Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:42

OzodDayjest: Toshkent shahri hokimligi tadbirkorga 1 million dollar tovon puli to‘lashni paysalga solmoqda


O‘zbekistondagi barcha tergov idoralarini yagona tuzilmaga birlashtirish taklif etilmoqda. Poytaxt hokimligi ikki xil standartga yo‘l qo‘yayotganlikda ayblandi. Taniqli aktyor Ahmadboy sabab xonavayron bo‘lganini ochiqladi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

"Latentlik”. Bu illat huquq-tartibot tizimida hamon uchramoqda

Jabrlangan yoki huquqi poymol etilgan fuqarolar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berganda murojaatni ro‘yxatdan o‘tkazmaslik holatlari hali-hamon uchramoqda (“Mahalla” gazetasi, 2021 - yil 36-son).

“Sababi, ayrim idoralarning faoliyatiga o‘sha hududda ma’lum bir davrda jinoyatlar, huquqbuzarliklar sonining oshishi yoki kamayishiga qarab baho beriladi. Bunaqa idoralarning navbatchilik qismlari esa bevosita birinchi o‘rinbosar yoki rahbarga bo‘ysungani uchun rahbarlar ko‘pincha masalaning “oson yechimi”ni tanlaydi. Shu bois aksar hollarda murojaatlarni ro‘yxatga olmaslikka, yashirishga harakat qilinadi. Bu holat huquqshunoslik ilmida “latentlik” deyiladi”, deb yozgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi G‘afurjon Po‘latov.

Qayd etilishicha, jinoyatchi jazosiz va ko‘chada qolar ekan, huquqbuzarlik va jinoyat davom etaveradi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda bir qancha huquqni muhofaza qilish idoralari tergov amaliyoti bilan shug‘ullanadi. Muallifga ko‘ra, ularni birlashtirib, yagona tergov organi tashkil etish vaqti allaqachon kelgan.

“Fikrimcha, mamlakatdagi barcha tergov idoralarini birlashtirib, Prezidentga bo‘ysunadigan va parlamentga hisobdor bo‘lgan yagona tergov organini tashkil etish maqsadga muvofiq. Ana shunda faqat yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan va bu sohani sir-asrorini tushunadigan chuqur ixtisoslikka ega, kasbiy salohiyati etarli bo‘lgan kadrlar bir joyga to‘planadi va samarasi ko‘rina boshlaydi. Eng asosiysi, tergov organining sud hokimiyati singari protsessual mustaqilligi amalda ta’minlanadi”, deb yozgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi G‘. Po‘latov.

Poytaxt hokimligi tovon puli to‘lashda ikki xil standartga yo‘l qo‘ymoqda

Toshkent shahar hokimligi tadbirkorga 1 mln dollarlik mulk uchun tovon puli to‘lashni paysalga solmoqda (www.kun.uz, 13 - sentabr). “Tulpor savdo uyi” MChJga tegishli 55 sotix yer maydoni davlat va jamoat ehtiyoji uchun olib qo‘yilgan, 2035 kvadrat metrli bino esa kompensatsiya va yer maydoni berish va’dasi bilan buzib tashlangan.

Toshkent shahar iqtisodiy sudi kassatsiya instansiyasining qarori bilan tadbirkorga 2 mlrd 21 mln so‘m tovon to‘lanishi kerak, ammo bu qaror joriy yil 1 fevralidan beri ijro etilmayotir.

Holbuki, poytaxt hokimligi ayni shunday holatlar bo‘yicha boshqa mulkdorlarga tovon puli to‘lab bergan. Shunga ko‘ra, nashr hokimlikni tovon puli to‘lashda ikki xil standartga yo‘l qo‘yish va prezident topshirig‘ini bajarishni paysalga solishda ayblagan. Maqolada, shu bilan birga, hokimlik mas’ullarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlariga ham e’tibor qaratilgan.

“O‘zbekistonda qachondan beri shahar hokimining birinchi o‘rinbosari raisligidagi hududiy kuzatuv kengashi davlat hokimiyatining uchinchi bo‘g‘ini hisoblanuvchi suddan ustun bo‘lib qoldi?! Qachondan buyon hududiy kuzatuv kengashining yig‘ilish bayoni sud qarori ijrosini to‘xtatib qo‘ya oladigan darajada kuchga ega bo‘lib qoldi?” deb yozgan nashr.

Taniqli aktyor Ahmadboy sabab ko‘chada qolgani haqida so‘zlab berdi

Ahmadboy dong‘i chiqqan paytda “falon san’atkor shuncha pul tikibdi, falon aktyor buncha mashinasini beribdi” qabilidagi mishmishlar urchigan edi. Vaqt o‘tib ovozalarda jon bo‘lgani oydinlashmoqda. Xususan, taniqli aktyor Mirolim Qilichev Ahmadboy sabab uch xonali uyidan ajralib, ko‘chada qolgani haqida so‘zlab berdi (www.daryo.uz, 11 - sentabr).

“Ahmadboy shov-shuv bo‘lib yurganida men ishonmay yurdim. Lekin kunlardan bir kuni teatrimizda do‘stimiz meni shu ishga ko‘ndirdi. O‘sha paytlarda “Matiz” rusumli avtomobilim bor edi. Men mashinamni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ahmadboyga emas, uning Rixsitilla degan shogirdiga berdim. Qarasak, puli vaqtida berilyapti. Keyin yana bitta mashina bilan yig‘ib yurgan pulimizni berdik. O‘sha vaqtda “Captiva-2” rusumli avtomobil endi chiqqan paytlari 30 ming dollarga sotib olgan edim. Ana shu “Captiva-2”ni ham berdik”, degan aktyor.

Ma’lum bo‘lishicha, M. Qilichov “o‘rtada men turibman” deb, do‘stlari va ustozlarini ham ushbu biznesga pul tikishga ko‘ndirgan. Bu orada Ahmadboy va uning sheriklari qo‘lga olingach, aktyor uch xonali uyini sotib, pulini o‘sha lafz qilgan odamlariga tarqatib chiqqan.

“Lafzimga javob berib, o‘zim itdek qiynalsam ham, pullarni ortig‘i bilan to‘ladim. Oson kelgan pul oson ketar ekan. Bu o‘zi noto‘g‘ri ekaniga ichimda shubha bo‘lardi. Kimdir bu “noto‘g‘ri emas, sudxo‘rlik emas” derdi, o‘zim esa ichimda “bu noto‘g‘ri ish” derdim… Xullas, shu ishlarim Xudoga xush kelmadi”, degan san’atkor.

Eslatib o‘tamiz, xalq orasida Ahmadboy nomi bilan tanilgan A. Tursunboyev jinoiy guruh rahbari sifatida moliyaviy piramida tashkil etishda ayblanib, 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan hamda 14 yilu 4 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. A. Tursunboyev mahkamada, agar uni kechirishsa, chorva va kartoshka ekish bilan shug‘ullanmoqchi ekani haqida gapirgan.

XS
SM
MD
LG