Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:15

OzodDayjest: Yaponiyalik olim O‘zbekiston rivojiga jamiyatdagi patrimonializm to‘sqinlik qilayotganini urg‘uladi


Yaponiyalik olim taniqli olim Frensis Fukuyama
Yaponiyalik olim taniqli olim Frensis Fukuyama

Kiparis daraxti xaridi bo‘yicha tanlovda bir tadbirkorga tegishli uch korxona ishtirok etgani e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Jahonga mashhur olim Frensis Fukuyama O‘zbekiston taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan muammoga e’tibor qaratdi. Yulduz Usmonova prezident saylovida kimga ovoz berishi haqida gapirdi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Frensis Fukuyama: Fuqarolar elita bilan shaxsiy munosabatsiz ham unib-o‘sadigan tizim yaratilishi kerak

Jahonga mashhur faylasuf va siyosatshunos, Stenford universiteti professori Frensis Fukuyama “Hoshimov iqtisodiyoti” loyihasining mehmoni bo‘lib, O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi omillari haqida fikr bildirdi (www.gazeta.uz, 12 - avgust).

“O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha ayrim qo‘shnilariga qaraganda unchalik yomon natijaga erishmadi. Ammo, menimcha, o‘sish barqaror emas, chunki u nisbatan kam sonli xomashyo tovarlariga asoslangan. O‘ylashimcha, jamiyatning uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishi ko‘p hollarda aholining inson kapitalining rivojlanishiga bog‘liq. Bu asosan ta’limga va ko‘nikmalar orttirishga bog‘liq. Shuningdek, O‘zbekistonning Uzoq Sharq, Yevropa va Yaqin Sharq o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lovchi vazifasidan ham foydalanish kerak”, degan olim.

Fukuyama Markaziy Osiyo mamlakatlarida inklyuziv institutlar shakllanishiga to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan omillarga ham to‘xtaldi.

“Markaziy Osiyoda katta to‘siqlardan biri patrimonializm (patrimonialism) tushunchasidir. Bunda davlat ma’lum darajada barqarorlikka ega bo‘ladi, ammo bu barqarorlik davlat rahbarining oilasi va do‘stlari bilan shaxsiy munosabatlari atrofida quriladi. Ushbu turdagi jamiyatda “crony capitalism” (faqat tanish-bilishlar uchun bo‘lgan kapitalizm) iqtisodiy tizimi rivojlanadi”, degan u.

Professor Fukuyama mamlakat rivojlanishi uchun patrimonial tizimni orqada qoldirib, barcha uchun inklyuziv, ya’ni fuqarolar prezident yoki kuchli elita bilan shaxsiy munosabatlarsiz ham davlatga aloqador bo‘la oladigan tizimni yaratish kerakligini ta’kidlagan.

Olim demokratiya ravnaqi uchun zarur sharoit haqida fikr bildirar ekan, bu borada tanqidiy fikrlashni shakllantiradigan ta’lim muhim ekanini urg‘ulagan.

“Poshshoyimiz charchab qolmasin” – Yulduz Usmonova Shavkat Mirziyoyev haqiga duo qildi

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova jonli efirda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini qiziqtirgan savollarga javob berar ekan, joriy yil 24 - oktabr kuni o‘tadigan prezidentlik saylovida kimga ovoz berishi haqida ham gapirib o‘tdi, deb xabar berdi Daryo.uz nashri.

“Prujinani bosib-bosib qo‘yib yuborsang, u uzoqqa otilib ketadi. Mana hozir tobora rivojlanyapmiz, balki O‘zbekiston uchun yashab o‘tgan kunlarimiz kerak bo‘lgandir. Hozir bizda shunaqa o‘sish ketyapti, hamma joy chiroyli, odamlar erkin, ular nima o‘ylashidan, qanday fikr bildirishdan qo‘rqmayapti. Bu juda yaxshi. Haqiqatan ham, hammasi yaxshi. Agar paxta qo‘ya olganimda, qalinidan qo‘yardim”, degan xonanda.

Yu.Usmonova prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirar ekan, boshqalarni ham uni duo qilishga chaqirgan.

“Poshshoyimizga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Duolarimda shu odam. Shu odam mana shu ketishda uyoq-buyoqqa burilmay, mana shunday ketaversinlar. Demokratiyamiz shunday ketaversin. Men shunday qo‘rqaman buzilib qolmasin yo‘limiz, mashinamiz tormoz olib, tutab qolmasin, deb. Hozir yaxshi ketyapmiz. Shuning uchun mana shu saylovda men shu odam bilanman. Juda yaxshi odam. Ko‘z tegmasin! Yurtimizga, erkinligimizga ko‘z tegmasin, duo qilinglar. U odamni ham duo qilinglar – poshshoyimizni, charchab qolmasin. Nazar charchatadi”, degan u.

Yu.Usmonova 2018 - yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoniga muvofiq “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Yarim milliard so‘mlik davlat xaridi tanlovi bir tadbirkorga tegishli uch korxona ishtirokida o‘tdi

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi Burchmulla o‘rmon xo‘jaligi kiparis daraxti xaridi bo‘yicha tanlov o‘tkazdi. Unda uchta ishtirokchi qatnashdi – uchala korxona ham ayni bir shaxsga tegishli (www.kun.uz, 9 - avgust).

Tanlov natijalariga ko‘ra, “MTM Ta’minot” MChJ 2,5-3 metrlik kiparis daraxtining har birini 270 ming so‘mdan, jami 1640ta ko‘chat xarid qilish uchun shartnoma tuzilgan. Shartnoma qiymati – 442,8 mln so‘m. Tanlovda, shuningdek, “Munis Kelajak Iqbol” XK va “Mega Baraka Sof” MChJ ham o‘z taklifi bilan qatnashgan. Ma’lum bo‘lishicha, yuqoridagi uchala korxona ham bir kishiga – Egamberdiyev Ravshan Valiyevichga tegishli.

Burchmulla o‘rmon xo‘jaligi 2021 - yil may oyida o‘tkazgan boshqa bir tanlovda xo‘jalik rahbarining o‘g‘liga tegishli korxona g‘olib chiqqan.

Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov auksion yoki tenderda affillangan shaxslar (rasmiy ravishda biriktirilgan shaxslar jamoasi) bitta lotda qatnashishi taqiqlanishini aytgan.

Avvalroq respublika bo‘yicha byudjet buyurtmachilari tomonidan qiymati 141 mlrd so‘mlik 458ta tanlovda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlarning talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani xabar qilingan edi.

XS
SM
MD
LG