Линклар

Шошилинч хабар
05 август 2021, Тошкент вақти: 00:56

OzodDayjest: XDP raisi tajriba sifatida biror shaharga hokim saylab ko‘rish taklifi bilan chiqdi


Xalq demokratik partiyasi raisi “xonlik davridan qolgan” amaldorlarga e’tiroz bildirdi. Buxoroda “yangi Ahmadboy” qo‘lga olindi. Akmal Saidov ham Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori, ham Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari bo‘lib ishlashi qonunchilikka zid bo‘lishi mumkinligi aytildi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

XDP raisi biror shaharda hokim saylovini tajriba qilib ko‘rishni taklif etdi

O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi raisi Ulug‘bek Inoyatov hokimlarni saylash borasida taklif bilan chiqdi (“O‘zbekiston ovozi”, 23 - iyun).

“O‘ylaymanki, biz biron bir rivojlangan infratuzilmaga ega shaharda tajriba qilib ko‘rishimiz zarur. Bu birinchi tajriba bo‘ladi, xatolar bo‘ladi, albatta, lekin biz sekin-asta shu xatolardan saboq olamiz. Darhaqiqat, yaqinda Qozog‘istonda akimlar saylovi to‘g‘risida qonun qabul qilindi”, degan U.Inoyatov.

XDP raisi hududlarda deputatlar kengashi hokimlar tomonidan boshqarilishiga e’tiroz bildirgan.

“Fikrimizcha, kuchli fuqarolik jamiyati aynan shu yo‘ldan borishi kerak. Deputatlar kengashi raisi hokim bo‘lmasligi va u xalq saylagan vakillar oldida hisob berishi kerak. Shunda deputatning maqomi ham oshadi”, degan u.

U. Inoyatovga ko‘ra, deputatlar qonun himoyasida, lekin bu ba’zi amaldorlarning madaniyati va ahloqiga ham bog‘liq masala. Bugungi kunda jamiyat psixologiyasi o‘zgarib bormoqda, odamlar noqonuniy harakatlarga zudlik bilan munosabat bildirmoqda.

“Biroq ayrim amaldorlar uchun hamma narsa avvalgidek qolmoqda. Ularning xonlik davridagiga o‘xshash qarashlari yuqori lavozim stolga musht urib, “hammasi men aytganday bo‘ladi” deyishga huquq bermasligini anglashga imkon bermaydi. Hamma narsa qonun doirasida bo‘lishi kerak. Agar ularga nisbatan jazo qo‘llansa, ular ham qachondir o‘zgarishlar vaqti kelganini anglaydilar”, degan partiya yetakchisi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham hokimlarni saylash masalasiga bir necha bor munosabat bildirgan. Jumladan, u joriy yil mart oyida Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “Hokimlar ham saylansin degan gaplar ham juda ko‘p aytilayapti. Buni men o‘zim ham aytganman. Lekin bir savol bor: hokimlarni saylashga biz hozir tayyormizmi? Biz bitta mahalla raisini ham adolatli saylay olmaymiz-ku. Men buni xohlamaymanmi? Juda ham xohlayman, men ham buni yaxshi tushunaman. Lekin kimni saylaymiz?” deb ta’kidlagan edi Sh.Mirziyoyev.

Prokuratura Buxoroda “yangi Ahmadboy” faoliyatiga chek qo‘ydi

Buxoro viloyati Peshko‘ tumanida yashovchi bir guruh fuqarolar moliyaviy piramida qurboni bo‘lishdi (“Huquq”, 2021 - yil 23-son). Bu haqda viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Ahmad G‘ulomov ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, fuqaro Sharif Zaripov puxta reja tuzgan holda o‘zi ulg‘aygan Kuyovxo‘ja qishlog‘ida yashovchi qarindoshlari va yaqin qo‘ni-qo‘shnilarini katta ish boshlagani, agar tadbirkorligiga kim naqd pul tiksa qisqa muddat ichida pulni ikki hissa qilib qaytarishiga ishontirgan.

“Sharifning uydirmasiga ishongan sodda xalq unga misqollab yiqqan 714,8 ming AQSh dollarini qo‘shqo‘llab topshirdi. Sharif Zaripov esa yig‘ilgan pulni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuravergan”, deb yozadi prokuratura vakili.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlab viloyat prokuraturasi, keyinchalik jabrlanuvchilarning talabi asosida Bosh prokuraturaning o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan tergov o‘tkazilgan. Pirovardida sud hukmi bilan Sh.Zaripov 9 yilu 5 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Tergov davomida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar qoplanmagani bois holat bo‘yicha qayta jinoyat ishi ochilgan. Tergov natijasiga ko‘ra ayblanuvchiga tegishli bo‘lgan 114 mln so‘mlik futbol maydonchasi, 16 ming dollarli avtomashina va boshqa fuqarolarga qarz sifatida berilgan 31,1 ming dollar va 4,5 mln so‘m pul jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar hisobiga qaytarilgan.

Ma’lum qilinishicha, hozirda yetkazilgan zararni to‘liq qoplash chorasi ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida aybdor deb topilib uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan chinozlik Ahmadjon Tursunboyev bilan bog‘liq “Ahmadboy ishi” O‘zbekistonda eng uzoq davom etgan, ko‘lami keng bo‘lgan jinoyat ishi deb baholangan edi.

Spiker o‘rinbosari Akmal Saidov O‘zbekiston qonunlarini buzayotgani aytildi

O‘zbekistondagi taniqli amaldor Akmal Saidovning bir paytning o‘zida Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlashi qonunchilikka zid bo‘lishi mumkin (“Rost24”, 24 - iyun).

Qayd etilishicha, 63 yoshni qoralagan A.Saidov 20 yildan ortiq vaqt davomida Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Markaz direktori maqomi Prezident qarori bilan vazir darajasiga tenglashtirilgan. Demak bir shaxs bir vaqtning o‘zida ikki vazifada – vazir, Oliy Majlis deputati lavozimida turibdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, deputatlar o‘z vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Ammo deputat A.Saidov maosh olmasa-da, haq to‘lanadigan, vazir bilan tenglashtirilgan, turli imtiyozlari bor lavozimda ishlab kelmoqda. Qonunchilikda esa maosh olmasdan, istagan lavozimda ishlagan holda parlamentdagi deputatlikni davom ettirish mumkinligi qayd etilmagan.

“Qonun ijodkorlari bo‘lgan deputatlar bu masalani qanday izohlaydi? Deputatning qonunni buzmaganiga qanday asos ko‘rsatiladi. Istagan deputat oylik olmasdan vazir bo‘lib ishlashi mumkinmi? O‘zbekistonda malakali kadrlar shu qadar tanqismi? Bir nechta o‘ta mas’uliyatli faoliyat turida pensiya yoshidagi fuqaroni saqlab qolishga ehtiyoj kattami?” deya mutasaddilarni savolga tutgan nashr.

XS
SM
MD
LG