Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:39

OzodDayjest: Toshkent viloyatida 14 yashar qizning nomusiga tekkan shaxslar jazosiz qolmoqda


Adliya vaziri mamlakatda internet qamrovi holatini sharmandali, deb baholadi. Voyaga yetmagan qizning nomusiga tekkan shaxslar jazosiz qolmoqda. Oliy sud sudyasi hamkasblarining maoshi qancha ekani ochiqlashni istamadi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

“XXI asrda uyatli holat bu!” – O‘zbekiston adliya vaziri internet qamrovi va tezligini tanqid qildi

Oliy Majlis senatining 13-yalpi majlisida Adliya vaziri Ruslanbek Davletov 2020 - yildagi huquqiy targ‘ibot ishlari haqida ma’lumot berar ekan, axborot yetkazishdagi ayrim muammolarga ham to‘xtaldi (“Milliy tiklanish” gazetasi, 17 - mart).

Vazir o‘rta asrlarda bosma dastgoh ixtiro qilingach, ayrim davlatlar axborot tarqalishi tezlashib ketishidan qo‘rqib, cheklovlar qo‘ygani, natijada rivojlanishda ortda qolganini esga oldi. R.Davletov ushbu fikrini O‘zbekistondagi hozirgi holatga qiyosan tushuntirdi.

“Hozir o‘zimizdagi holat xuddi shunaqa. Birinchi yo‘nalish – internet. Internet O‘zbekistonda qimmat. Internet arzonligi bo‘yicha Hindiston birinchi o‘rinda – 1 GB internet 9 tsent. Uchinchi o‘rinda Qirg‘iziston – 2 ming so‘m. Qozog‘iston esa 1 GB internet 6 ming so‘m ekani bilan dunyo bo‘yicha oltinchi o‘rinda turibdi. Biz esa 16 ming so‘m narx bilan 54-o‘rinda turibmiz”, degan adliya vaziri.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston internet tezligi bo‘yicha 128-o‘rinda turibdi. 100 MB videorolikni yuklab olish uchun 10 daqiqa vaqt ketyapti. Ya’ni bu jarayonda O‘zbekistonda axborot tarqalishi o‘z-o‘zidan sekinlashyapti.

“O‘zbekistonda aholining internet qamrovi 51 foiz va bu juda kam. Butun dunyo misolida oladigan bo‘lsak, 51 foiz internet degani XXI asrda bu juda uyatli holat. Qozog‘istonda aholining internet bilan qamrov darajasi 80 foiz”, degan vazir.

Ruslanbek Davletov axborot tarqalishiga nisbatan yondashuvni o‘zgartirishga chaqirdi.

“Biz agar axborot tarqatishni yangicha yondashuv asosida qilmasak, bu jarayonlar aholining huquqiy ongiga ham ta’sir qiladi, teskari effekt beradi”, deya xulosa qilgan mulozim.

O‘rta Chirchiqda voyaga yetmagan qiz nomusiga tajovuz qilgan shaxslarga chora ko‘rilmayapti

Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida 2020 - yilning sentabr oyida 14 yoshli qizni o‘g‘irlash, nomusiga tegishdek mudhish jinoyatni sodir etgan shaxslar jazosiz qolmoqda (www.uza.uz, 16 - mart).

2020 - yil yoz oylarida qiz ammasining uyiga mehmonga borgan. Karantin tufayli ko‘chada transport harakati cheklangani uchun u uyga qaytish maqsadida ko‘chada to‘xtagan yengil mashinaga o‘tirgan. Mashinadagi yigit qizni tog‘li hududdagi “dacha”da olib qochgan va dori ichirgan. Hushini yo‘qotgach esa uni turli alfozda suratga tushirgan. So‘ng olib qochilgani haqida birovga og‘iz ochmaslik sharti bilan qo‘yib yuborgan. Bir muddat o‘tgach, yigit suratlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib, sharmanda qilish bilan qo‘rqitib qizni mashinada ko‘p qavatli uylardan biriga olib borgan. Qiz yo‘qolib qolgach, oila a’zolari uni bir hafta mobaynida qidirgan. Oradan bir necha kun o‘tib, qiz abgor ahvolda uyiga kirib kelgan.

Ma’lum bo‘lishicha, zo‘ravon yigit qizning nomusini toptagan va uni ovloq joydagi temir konteynerga qamab qo‘ygan. Qiz baxtli tasodif tufayli konteynerdan chiqib uyiga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.

Ota voyaga yetmagan qizini tahqirlagan shaxslar ustidan 2020 - yil sentabr oyida O‘rta Chirchiq tumani IIBga murojaat qilgan. Ammo oradan olti oy o‘tsa-da, voyaga yetmagan qizaloqni tahqirlagan shaxslarga hech qanday chora ko‘rilmagan.

Ushbu xabar ortidan Oliy Majlis Senatining mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tergov ishi har tomonlama to‘liq va xolisona olib borilishini nazoratga olganini ma’lum qildi.

2021 - yil yanvar oyida Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi kollejning uchinchi kursida o‘qiyotgan 19 yoshli qiz ham o‘g‘irlab ketilgani va bir oy davomida uch kishi tomonidan muntazam zo‘rlangani haqida so‘zlab bergan edi. IIB ushbu murojaatni o‘rganib chiqib, jinoyat alomati yo‘q deya jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan.

Oliy sud sudyasi maoshi miqdorini ochiqlashdan bosh tortdi

Oliy sud sudyasi Abduvohid Qosimov sudyalarning maoshi qancha ekani xususidagi savolga ochiq javob bermadi (www.daryo.uz, 17 - mart).

“O‘zbekistonda 1300 dan ortiq sudya bor. Maoshimiz qancha ekani hech kimga sir emas, biroq u bitta oilani boqishga yetadi. O‘ylashimizcha, buni ochiqlash shart emas” degan Qosimov Oliy sudda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

U maosh miqdorini ochiqlamaganini jamiyatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tanqidiy muhokamalarning oldini olish istagi bilan izohlagan.

“Shuncha oylik olgani uchun aftidan, korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan” yoki “shuncha maosh olishiga qaramay, nimaga baribir korrupsiya bilan shug‘ullanmoqda” qabilidagi tanqidiy fikrlarning oldini olish nuqtai nazaridan sudyalar maoshi ochiqlanmasligi kerak, deb hisoblaymiz. Xudoga shukr, maoshimiz oilamizni boqishga yetyapti”, degan Oliy sud sudyasi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ham sudyalar davlat tomonidan “yetarli darajada moliyaviy ta’minlagani”ni aytish bilan cheklangan.

2019 - yil dekabrda Oliy sud sudyasi Ibrohim Tojiyev oliy mahkamada faoliyat yuritayotgan sudyalarning o‘rtacha oylik ish haqi 5 million so‘mdan 8 million so‘mgacha yetishini ma’lum qilgandi.

XS
SM
MD
LG