Линклар

Шошилинч хабар
29 июл 2021, Тошкент вақти: 14:13

OzodDayjest: Vazir Nazarbekov musiqani harom deb baholayotganlarni “hovliqmalar” deb atadi


Ozodbek Nazarbekov

Madaniyat vaziri O. Nazarbekov ba’zi san’atkorlarning san’atni harom deb atayotganiga munosabat bildirdi. Mahalliy deputat o‘quvchilarga jamoat transportidan tekin foydalanish huquqini berishni taklif qildi. Olimlar “Yozyovon qumlari” va “Mingbuloq” tabiiy yodgorliklari xavf ostida ekanidan bong urmoqda. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

“Musiqa harommi?” – Ozodbek Nazarbekov qizg‘in muhokamadagi savolga javob berdi

O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Toshkentda bo‘lib o‘tgan yoshlar forumida so‘nggi vaqtlarda ba’zi san’atkorlarning din sabab sohani tark etib, san’atni harom deb atayotganiga munosabat bildirdi (www.gazeta.uz, 24 - may).

“Dinni yaxshi bilmasdan turib, dinni yaxshi tushunmasdan turib, jamoat oldiga chiqib, xalq oldiga chiqib, minbardan turib dindan gapirish uchun, kechirasiz-u, mening nazarimda, kamida 25 yillik bilim olgan bo‘lish kerak. 25 yillik, kamida, eng kamida… Yetarli darajada bilim olib, undan keyin din nomidan gapirish, menimcha, sal yarashadi”, dedi vazir.

O. Nazarbekov inson o‘zi e’tiqod qilgan tushunchasini hammaga qabul qildirishga urinishini noto‘g‘ri, deb atadi.

“O‘zi kuni kecha umuman boshqa hayot tarzini boshidan kechirib turgan odam bir kunda minbarga chiqib, dindan gapirishi g‘alatiroq, menimcha. Lekin, albatta, har bir insonni e’tiqodiga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q. Nima bo‘lgan taqdirda ham o‘zi e’tiqod qilayotgan tushunchani hammaga qabul qildirishga urinish ham sal noto‘g‘riroq narsa”, deydi u.

Qayd etilishicha, “musiqa va san’atni harom deb atash – dinni yaxshi tushunmaslik, hovliqmalikdan”.

“Musiqa yoki san’at dinimizda harom bo‘lganida bugungacha yetib kelmas edi. Amir Temurni o‘zi qirib yuborardi. Bizda diniy bilim ufurgan bir davrda san’at qolmagan bo‘lardi. O‘zbekistonni san’ati yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lardi. Musiqa san’ati mutlaq bugun bizgacha kelmas edi”, dedi san’atkor-vazir.

Deputat o‘quvchilarga jamoat transportini tekin qilishni taklif etdi

“Milliy tiklanish” partiyasi vakili, Mirzo Ulug‘bek tuman kengashi deputati Jahongir Ziyoyev o‘quvchilarga jamoat transportidan tekin foydalanish huquqini berishni taklif etdi (“Milliy tiklanish” gazetasi, 26 - may).

“Kecha jamoat transportida yuz bergan voqeadan hali ham o‘zimga kelolganim yo‘q. Konduktor ayol ertalab maktabga ketayotgan 9-10 yashar bolani 1000 so‘m yo‘lkira bergani uchun gap bilan shunchalik savaladiki... Hatto bir avtobus yo‘lovchilarning “qo‘ying, 400 so‘mni men beraman” degan gapiga ham quloq solmadi. Aksincha, “Menda ham plan bor”, deya qolganlarga ham zahrini sochdi. Albatta, bunday holat ilk bor sodir bo‘layotgani yo‘q, oxirgisi ham emas. O‘quvchilarga yo‘lkira bepul bo‘lmas ekan, yana davom etaveradi”, deb yozgan deputat.

Qayd etilishicha, jamoat transporti shundoq ham zararga ishlayotgan, xarajatlar subsidiya, imtiyozli kredit bilan qoplanayotgan bir paytda o‘quvchilarga shahar transportida bepul yurish huquqini berish bilan ko‘p narsa yo‘qotilmaydi.

“Dunyo tajribasida yo‘lkirani bepul qilish yangilik emas. Lyuksemburgda barcha uchun jamoat transporti bepul. Hatto Estoniya poytaxti Tallinda ham qariyb o‘n yildan beri yo‘lkira so‘ralmaydi. Shveysariya, Avstraliya, Fransiya, AQSh, Xitoy, Malayziya... Mutaxassislar bunday imtiyoz shaharda tirbandlikning oldini olishi, hatto soliq to‘lovchilar sonining keskin ko‘payganini ham aniqlagan”, degan J.Ziyoyev.

Avvalroq ushbu deputat O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun joriy etilgan jarimalar miqdorini aholi daromadiga muvofiq ravishda keskin kamaytirish taklifi bilan chiqqan edi.

Olimlar Farg‘ona vodiysidagi noyob tabiiy majmua yo‘qolib ketishidan xavotirda

Farg‘ona vodiysidagi “Yozyovon qumlari” va “Mingbuloq” tabiiy yodgorliklari xavf ostida, deb yozadi “Rost24” nashri. Namangan va Farg‘ona viloyatidagi mazkur qumloq va adirlarda dunyoning boshqa joylarida uchramaydigan 14 ta tor diapazonli endemiklar va boshqa ko‘plab noyob turlar yashaydi. Endilikda noyob endemiklarga uy bo‘lgan qumloqlarda tadbirkorlar baliqchilik xo‘jaliklari barpo etmoqda. Yaqingacha sahro biotopini namoyon qilgan hududlarda hozir qurbaqalar sayramoqda, qumloq hududlar botqoq yoki to‘qaylarga aylantirilmoqda. Bu esa faollar va ekologlarning xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti vakillari ham tabiiy majmualarni saqlab qolish, buning uchun u yerda qo‘riqxona tashkil etilishi kerak, deb hisoblaydi.

“O‘zbekiston Respublikasining “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunning 28-moddasida davlat tabiat yodgorliklarining rejimi aniqlashtirilgan. Unga ko‘ra, “Tabiat davlat yodgorliklari hududida ularning xavfsizligiga tahdid soluvchi har qanday faoliyat taqiqlanadi” deb aniq yozib qo‘yilgan. “Yozyovon qumlari” va “Mingbuloq” tabiiy yodgorliklari xavfsizligiga tahdidlardan kim himoya qiladi?” deya mutasaddilarni savolga tutgan nashr.

XS
SM
MD
LG