Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:03

OzodDayjest: Vazirlikning shoshma-shosharlik bilan chiqargan buyrug‘i vajidan yuzlab imkoniyati cheklangan bola ko‘chada qoldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Maktabgacha ta’lim vazirining qarori ortidan Xorazmda 5 yoshgacha bo‘lgan 250 nafardan ziyod nogiron bola ko‘chada qolgan. Toshkent viloyatida 60 yoshli kirakashni pichoqlagan yigit 18 yilga qamaldi. Ijodkor qiz adolatsizlik sabab Zulfiya mukofotidan mahrum etilganini aytdi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Maktabgacha ta’lim vazirining o‘ylamay chiqargan qarori mutaxassislar noroziligiga sabab bo‘ldi

Maktabgacha ta’lim vazirining 2020 - yil 27 - noyabrdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 186-son buyrug‘i ota-onalar va sohaga umrini baxshida qilgan mutaxassislarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda (“XXI asr”, 11 - mart). Ushbu buyruqqa ko‘ra, Xorazm viloyatidagi 17 ta ixtisoslashtirilgan MTMdan 10 tasi umumiy turdagi MTMga aylantirilgan. Oqibatda viloyatdagi 5 yoshgacha bo‘lgan 250 dan ziyod jismoniy yoki psixik rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan bolalar ko‘chada qolgan.

Qayd etilishicha, bu o‘rinda masalaning yagona yechimi – uzoq tumanlardagi sobiq ixtisoslashgan MTMlarni o‘z o‘rnida qoldirishdir.

9 - mart kuni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari Ulug‘bek Toshkenboyev maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrov bo‘yicha qo‘shib yozish holatlari avj olayotgani haqida gapirdi.

“O‘rganishlarda ma’lum bo‘lyaptiki, bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrov darajasini sun’iy qo‘shib yozish holatlari avj olmoqda. Jumladan, Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida 6 yoshli bolalar qamrov darajasi 70 foiz deb ko‘rsatilgan. Vaholanki, bu ko‘rsatkich amalda 25,8 foiz ekani aniqlandi”, degan Toshkenboyev.

Inspeksiya rahbariga ko‘ra, boshqa viloyatlarda ham qamrov darajasi shahar markazi bo‘lmagan hududlarda 20-40 foizdan oshmaydi.

Shu tufayli u qamrov darajasi statistikasini yuritishning aniq tizimini ishlab chiqish va yolg‘on ma’lumot taqdim etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklifini bildirdi.

22 yoshli yigit 60 yoshli kirakashni 42 marta pichoq urib o‘ldirdi

Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida 60 yoshli haydovchiga 42 marta pichoq urib, uning “Matiz” avtomobilini qismlarga bo‘lib sotib yuborgan shaxslarga hukm o‘qildi (“Xalq so‘zi”, 10 - mart).

2020 - yil 17 - mart kuni To‘ytepa–Oqqo‘rg‘on–Yangiyo‘l avtomagistral yo‘li chetidagi dala maydonida erkak kishining jasadi topilgan. Shu kunning o‘zida prokuratura xodimlari murdaning shaxsini aniqlagan. U “Matiz”da kirakashlik qiluvchi, 1960 - yilda Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan Davlatboy Xoliqulov bo‘lib chiqqan.

Jinoyat tafsilotlariga ko‘ra, 1999 - yili Chinoz tumanida tug‘ilgan Javohir Mirahmedov “Matiz” avtomashinasiga yo‘lovchi sifatida chiqqan va haydovchini Yangiyo‘lda vahshiylarcha chavaqlagan. So‘ng avtomashinani sherigi Sardor Hikmatillayevning uyiga olib borgan. S.Hikmatillayev mashinani ehtiyot qismlarga ajratish uchun qarindoshi Majid Umarovni yordamga chaqirgan. Shu tariqa jinoiy guruh ehtiyot qismlarni Sergeli mashina bozoriga olib chiqib sotgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining hukmiga ko‘ra, J. Mirahmedov 18 yil, S. Hikmatillayev 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. M.Umarovga esa 4 yil 6 oyga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan.

Aliya Temuriyzoda: Adolatsizlik sabab Zulfiya mukofotidan mahrum bo‘ldim

“NeMolchi.uz” loyihasi faoli, Aliya Temuriyzoda taxallusi bilan ijod qiluvchi Shahnoza Eshmirzayeva o‘zining Zulfiya nomidagi davlat mukofotining 2020 - yilgi taqdirlanuvchilaridan biri bo‘lgani, lekin adolatsizlik sabab boshqa bir qiz mukofot sovrindori bo‘lganini aytmoqda (www.xabar.uz, 9 - mart).

Qayd etilishicha, xalqaro adabiy tanlov g‘olibasi bo‘lgan ijodkor mukofotning respublika final bosqichida yuqori ball to‘plagan. Ammo davlat mukofoti boshqa bir qizga berilgan. O‘sha vaqtda mukofot komissiyasi raisi bo‘lgan Elmira Bositxonova Sh.Eshmirzayevani apellyatsiya arizasini yozishga undagan. Ammo ariza turli bahonalar bilan ko‘rib chiqilmagan.

“Shundan so‘ng, shuncha payt biror marta hech qayerda tilga olinmagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasidagi qandaydir ekspertlar guruhi 317 nomzodning ishini ko‘rib chiqib, baholagani haqida gap topilib qoldi. Agar ular bizni baholasa, nega yozuvchi-shoirlarni, yana baholash jarayonini “shaffof” deb og‘iz ko‘pirtirib, videotasvirga olishdi? Talab qilib ham biror marta ko‘rolmadim shu videotasvirlarni, menga ko‘rsatishmadi. Holbuki, 2020 - yil 15 - fevraldagi Zulfiyachi qizlar forumida Elmira Bositxonova alohida urg‘u berib, bu yilgi baholash shaffof o‘tgani, baholash jarayoni hammasi videotasvirga tushirib olingani takror-takror ta’kidlagan edi. Qani, qayoqqa ketdi o‘sha gaplar, o‘sha shaffoflik? Qo‘limda shuncha dalil turib, haqligimni isbotlay olmayapman-ku, yana qanaqa shaffoflik haqida gap bo‘lishi mumkin?!” deb yozgan nomzod.

Sh. Eshmirzayeva adolatni tiklash yo‘lida kurashajagi, taslim bo‘lmasligini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG