan. 2021 - yil martida tegishli qonun loyihasi Prezident ma’muriyatiga kiritilgani ma’lum bo‘ldi.

“Cho‘ntak advokatlar” – O‘zbekistonda advokaturaning asosiy muammolaridan biri aytildi

O‘zbekistonda advokatlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha muammolar mavjud (“Mahalla” gazetasi, 12 - iyun). Avvalo kadrlar tanqisligi va sifati masalasiga e’tibor qaratish kerak.

Qayd etilishicha, mamlakatda asosan 50 yoshdan oshgan, oldinlari prokuraturada, sudda yoki tergovda ishlaganlar advokatlik qiladi. Advokat bo‘laman deb ta’lim olayotgan yoshlarni uchratish amrimahol. Mamlakatda bugungi kunda 4 ming atrofida advokat faoliyat yuritadi, ya’ni aholi jon boshiga hisoblaganda 8,5 ming kishiga o‘rtacha 1 nafar advokat to‘g‘ri keladi. Ularning ham 43 foizi (1733 nafari) Toshkent shahrida ish olib boradi. Deylik, Samarqand, Andijon, Termiz, Nukus, Mirishkor, Zafarobod, Uzun kabi 20 ta tumanda birorta ham advokatlik firmasi ro‘yxatdan o‘tmagan.

“Eng og‘riqli nuqtalaridan biri – “cho‘ntak advokatlar”ga daxldor. Davlat tomonidan taqdim etilgan advokatlarni tanlashning ochiq-oshkora tartibi yo‘qligi bois ayrim tergovchilar o‘ziga tanish advokatlarni chaqirib, ayblanuvchiga ta’sir o‘tkazish hollari uchrab turadi. Misol uchun, Toshkent shahrida o‘tgan yili davlat tomonidan advokatlarga 7 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, ushbu mablag‘ning teng yarmi 20 ta advokatlik firmasiga berilgan, holbuki poytaxtda 746 ta firma mavjud”, deb yozgan gazeta.

Ta’kidlanishicha, advokatura rivojlanishi uchun avvalo sudlar chinakam mustaqil bo‘lishi kerak. Soha vakillarini himoyalash uchun Advokatlar palatasida vakolatlar yetarli emas. 2009 - yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan palata agarda advokatga nisbatan bo‘layotgan biror noqonuniy xatti-harakatni bilsa, bartaraf etishni so‘rab vakolatli organga xat yoki ariza bilan murojaat qilishi mumkin, xolos.

“Limonadning o‘zi 62 ming so‘m!” – Toshkent hokimligi uyushtirgan bazmi jamshid e’tirozlarga sabab bo‘ldi

Toshkent shahar hokimligi Rossiyadan kelgan delegatsiyaning birgina kechki ovqati uchun byudjetdan 27 million so‘m xarajat qilgan. Bu fakt bloger hamda mahalliy matbuot surishtiruvida yuzaga chiqqan.

Davlat dumasi mudofaa qo‘mitasi raisi Vladimir Shamanov boshchiligidagi Rossiya qahramonlari assotsiatsiyasining 28 kishidan iborat delegatsiyasi 2021 - yil 24 - aprel kuni poytaxt hokimligi tomonidan “Crystal garden” restoranida shohona ziyofat bilan siylangan. Dasturxonga dengiz mahsulotlaridan assorti (720 ming so‘m), har biri 62 ming so‘mli limonad (20 dona), shuningdek, 385 ming so‘mli “Royal Elite” arag‘i (6 dona) tortilgan. Shunisi e’tiborga molikki, restorandagi mahsulotlar bozor narxidan ancha qimmatga taqdim etilgan. Masalan, 209-282 ming so‘m turadigan “Royal Elite” arag‘i uchun hokimiyat 385 ming so‘mdan sarflagan.

Qayd etilishicha, bu – Toshkentda bir martalik kechki ovqat uchun sarflangan byudjet mablag‘i. Rossiya delegatsiyasi esa nafaqat poytaxt, balki Jizzax, Sirdaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida ham mehmon qilingan.

Shuningdek, Toshkent shahri hokimiyati 2020 - yil 20 - dekabr kuni bo‘lib o‘tgan tadbir uchun (kofe-breyk, tushlik, joy ijarasi) 1,7 mlrd so‘m sarflagani ham jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi.

“O‘zbekistonlik bir ziyofatda 1 468 246 so‘mlik o‘tirishi mumkinmi? Mumkin. Agar bu poytaxt hokimining mehmonlari bo‘lsa va mehmonlarga hokimiyat bilan affillanib ketgan tuzilmalar xizmat ko‘rsatsa. 1 468 246 so‘m bu – kambag‘al o‘zbekistonlikning 100 kunlik minimal iste’mol xarajati”, deb yozdi iqtisodiy mavzuga ixtisoslashgan bloger Otabek Bakirov.

“AQSh prezidentlari, odatda, barcha xarajatlari uchun o‘zlari pul to‘lashadi. Masalan, prezident tug‘ilgan kuniga do‘stlarini chaqirmoqchi bo‘lsa yoki umuman mehmon kutmoqchi bo‘lsa, barcha oziq-ovqat kabi xarajatlarni shaxsiy mablag‘lardan moliyalashtirishi kerak. Hatto prezidentning rasmiy rezidentsiyasi – Oq uydagi tish pastasi yoki ximchistka xarajatlari ham, tabiiyki, soliq to‘lovchi hisobidan qoplanmaydi”, deb yozgan AQShdagi Viskonsin universiteti biznes maktabi doktoranti Behzod Hoshimov.

XS
SM
MD
LG